Мақолани .pdf форматда юклаб олиш
Imom Al-Buxoriy rahimahullohning e`tiqodi
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (194-256/810-870) rahmatullohi alayhi ulug` vatandoshimiz, muhaddislar amiri va islomning eng buyuk ulamolaridan biri hisoblanadi. U zot bashariyat tomonidan bitilgan eng to`g`ri, eng sahih hadislar to`plamining muallifidirlar. Imom al-Buxoriy rahimahulloh ahli sunnat va jamoatning eng ko`zga ko`ringan olimi sifatida o`z aqidaviy qarashlarini ham bayon qilib ketganlar. Uning e`tiqodiy fikrlari va bu e`tiqodga dalil bo`lgan ma`lumotlarni keyingi avlod ko`z qorachig`idek saqlab va ularga bekamu ko`st amal qilib keladi. Imom al-Buxoriy rahimahulloh o`z aqidalarini bayon qilar ekanlar, unga jami ustozlari, butun islom olamidagi eng taniqli ulamolar qo`shilganligini, hamfikr ekanligini aytib, o`sha ulamolarning muborak nomlarini birma-bir zikr qilib chiqqanlar. Bu esa Imom al-Buxoriy rahimahullohning e`tiqodi naqadar to`g`ri ekanini, bizlar ham ushbu aqidada hayot kechirmog`imiz lozimligini bildiradi. Bu esa ahli sunnat va jamoatning eng ustuvor aqoidi ekanini ta`kidlashimiz kerak.
Imom al-Buxoriy rahimahullohning e`tiqodi Ibn Asokir rahimahullohning ko`p jildli mashhur “Tarixi madinatu Dimashq” asarida hamda Hibbatulloh al-Lolkoiy rahimahullohning “Sharh usuli e`tiqod Ahl as-sunnat va-l-jamoat” asarida keltirilgan (Qarang: Ibn Asokir. Tarixi madinatu Dimashq. 52-jild. – Riyoz: Dor al-fikr, 1997. – B. 58-60; Hibbatulloh al-Lolkoiy. Sharh usul e`tiqod Ahl as-sunnat va-l-jamoat. 1-jild. – Misr: Dor al-Basirat, 2001. – B. 162-164).
Imom az-Zahabiy rahimahulloh ham Imom al-Buxoriy rahimahullohning mazkur aqidaviy matniga “Siyar a`lom an-nubalo” asarida o`zining rivoyat isnodi bilan ishora qilib ketganlar (Qarang: Shamsiddin az-Zahabiy. Siyar a`lom an-nubalo. 12-jild. – Bayrut: Muassasa ar-Risola, 1983. – B. 407-408).
Aytib o`tganimizdek, Imom al-Buxoriy rahimahulloh o`z aqidalarini bayon qilishdan oldin ushbu aqidalarga jami ustozlari va butun islom olamidagi eng taniqli ulamolar qo`shilganligini, unga hamfikr ekanligini alohida qayd qilganlar. Ushbu aqidalar majmui naqadar haq ekanini, ahli sunnat va jamoatning ushbu aqoidlar ta`limoti naqadar to`g`ri ekanini bildiradi. Biz ham “Ulamolar va aziz avliyolarning nomlarini zikr qilishda baraka bor!”, deganlaridek, ularni birma-bir o`qib chiqamiz.
Imom al-Buxoriy rahimahulloh o`z ustozlari – ulamolarning muborak nomlarini quyidagicha zikr qiladilar:
“Ilm ahlidan bo`lmish ming nafardan ortiq zotlar bilan uchrashdim. Ular Hijozlik, Makkalik, Madinalik, Ko`falik, Basralik, Vositlik, Bag`dodlik, Shomlik, Misrlik edilar. Ular bilan bir necha martadan, takror-takror, qayta-qayta uchrashganman. Qirq olti yildan beri ular bilan uchrashib kelaman. Ular ilmning koni edilar. Shom, Misr va Jazira ulamolari bilan ikki martadan uchrashdim, Basraga to`rt marta bordim. Yillar davomida qancha-qancha olimlarni ko`rdim. Hijozda olti yil turdim. Ko`fa va Bag`dodga necha bor kirganligimni eslay ham olmayman. Xuroson muhaddislari bilan birga hayot kechirdim.
Ulardan ayrimlari: al-Makkiy ibn Ibrohim, Yahyo ibn Yahyo, Ali ibn al-Hasan ibn Shaqiq, Qutayba ibn Sa`id, Shihob ibn Ma`mar.
Shomdagilar: Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiy, Abu Mushir Abdula`lo ibn Mushir, Abu-l-Mug`iyra Abdulquddus ibn al-Hajjoj, Abu-l-Yamon al-Hakam ibn Nofe`. Ulardan so`ng yana necha-nechalari bilan ko`rishdim.
Misrdagilar: Yahyo ibn Kasir, Lays ibn Sa`dning kotibi Abu Solih, Sa`id ibn Abu Maryam, Asbag` ibn al-Faraj, Nuaym ibn Hammod rahimahumulloh ajma`iyn.
Makkadagilar: Abdulloh ibn Yazid al-Muqriy, al-Humaydiy, Makka qozisi Sulaymon ibn Harb, Ahmad ibn Muhammad al-Azraqiy rahimahumulloh ajma`iyn.
Madinadagilar: Ismoil ibn Abu Uvays, Mutarrif ibn Abdulloh, Abdulloh ibn Nofe` az-Zubayriy, Ahmad ibn Abu Bakr Abu Mus`ab az-Zuhriy, Ibrohim ibn Hamza az-Zubayriy, Ibrohim ibn al-Munzir al-Hizomiy rahimahumulloh ajma`iyn.
Basradagilar: Abu Osim az-Zahhok ibn Maxlad ash-Shayboniy, Abu-l-Valid Hishom ibn Abdulmalik, al-Hajjoj ibn al-Minhol, Ali ibn Abdulloh ibn Ja`far al-Madiniy rahimahumulloh ajma`iyn.
Ko`fadagilar: Abu Nuaym al-Fazl ibn Dukayn, Ubaydulloh ibn Muso, Ahmad ibn Yunus, Qabisa ibn Uqba, Ibn Numayr, Abdulloh ibn Abu Shayba va Usmon ibn Abu Shayba rahimahumulloh ajma`iyn.
Bag`doddagilar: Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Ma`in, Abu Ma`mar, Abu Xaysama, Abu Ubayd al-Qosim ibn Sallom rahimahumulloh ajma`iyn.
Jazira ahlidan bo`lmish: Amr ibn Xolid al-Harroniy rahimahulloh.
Vositdagilar: Amr ibn Avn va Osim ibn Ali ibn Osim va Ali ibn Osim rahimahumulloh ajma`iyn.
Marvdagilar: Sadaqa ibn al-Fazl, Ishoq ibn Ibrohim al-Hanzaliy rahimahumulloh ajma`iyn.
Qisqartirgan holda ushbu ulamolarning nomlari bilan kifoyalanamiz. Toki gap cho`zilib ketmasin!”.
Imom al-Buxoriy rahimahulloh ana shu ustozlarining muborak nomlarini birma-bir zikr qilar ekanlar, o`z aqidasiga ular ham hamfikr ekanliklarini alohida qayd qiladilar. Bu ahli sunnat va jamoat ulamolarining yakdil aqidasidir. Imom al-Buxoriy rahimahulloh hazratlari aqidalarni zikr qilib qo`yavermasdan, har bir aqidaviy qoidani asoslash maqsadida oyat va hadislardan dalil keltirib isbotlab ham ketganlar. Demak, Imom al-Buxoriy rahimahullohning aqidalari mujmui quyidagichadir:
Imom al-Buxoriy rahimahulloh aqidasi
Bismillahir rohmanir rohiym.
فما رأيتُ واحدا منهم يختلف فى هذه الأشياء
“Ushbu nomlari zikr qilingan ulamolardan birortalari quyidagi masalalarda ixtilof qilganlarini ko`rmadim”.
(Ya`ni, Imom al-Buxoriy rahimahulloh yuqorida nomlarini birma-bir zikr qilgan ulamolar va ahli sunnat va jamoatning boshqa ulamoalari ham quyida qayd qilinmoqchi bo`lgan aqialar majmuiga ittifoq qilganlar. Ulardan birortalari bu borada xilof gap aytmaganlar).
أنّ الدين قول و عملٌ، و ذلك لقول الله تعالى: «و ما أمِروا الا ليعبدوا الله مخلصين له الدين حنفاء و يُقيموا الصلوة و يؤتوا الزكوة، و ذلك دين القيّمة
“Albatta din so`z va amaldir. Bunga sabab Alloh taoloning gapi bo`lgani uchundir: “Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinini (shirkdan) xolis qilgan, to`g`ri yo`ldan og`magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to`g`ri (haqqoniy) dindir” (Bayyina, 5).
(Din quruq aqidalar majmuidan iborat emas. U so`z bilan birga amalda o`z isbotini topishi kerak bo`lgan hayotiy ta`limotdir. “La iloha illalloh, Muhammadu-r-Rasululloh” kalimasini aytgan va Allohning yagonaligi hamda Muhammad alayhissalomni Uning payg`ambari ekaniga ishongan kimsa, albatta, Alloh va Uning Rasulining buyurgan ko`rsatmalariga amal qilib yashaydi. Imon ham bandaning qilgan amalidan quvvat oladi, nuri charog`on bo`ladi. Amali ko`p inson imonining nuri boshqalarnikiga nisbatan yog`duroq bo`ladi. Mo«min-musulmonning amali ko`paygan sari komil mo«min-musulmon bo`lib boraveradi.).
و أنّ القرآن كلامُ الله غيرُ مخلوقٍ، لقوله تعالى: «إنّ ربّكم الله الذى خلق السموات و الأرض فى ستّة أيّام ثمّ استوى على العرش يغشى الليل النهار يطلبه حثيثا و الشمس و القمر و النجوم مسخّرات بأمره
“Albatta Qur`on Allohning kalomidir, u yaratilmagan. Alloh taoloning gapi bor: “Darhaqiqat, Rabbingiz osmonlaru Yerni olti kunda yaratgan, so`ngra Arsh uzra “mustaviy” bo`lgan, kunga tunni qoplaydigan – uni (ya`ni kunni tun) shitob bilan quvadi – quyosh, oy, yulduzlarni O`z amriga musaxxar (mute) qilib qo`ygan Allohdir…” (A`rof, 54).
(Qur`oni karim Alloh taoloning kalomidir. Kalom sifati esa Uning zotiy sifatlari jumlasidan bo`lib, yaratilgan – keyin paydo bo`lgan emas. Qur`onning mushaflarga yozilishi, tilovat va qiroat qilinishi, xotirada saqlanib kelishi kabilar esa banda tomonidan amalga oshiriladigan, Alloh taoloning yaratganlaridir. “A`rof surasi”ning 54-oyatida Alloh taolo o`zi yaratgan narsalarining eng kattalarini birma-bir zikr qilgan. Ular orasida koinotlardan ham kattaroq bo`lmish Arsh ham bor. Mazkur oyatdagi “so`ngra Arsh uzra “mustaviy” bo`lgan”, degan jumla mutashobeh bo`lib, uning haqiqiy ma`nosini Alloh taoloning O`zi biladi. Alloh taolo zikr qilgan, O`zi yaratgan narsalari orasida Qur`on qayd qilinmagani sababli Imom al-Buxoriy rahimahulloh ushbu oyatni “Qur`on yaratilgan emas!”, degan aqidaga dalil qilganlar.).
قال أبو عبد الله محمد بن اسماعيل: قال ابن عيينة: فبيّن الله الخلق من الأمر، لقوله تعالى: «ألا له الخلقُ و الأمرُ تبارك الله ربُّ العالمين
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil (al-Buxoriy) aytadi: Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh: “Alloh taolo xalqqa buyruqlarini ochiq bayon qildi”, deganlar. Bunga Alloh taoloning gapi bor: “Ogoh bo`lingizki, yaratish va buyurish Unga xosdir. Olamlarning Rabbi bo`lmish Alloh barakotlidir” (A`rof, 54).
(Sufyon ibn Uyayna al-Hiloliy al-Ko`fiy (107-198/725-814) rahimahulloh taba`a tobe`inlar jumlasidan bo`lib, yuz nafarga yaqin tobe`inlarga shogird bo`lgan, islomning buyuk ulamolaridan biridir. Bu zot Imom al-Buxoriy rahimahullohning ustozlarining ustozi hisoblanadi.
Albatta Alloh taoloning amrlari, buyruqlari, ko`rsatmalari ochiq-ravshan va aniq ifodalangan. Alloh taolo o`z ko`rsatmalarini bandalariga to`la va mukammal yetkazish uchun Payg`ambarlarni yuborib qo`yibdi, muqaddas kitoblarni nozil qilgan. “A`rof surasi”ning 54-oyatida kelganidek, dunyoda bo`layotgan barcha ishlar Alloh taoloning yaratishi va amri bilan sodir bo`ladi. Hech bir ish Allohning irodasisiz yuzaga chiqmaydi.).
و أنّ الخير و الشرّ بقَدَر، لقوله تعالى: «قل أعوذ بربّ الفلق من شرّ ما خلق». و لقوله تعالى: «و الله خلقكم و ما تعملون». و لقوله تعالى: «إنا كلّ شئ خلقناه بقدر
“Albatta yaxshilik va yomonlik taqdir bilan bo`ladi. Bunga Alloh taoloning gapi bor: “(Ey, Muhammad!) Ayting: “Panoh tilab iltijo qilurman tong Parvardigoriga, yaratgan narsalari yovuzligidan” (Falaq, 1-2). Yana Alloh bunday degan: “Holbuki, sizlarni ham, sig`inayotgan butlaringizni ham Alloh yaratgan-ku?!” (Soffot, 96). Yana Alloh bunday degan: “Albatta Biz har bir narsani o`lchov bilan yaratdik” (Qamar, 49).
(Taqdir – “o`lchov” bo`lib, koinotdagi yaralmishlarning rizq-ro`zi, xatti-harakati, hayoti-mamoti o`lchov bilan yaratilgandir. Taqdirning yaxshi-yomonligi – bari Alloh taolodandir. Yaxshilikni ham, yomonlikni ham Alloh yaratgan. Bandaning qilayotgan amali va qilmishining barchasini Alloh yaratgan. Faqat yomonlikka Alloh rozi emas. Ushbu aqida ahli sunnat va jamoatning eng muhim ta`limotlaridan bo`lgani bois Imom al-Buxoriy rahimahulloh unga Qur`oni karimdan olingan uchta oyatni dalil qilib keltirganlar.).
و لم يكونوا يكفّرون أحدا من أهل القبلة بالذنب، لقوله تعالى: «إنّ الله لا يغفر ان يُشرك به و يغفر ما دون ذلك لمن يشاء
“Ulamolarning barchasi qibla ahlidan bo`lgan biror kimsani gunoh sababli kofirga chiqarmaganlar. Bunga Alloh taoloning gapi bor: “Albatta, Alloh o`ziga (biror narsa) sherik qilinishini kechirmaydi. Bundan o`zga (gunohlar)ni (O`zi) xohlagan kishilar uchun kechirgay” (Niso, 116).
(“Qibla ahli”dan murod Makka shahridagi Ka`batullohni qibla deb e`tiqod qiladigan, kalimago`y mo«minlardir. “Takfir” esa biror bir musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarish bo`lib, ahli sunnat va jamoat ulamolari bundan qattiq qaytarganlar. Bu aqida xavorijlar va ularga ergashganlarga raddiyadir. Ular yuzlab sahobalarni kofirga chiqarib o`ldirib yubordilar. Payg`ambar alayhissalomning ikkala qizlariga uylangan, Qur`oni karimni jam qilib, kitob holiga keltirgan Hazrati Usmon raziyallohu anhuni o`ldirib yubordilar, Payg`ambar alayhissalomning eng sevimli qizlariga uylangan, ahli baytlaridan hisoblanadigan Hazrati Ali karramallohu vajhahuni butun oilasi bilan qirib yubordilar. Xuddi shunday, badbaxt xavorijlar sahobalarni-da, mo«min-musulmonlarni-da kofirga chiqaraverdilar, qirib yuboraverdilar, lekin, ularning shuncha qilmishi sababli hech bir sahoba, hech bir ulamo ularning o`zlarini kofirga chiqarmagandilar. Ha, mo«min-musulmon qanchalik ko`p gunoh-ma`siyat qilsa ham, qanchalik ko`p bid`atga sho`ng`igan bo`lsa ham kofir deyilmaydi. Garchi o`sha fosiq musulmon qilgan gunohlariga tavba qilmasdan o`lib ketsa ham, do`zaxda abadiy qoladi, deb hukm qilinmaydi. Chunki, uning hukmi yolg`iz Alloh taologa havoladir. Allohning o`zi xohlasa, gunohlarni afv qiladi, xohlasa adolat qiladi. Shirkni esa tavba qilmaguncha kechirmaydi. Bunga Imom al-Buxoriy rahimahulloh “Niso surasi”ning 116-oyatini dalil qilganlar.).
و ما رأيتُ فيهم أحدا يتناول أصحاب محمّدٍ صلى الله عليه و سلم. قالت عائشة رضى الله عنها: أمروا أن يستغفروا لهم. و ذلك قوله تعالى: «و الذين جآءوا من بعدهم يقولون ربّنا اغفر لنا و لإخواننا سبقونا بالإيمان و لا تجعل فى قلوبنا غلّا للّذين ءامنوا ربّنا إنّك رؤوفٌ رحيمٌ
“Ulamolardan birortasining Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning sahobalariga ta`na qilganlarini ko`rmadim. Zotan, Oysha raziyallohu anho: “Mo«min-musulmonlar sahobalarga istig`for aytishga buyurilganlar”, deganlar. Bu Allohning mana bu amridir: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey, Rabbimiz! O`zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o`tganlarni mag`firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdisan!” (Hashr, 10).
(Sahobalarning barchasini yaxshilik bilan eslaymiz. Ulardan birortasini ayblamaymiz, ularga ta`na-dashnom qilmaymiz. Bu aqida haddan oshgan shialarning bir toifasiga raddiyadir. Oysha onamiz raziyallohu anho xavorijlar ilk bor xuruj qilgan va katta sahobalarni ayblab, ta`na-dashnom qilib, urush-janjal chiqargan vaqtda: “Axir, mo«min-musulmonlar sahobalarga istig`for aytishga buyurilgan emasmilar!?”, degan va “Hashr surasi”ning 10-oyatini aytib bergan ekanlar. Bu oyati karimaga ko`ra, o`tgan jami mo«min-musulmonlarni yaxshilik bilan eslashimiz kerak. Oddiy musulmon o`lganidan so`ng, uning ortidan yomonliklari eslab oshkora qilinmaydi. Bu mo«minlik burchidir. Agar o`sha mo«min-musulmon Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sahobalari bo`lsa, u holda, umuman, ular to`g`risidan, zarracha ham yomon gapirilmaydi. “Hashr surasi”ning 10-oyatida kelgan duoni hamma o`qib yurgani maqbul.).
و كانوا ينهون عن البدع، ما لم يكن عليه النبىّ صلى الله عليه و سلم و أصحابه، لقوله تعالى: «و اعتصموا بحبل الله جميعًا و لا تفرّقوا». و لقوله تعالى: و إن تطيعوه تهتدوا
“Ulamolarning barchasi Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam va uning sahobalari qilmagan (va aytmagan) ishlardan – bid`atlardan qaytardilar. Bunga Alloh taoloning gapi bor: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur`onini) mahkam tuting va firqalarga bo`linmang!” (Oli Imron, 103). Yana Alloh bunday degan: “Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz” (Nur, 54).
(“Bid`at” bu o`zboshimchalik bilan dinga kiritilgan yangiliklar bo`lib, ular to`g`risida na biron bir dalil, na biror bir dalildan ishora va na biron bir sahobaning qilgani yoki aytgani bor bo`ladi. Bunday ishlar zalolatga boshlovchi bid`atlar deb ataladi. Ahli sunnat va jamoat ta`limoti ana shunday bid`atlardan xoli eng sof va eng pokiza aqidalar va amaliyotlar majmuidir. Bu yo`ldan og`ishish esa firqalanish bo`lib, Alloh taolo “Oli Imron surasi”ning 103-oyatida firqa-firqa bo`lib olishdan qaytargan. Unga amal qilmaslik firqalar va oqimlar tarkibiga kirib qolishdir. Bid`atlardan saqlanishning eng katta yo`li, Imom al-Buxoriy rahimahulloh keltirgan “Nur surasi”ning 54-oyatida aytilganidek, bu – ulamolar aytgan tariqada Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ergashishdir. Aks holda, hidoyat yo`lidan ajralib qolish hech gap emas. Imom al-Moturidiy rahmatullohi alayhini bekorga “Hidoyat imomi” deb ulug`lanmaydi, Burhoniddin al-Marg`inoniy rahmatullohi alayhining shoh asari bekorga “Hidoyat” deb nomlanmaydi. Bularga ergashish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ergashmoqdir, ularning aytganlariga itoat ayni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga itoatdir!).
و يحثون على ما كان عليه النبىّ صلى الله عليه و سلم و أتباعُه، لقوله تعالى: و أنّ هذا صراطى مستقيمًا فاتبعوه، و لا تتبعوا السبل فتفرّق بكم عن سبيله، ذلكم وصّاكم به لعلّكم تتقون
“Ulamolarning barchasi Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam hamda u zotga ergashganlarning yo`li – sunnatiga targ`ib qilganlar. Bunga Alloh taoloning gapi bor: “Albatta, mana shu (Mening) To`g`ri yo`limdir. Unga ergashingiz! (Boshqa turli) yo`llarga ergashmangiz! Aks holda, ular sizlarni Uning yo`lidan ayirib qo`yadi. Taqvoli bo`lishingiz uchun (Allohning) qilgan hukm(lar)i mana shu(lar)dir” (An`om, 153).
(Payg`ambarga itoat qilmoq Allohning o`ziga itoat etmoqdir! Payg`ambarga itoat qilganlarga itoat etmoq Payg`ambarning o`ziga ergashmoqdir! Alloh taolo “An`om surasi”ning 153-oyatida aytgan To`g`ri yo`l mana shudir! Kimki buning aksini qilsa, bunga xilof gap aytsa, Payg`ambarga itoat qilishdan bo`yin tovlasa, Payg`ambarga itoat qilayotganlarga ta`na qilsa, Alloh uni To`g`ri yo`ldan ayirib qo`yadi. Bu aqidaga ittifoq qilib o`tgan ahli sunnat va jamoat ulamolariga ergashmoqlik najot yo`lidir.).
و أن لا ننازع الأمر أهله، لقول النبىّ صلى الله عليه و سلم: «ثلاثٌ لا يغلّ عليهنّ قلبُ امرئٍ مسلمٍ: إخلاص العمل لله، و طاعة وُلاة الأمر، و لزوم جماعتهم. فإنّ دعوتهم تحيط من ورائهم
ثمّ أكّد فى قوله تعالى: «أطيعوا الله و أطيعوا الرسول و أولى الأمر منكم
“Ishboshilar bilan ish bo`yicha nizo-janjal qilmaymiz! Bu to`g`rida Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning gaplari mavjud: “Uch narsa bor. Ular bo`lsa, musulmon kimsaning qalbi xiyonatkor (qora va illatli) bo`lmaydi. Ular amalda Alloh uchun ixlos qilmoq; ishboshilarga itoat etmoq va musulmonlar jamoasini lozim tutmoqdir. Zotan, musulmonlarning duolari ularni atroflaridan (shayton hiylalari va zalolatdan asrab) o`rab turadi”.
So`ngra Imom al-Buxoriy rahimahulloh bu mavzuni ta`kidlab, Alloh taoloning mana bu oyati karimasini o`qidilar: “Allohga itoat etingiz, Payg`ambarga va o`zlaringizdan (bo`lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso, 59).
(Rahbarlarga itoat etmoq vojib amaldir. Imom al-Buxoriy rahimahulloh ta`kidlab o`qigan “Niso surasi”ning 59-oyati mazmunidan “Podshohning aytgani vojib!”, degan matal yuzaga kelgan. Ahli sunnat va jamoat ulamolarining ittifog`i shuki, din va davlat rahbarlariga itoat etmoq lozim. Ular bilan nizolashuv, janjallashuv, ularga qarshi chiquv aslo (ular zulm-u sitam qilgan taqdirda ham) mumkin emas. Imom al-Buxoriy rahimahulloh keltirgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uchta amalni mahkam ushlagan kimsaning qalbi aslo qoraymasligini bayon qildilar. Birinchisi ixlos bilan toat-ibodat qilmoq bo`lsa, ikkinchisi aynan rahbarlarga itoat etmoqdir. Uchinchisi esa ana shu ikki yo`lni mahkam ushlagan mo«min-musulmonlar jamoasi – ahli sunnat va jamoat yo`li – savodi a`zam – musulmonlarning eng katta qismi bilan birga bo`lmoqdir. Bugungi kunda ana shu ta`limotga amal qilmasdan davlat rahbarlari bilan nizolashuvga, janjallashuvga va qarshi chiquvga borganlar din va dunyoning behad zarar ko`ruviga sabab bo`lmoqdalar. Ahli sunnat va jamoatning barcha ulamolarining fikri esa Imom al-Buxoriy rahimahulloh aytganlaridekdir: “Biz ishboshilar bilan nizo-janjal qilmaymiz!”.
Mo«minning qalbini qoraytirmaydigan uch narsa haqidagi hadisi sharifni quyidagi muhaddislar naql qilganlar: Ibn Moja, 1/236; Ibn Hibbon, 2/680; Ahmad, 5/21630; Hokim, 1/297; Tabaroniy, 5/4890).
و ألا نرى السيف على أمّة محمدٍ صلى الله عليه و سلم
“Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning ummatiga qarshi qurol ko`tarmaymiz!”.
(Bu ahli sunnat va jamoatning o`ta muhim va juda dolzarb aqidasidir. Biz musulmonlarga qarshi kurashmaymiz, mo«min-musulmon bo`lib tanilgan biror kimsani qasddan o`ldirmaymiz, musulmonlarni o`ldirishni “jihod” deb atamaymiz! Musulmonlar yurtida urush-janjal chiqarayotganlar, masjidlarni portlatib yuborayotganlar, mo«min-musulmonlarning yaxshi-yomonini, tinch-totuv yashab kelayotgan aholining barchasini birdaniga ommaviy qirib yuborayotganlar Imom al-Buxoriy rahimahulloh aytgan ahli sunnat va jamoatning ana shu aqidasiga teskari ish qilayotgan nokaslardir!).
و قال الفضيل قدّس سِرّه: «لو كانت لى دعوة مستجابة لم أجعلها إلا فى إمامٍ، لأنّه إذا صلح الإمام أمِن البلاد و العباد». قال ابن المبارك رحمه الله: «يا معلم الخير، من يجترئ على هذا غيرك
“Fuzayl ibn Iyoz quddisa sirruhu bunday deganlar: “Agar mening mustajob bo`ladigan bitta duoyim bo`lganida edi, uni faqatgina podshoh haqqida duoi xayr qilgan bo`lardim! Chunki, podshoh solih bo`lsa, shaharlar va bandalar omonda bo`ladi”. Abdulloh ibn al-Muborak rahimahulloh buni eshitib, “Ey, yaxshilikni o`rgatuvchi! Sizdan boshqa kim ham buni qila olardi!”, degan ekanlar.
(Abu Ali az-Zohid Fuzayl ibn Iyoz al-Yarbu`iy al-Xurosoniy (105-187/723-803) quddisa sirruhu islomning eng taniqli zohid mutasavviflaridan biridir. U zot Imomi A`zam Abu Hanifa rahimahullohning shogirdlaridan bo`lishi bilan birga Imom al-Buxoriy rahimahullohning ustozlarining ustozidirlar. Shu jumladan, Imom ash-Shofe`iy rahimahulloh, Sufyon as-Savriy rahimahulloh, Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh, Abdulloh ibn al-Muborak rahimahulloh, Yahyo al-Qatton rahimahulloh, muhaddis Abdurrazzoq rahimahulloh, Abdurrahmon ibn Mahdiy rahimahulloh, Imom al-Asma`iy rahimahulloh va boshqalar uning shogirdlari hisoblanadi. Hadis rivoyatida ishonchli zotdir.
Abdulloh ibn al-Muborak al-Marvaziy (118-181/736-797) rahimahulloh islomning eng buyuk ulamolaridan, taniqli muhaddis olimlaridan biridir. U zot ham Imomi A`zam Abu Hanifa rahimahullohning shogirdlaridan hisoblanadi. Bir necha asarlar ham bitganlar. Hadis rivoyatida ishonchli zotdir.
Imom al-Buxoriy rahimahulloh aytganlaridek, Fuzayl ibn Iyoz quddisa sirruhu podshohlarni duoi xayr qilish kerakligini, ularni aslo duoi bad qilib bo`lmasligining ahamiyatini bildirib, “Agar mening mustajob bo`ladigan bitta duoyim bo`lganida edi, uni faqatgina podshoh haqqida duoi xayr qilgan bo`lardim! Chunki, podshoh solih bo`lsa, shaharlar va bandalar omonda bo`ladi”, deganlar. Uni Imom al-Buxoriy rahimahullohning ustozlari Abu Nuaym rahimahulloh “Hilyat al-avliyo” asarlarida zikr qilganlar (8/91-92).
Fuzayl ibn Iyoz quddisa sirruhuning gaplarini eshitib, Abdulloh ibn al-Muborak rahimahulloh uning peshonasidan o`pgan va u zotning bu gaplarini qo`llab-quvvatlagan ekanlar.
Albatta biz davlat rahbarlarini duoi xayr qilishimiz kerak. Agar ular bizning duolarimiz barakoti va sharofati bilan yaxshi insonga aylansalar, xayrli ishlarga bosh-qosh bo`lsalar, to`g`ri yo`lga tomon yo`lboshchi va sarbon bo`lsalar, albatta, din va dunyo obod bo`lgusidir. “Odamlar o`z podshohlarining dinida bo`ladi”, degan naql mavjud. Ya`ni, podshoh qanday bo`lsa, uning fuqarolari ham shunday bo`ladi. Binobarin, davlat rahbarlarini duoi xayr qilmoq fuqarolarning o`zlari uchun manfaatlidir. Imom al-Buxoriy rahimahulloh ushbu haqiqatning muhimligini bilib, o`z aqidalarining oxirlarida ushbu hikoyatni keltirib o`tganlar.).
Imom al-Buxoriy rahimahullohning aqoidi va uning sharhi tamom bo`ldi.
Hamidulloh Beruniy
Муҳаммад ибн Исмоил ал-Бухорий (194-256/810-870) раҳматуллоҳи алайҳи улуғ ватандошимиз, муҳаддислар амири ва исломнинг энг буюк уламоларидан бири ҳисобланади. У зот башарият томонидан битилган энг тўғри, энг саҳиҳ ҳадислар тўпламининг муаллифидирлар. Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ аҳли суннат ва жамоатнинг энг кўзга кўринган олими сифатида ўз ақидавий қарашларини ҳам баён қилиб кетганлар. Унинг эътиқодий фикрлари ва бу эътиқодга далил бўлган маълумотларни кейинги авлод кўз қорачиғидек сақлаб ва уларга бекаму кўст амал қилиб келади. Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ ўз ақидаларини баён қилар эканлар, унга жами устозлари, бутун ислом оламидаги энг таниқли уламолар қўшилганлигини, ҳамфикр эканлигини айтиб, ўша уламоларнинг муборак номларини бирма-бир зикр қилиб чиққанлар. Бу эса Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳнинг эътиқоди нақадар тўғри эканини, бизлар ҳам ушбу ақидада ҳаёт кечирмоғимиз лозимлигини билдиради. Бу эса аҳли суннат ва жамоатнинг энг устувор ақоиди эканини таъкидлашимиз керак.
Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳнинг эътиқоди Ибн Асокир раҳимаҳуллоҳнинг кўп жилдли машҳур “Тарихи мадинату Димашқ” асарида ҳамда Ҳиббатуллоҳ ал-Лолкоий раҳимаҳуллоҳнинг “Шарҳ усули эътиқод Аҳл ас-суннат ва-л-жамоат” асарида келтирилган (Қаранг: Ибн Асокир. Тарихи мадинату Димашқ. 52-жилд. – Риёз: Дор ал-фикр, 1997. – Б. 58-60; Ҳиббатуллоҳ ал-Лолкоий. Шарҳ усул эътиқод Аҳл ас-суннат ва-л-жамоат. 1-жилд. – Миср: Дор ал-Басират, 2001. – Б. 162-164).
Имом аз-Заҳабий раҳимаҳуллоҳ ҳам Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳнинг мазкур ақидавий матнига “Сийар аълом ан-нубало” асарида ўзининг ривоят исноди билан ишора қилиб кетганлар (Қаранг: Шамсиддин аз-Заҳабий. Сийар аълом ан-нубало. 12-жилд. – Байрут: Муассаса ар-Рисола, 1983. – Б. 407-408).
Айтиб ўтганимиздек, Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ ўз ақидаларини баён қилишдан олдин ушбу ақидаларга жами устозлари ва бутун ислом оламидаги энг таниқли уламолар қўшилганлигини, унга ҳамфикр эканлигини алоҳида қайд қилганлар. Ушбу ақидалар мажмуи нақадар ҳақ эканини, аҳли суннат ва жамоатнинг ушбу ақоидлар таълимоти нақадар тўғри эканини билдиради. Биз ҳам “Уламолар ва азиз авлиёларнинг номларини зикр қилишда барака бор!”, деганларидек, уларни бирма-бир ўқиб чиқамиз.
Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ ўз устозлари – уламоларнинг муборак номларини қуйидагича зикр қиладилар:
“Илм аҳлидан бўлмиш минг нафардан ортиқ зотлар билан учрашдим. Улар Ҳижозлик, Маккалик, Мадиналик, Кўфалик, Басралик, Воситлик, Бағдодлик, Шомлик, Мисрлик эдилар. Улар билан бир неча мартадан, такрор-такрор, қайта-қайта учрашганман. Қирқ олти йилдан бери улар билан учрашиб келаман. Улар илмнинг кони эдилар. Шом, Миср ва Жазира уламолари билан икки мартадан учрашдим, Басрага тўрт марта бордим. Йиллар давомида қанча-қанча олимларни кўрдим. Ҳижозда олти йил турдим. Кўфа ва Бағдодга неча бор кирганлигимни эслай ҳам олмайман. Хуросон муҳаддислари билан бирга ҳаёт кечирдим.
Улардан айримлари: ал-Маккий ибн Иброҳим, Яҳё ибн Яҳё, Али ибн ал-Ҳасан ибн Шақиқ, Қутайба ибн Саъид, Шиҳоб ибн Маъмар.
Шомдагилар: Муҳаммад ибн Юсуф ал-Фирёбий, Абу Мусҳир Абдулаъло ибн Мусҳир, Абу-л-Муғийра Абдулқуддус ибн ал-Ҳажжож, Абу-л-Ямон ал-Ҳакам ибн Нофеъ. Улардан сўнг яна неча-нечалари билан кўришдим.
Мисрдагилар: Яҳё ибн Касир, Лайс ибн Саъднинг котиби Абу Солиҳ, Саъид ибн Абу Марям, Асбағ ибн ал-Фараж, Нуайм ибн Ҳаммод раҳимаҳумуллоҳ ажмаъийн.
Маккадагилар: Абдуллоҳ ибн Язид ал-Муқрий, ал-Ҳумайдий, Макка қозиси Сулаймон ибн Ҳарб, Аҳмад ибн Муҳаммад ал-Азрақий раҳимаҳумуллоҳ ажмаъийн.
Мадинадагилар: Исмоил ибн Абу Увайс, Мутарриф ибн Абдуллоҳ, Абдуллоҳ ибн Нофеъ аз-Зубайрий, Аҳмад ибн Абу Бакр Абу Мусъаб аз-Зуҳрий, Иброҳим ибн Ҳамза аз-Зубайрий, Иброҳим ибн ал-Мунзир ал-Ҳизомий раҳимаҳумуллоҳ ажмаъийн.
Басрадагилар: Абу Осим аз-Заҳҳок ибн Махлад аш-Шайбоний, Абу-л-Валид Ҳишом ибн Абдулмалик, ал-Ҳажжож ибн ал-Минҳол, Али ибн Абдуллоҳ ибн Жаъфар ал-Мадиний раҳимаҳумуллоҳ ажмаъийн.
Кўфадагилар: Абу Нуайм ал-Фазл ибн Дукайн, Убайдуллоҳ ибн Мусо, Аҳмад ибн Юнус, Қабиса ибн Уқба, Ибн Нумайр, Абдуллоҳ ибн Абу Шайба ва Усмон ибн Абу Шайба раҳимаҳумуллоҳ ажмаъийн.
Бағдоддагилар: Аҳмад ибн Ҳанбал, Яҳё ибн Маъин, Абу Маъмар, Абу Хайсама, Абу Убайд ал-Қосим ибн Саллом раҳимаҳумуллоҳ ажмаъийн.
Жазира аҳлидан бўлмиш: Амр ибн Холид ал-Ҳарроний раҳимаҳуллоҳ.
Воситдагилар: Амр ибн Авн ва Осим ибн Али ибн Осим ва Али ибн Осим раҳимаҳумуллоҳ ажмаъийн.
Марвдагилар: Садақа ибн ал-Фазл, Исҳоқ ибн Иброҳим ал-Ҳанзалий раҳимаҳумуллоҳ ажмаъийн.
Қисқартирган ҳолда ушбу уламоларнинг номлари билан кифояланамиз. Токи гап чўзилиб кетмасин!”.
Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ ана шу устозларининг муборак номларини бирма-бир зикр қилар эканлар, ўз ақидасига улар ҳам ҳамфикр эканликларини алоҳида қайд қиладилар. Бу аҳли суннат ва жамоат уламоларининг якдил ақидасидир. Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ ҳазратлари ақидаларни зикр қилиб қўявермасдан, ҳар бир ақидавий қоидани асослаш мақсадида оят ва ҳадислардан далил келтириб исботлаб ҳам кетганлар. Демак, Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳнинг ақидалари мужмуи қуйидагичадир:
Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ ақидаси
Бисмиллаҳир роҳманир роҳийм.
فما رأيتُ واحدا منهم يختلف فى هذه الأشياء
“Ушбу номлари зикр қилинган уламолардан бирорталари қуйидаги масалаларда ихтилоф қилганларини кўрмадим”.
(Яъни, Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ юқорида номларини бирма-бир зикр қилган уламолар ва аҳли суннат ва жамоатнинг бошқа уламоалари ҳам қуйида қайд қилинмоқчи бўлган ақиалар мажмуига иттифоқ қилганлар. Улардан бирорталари бу борада хилоф гап айтмаганлар).
أنّ الدين قول و عملٌ، و ذلك لقول الله تعالى: «و ما أمِروا الا ليعبدوا الله مخلصين له الدين حنفاء و يُقيموا الصلوة و يؤتوا الزكوة، و ذلك دين القيّمة
“Албатта дин сўз ва амалдир. Бунга сабаб Аллоҳ таолонинг гапи бўлгани учундир: “Ҳолбуки, улар фақат ягона Аллоҳга, Унинг учун динини (ширкдан) холис қилган, тўғри йўлдан оғмаган ҳолларида ибодат қилишга ва намозни баркамол адо этишга ҳамда закот беришга буюрилган эдилар. Мана шу тўғри (ҳаққоний) диндир” (Баййина, 5).
(Дин қуруқ ақидалар мажмуидан иборат эмас. У сўз билан бирга амалда ўз исботини топиши керак бўлган ҳаётий таълимотдир. “Ла илоҳа иллаллоҳ, Муҳаммаду-р-Расулуллоҳ” калимасини айтган ва Аллоҳнинг ягоналиги ҳамда Муҳаммад алайҳиссаломни Унинг пайғамбари эканига ишонган кимса, албатта, Аллоҳ ва Унинг Расулининг буюрган кўрсатмаларига амал қилиб яшайди. Имон ҳам банданинг қилган амалидан қувват олади, нури чароғон бўлади. Амали кўп инсон имонининг нури бошқаларникига нисбатан ёғдуроқ бўлади. Мўъмин-мусулмоннинг амали кўпайган сари комил мўъмин-мусулмон бўлиб бораверади.).
و أنّ القرآن كلامُ الله غيرُ مخلوقٍ، لقوله تعالى: «إنّ ربّكم الله الذى خلق السموات و الأرض فى ستّة أيّام ثمّ استوى على العرش يغشى الليل النهار يطلبه حثيثا و الشمس و القمر و النجوم مسخّرات بأمره
“Албатта Қуръон Аллоҳнинг каломидир, у яратилмаган. Аллоҳ таолонинг гапи бор: “Дарҳақиқат, Раббингиз осмонлару Ерни олти кунда яратган, сўнгра Арш узра “муставий” бўлган, кунга тунни қоплайдиган – уни (яъни кунни тун) шитоб билан қувади – қуёш, ой, юлдузларни Ўз амрига мусаххар (муте) қилиб қўйган Аллоҳдир…” (Аъроф, 54).
(Қуръони карим Аллоҳ таолонинг каломидир. Калом сифати эса Унинг зотий сифатлари жумласидан бўлиб, яратилган – кейин пайдо бўлган эмас. Қуръоннинг мусҳафларга ёзилиши, тиловат ва қироат қилиниши, хотирада сақланиб келиши кабилар эса банда томонидан амалга ошириладиган, Аллоҳ таолонинг яратганларидир. “Аъроф сураси”нинг 54-оятида Аллоҳ таоло ўзи яратган нарсаларининг энг катталарини бирма-бир зикр қилган. Улар орасида коинотлардан ҳам каттароқ бўлмиш Арш ҳам бор. Мазкур оятдаги “сўнгра Арш узра “муставий” бўлган”, деган жумла муташобеҳ бўлиб, унинг ҳақиқий маъносини Аллоҳ таолонинг Ўзи билади. Аллоҳ таоло зикр қилган, Ўзи яратган нарсалари орасида Қуръон қайд қилинмагани сабабли Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ ушбу оятни “Қуръон яратилган эмас!”, деган ақидага далил қилганлар.).
قال أبو عبد الله محمد بن اسماعيل: قال ابن عيينة: فبيّن الله الخلق من الأمر، لقوله تعالى: «ألا له الخلقُ و الأمرُ تبارك الله ربُّ العالمين
Абу Абдуллоҳ Муҳаммад ибн Исмоил (ал-Бухорий) айтади: Суфён ибн Уйайна раҳимаҳуллоҳ: “Аллоҳ таоло халққа буйруқларини очиқ баён қилди”, деганлар. Бунга Аллоҳ таолонинг гапи бор: “Огоҳ бўлингизки, яратиш ва буюриш Унга хосдир. Оламларнинг Рабби бўлмиш Аллоҳ баракотлидир” (Аъроф, 54).
(Суфён ибн Уйайна ал-Ҳилолий ал-Кўфий (107-198/725-814) раҳимаҳуллоҳ табаъа тобеъинлар жумласидан бўлиб, юз нафарга яқин тобеъинларга шогирд бўлган, исломнинг буюк уламоларидан биридир. Бу зот Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳнинг устозларининг устози ҳисобланади.
Албатта Аллоҳ таолонинг амрлари, буйруқлари, кўрсатмалари очиқ-равшан ва аниқ ифодаланган. Аллоҳ таоло ўз кўрсатмаларини бандаларига тўла ва мукаммал етказиш учун Пайғамбарларни юбориб қўйибди, муқаддас китобларни нозил қилган. “Аъроф сураси”нинг 54-оятида келганидек, дунёда бўлаётган барча ишлар Аллоҳ таолонинг яратиши ва амри билан содир бўлади. Ҳеч бир иш Аллоҳнинг иродасисиз юзага чиқмайди.).
و أنّ الخير و الشرّ بقَدَر، لقوله تعالى: «قل أعوذ بربّ الفلق من شرّ ما خلق». و لقوله تعالى: «و الله خلقكم و ما تعملون». و لقوله تعالى: «إنا كلّ شئ خلقناه بقدر
“Албатта яхшилик ва ёмонлик тақдир билан бўлади. Бунга Аллоҳ таолонинг гапи бор: “(Эй, Муҳаммад!) Айтинг: “Паноҳ тилаб илтижо қилурман тонг Парвардигорига, яратган нарсалари ёвузлигидан” (Фалақ, 1-2). Яна Аллоҳ бундай деган: “Ҳолбуки, сизларни ҳам, сиғинаётган бутларингизни ҳам Аллоҳ яратган-ку?!” (Соффот, 96). Яна Аллоҳ бундай деган: “Албатта Биз ҳар бир нарсани ўлчов билан яратдик” (Қамар, 49).
(Тақдир – “ўлчов” бўлиб, коинотдаги яралмишларнинг ризқ-рўзи, хатти-ҳаракати, ҳаёти-мамоти ўлчов билан яратилгандир. Тақдирнинг яхши-ёмонлиги – бари Аллоҳ таолодандир. Яхшиликни ҳам, ёмонликни ҳам Аллоҳ яратган. Банданинг қилаётган амали ва қилмишининг барчасини Аллоҳ яратган. Фақат ёмонликка Аллоҳ рози эмас. Ушбу ақида аҳли суннат ва жамоатнинг энг муҳим таълимотларидан бўлгани боис Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ унга Қуръони каримдан олинган учта оятни далил қилиб келтирганлар.).
و لم يكونوا يكفّرون أحدا من أهل القبلة بالذنب، لقوله تعالى: «إنّ الله لا يغفر ان يُشرك به و يغفر ما دون ذلك لمن يشاء
“Уламоларнинг барчаси қибла аҳлидан бўлган бирор кимсани гуноҳ сабабли кофирга чиқармаганлар. Бунга Аллоҳ таолонинг гапи бор: “Албатта, Аллоҳ ўзига (бирор нарса) шерик қилинишини кечирмайди. Бундан ўзга (гуноҳлар)ни (Ўзи) хоҳлаган кишилар учун кечиргай” (Нисо, 116).
(“Қибла аҳли”дан мурод Макка шаҳридаги Каъбатуллоҳни қибла деб эътиқод қиладиган, калимагўй мўъминлардир. “Такфир” эса бирор бир мусулмонни гуноҳи сабабли кофирга чиқариш бўлиб, аҳли суннат ва жамоат уламолари бундан қаттиқ қайтарганлар. Бу ақида хаворижлар ва уларга эргашганларга раддиядир. Улар юзлаб саҳобаларни кофирга чиқариб ўлдириб юбордилар. Пайғамбар алайҳиссаломнинг иккала қизларига уйланган, Қуръони каримни жам қилиб, китоб ҳолига келтирган Ҳазрати Усмон разийаллоҳу анҳуни ўлдириб юбордилар, Пайғамбар алайҳиссаломнинг энг севимли қизларига уйланган, аҳли байтларидан ҳисобланадиган Ҳазрати Али каррамаллоҳу важҳаҳуни бутун оиласи билан қириб юбордилар. Худди шундай, бадбахт хаворижлар саҳобаларни-да, мўъмин-мусулмонларни-да кофирга чиқаравердилар, қириб юборавердилар, лекин, уларнинг шунча қилмиши сабабли ҳеч бир саҳоба, ҳеч бир уламо уларнинг ўзларини кофирга чиқармагандилар. Ҳа, мўъмин-мусулмон қанчалик кўп гуноҳ-маъсият қилса ҳам, қанчалик кўп бидъатга шўнғиган бўлса ҳам кофир дейилмайди. Гарчи ўша фосиқ мусулмон қилган гуноҳларига тавба қилмасдан ўлиб кетса ҳам, дўзахда абадий қолади, деб ҳукм қилинмайди. Чунки, унинг ҳукми ёлғиз Аллоҳ таолога ҳаволадир. Аллоҳнинг ўзи хоҳласа, гуноҳларни афв қилади, хоҳласа адолат қилади. Ширкни эса тавба қилмагунча кечирмайди. Бунга Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ “Нисо сураси”нинг 116-оятини далил қилганлар.).
و ما رأيتُ فيهم أحدا يتناول أصحاب محمّدٍ صلى الله عليه و سلم. قالت عائشة رضى الله عنها: أمروا أن يستغفروا لهم. و ذلك قوله تعالى: «و الذين جآءوا من بعدهم يقولون ربّنا اغفر لنا و لإخواننا سبقونا بالإيمان و لا تجعل فى قلوبنا غلّا للّذين ءامنوا ربّنا إنّك رؤوفٌ رحيمٌ
“Уламолардан бирортасининг Муҳаммад Мустафо соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг саҳобаларига таъна қилганларини кўрмадим. Зотан, Ойша разийаллоҳу анҳо: “Мўъмин-мусулмонлар саҳобаларга истиғфор айтишга буюрилганлар”, деганлар. Бу Аллоҳнинг мана бу амридир: “Улардан кейин (дунёга) келган зотлар айтурлар: “Эй, Раббимиз! Ўзинг бизларни ва биздан илгари имон билан ўтганларни мағфират этгин ва қалбларимизда имон келтирган зотларга нисбатан гина пайдо қилмагин! Эй, Раббимиз! Албатта, Сен меҳрибон ва раҳмли зотдисан!” (Ҳашр, 10).
(Саҳобаларнинг барчасини яхшилик билан эслаймиз. Улардан бирортасини айбламаймиз, уларга таъна-дашном қилмаймиз. Бу ақида ҳаддан ошган шиаларнинг бир тоифасига раддиядир. Ойша онамиз разийаллоҳу анҳо хаворижлар илк бор хуруж қилган ва катта саҳобаларни айблаб, таъна-дашном қилиб, уруш-жанжал чиқарган вақтда: “Ахир, мўъмин-мусулмонлар саҳобаларга истиғфор айтишга буюрилган эмасмилар!?”, деган ва “Ҳашр сураси”нинг 10-оятини айтиб берган эканлар. Бу ояти каримага кўра, ўтган жами мўъмин-мусулмонларни яхшилик билан эслашимиз керак. Оддий мусулмон ўлганидан сўнг, унинг ортидан ёмонликлари эслаб ошкора қилинмайди. Бу мўъминлик бурчидир. Агар ўша мўъмин-мусулмон Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг саҳобалари бўлса, у ҳолда, умуман, улар тўғрисидан, заррача ҳам ёмон гапирилмайди. “Ҳашр сураси”нинг 10-оятида келган дуони ҳамма ўқиб юргани мақбул.).
و كانوا ينهون عن البدع، ما لم يكن عليه النبىّ صلى الله عليه و سلم و أصحابه، لقوله تعالى: «و اعتصموا بحبل الله جميعًا و لا تفرّقوا». و لقوله تعالى: و إن تطيعوه تهتدوا
“Уламоларнинг барчаси Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам ва унинг саҳобалари қилмаган (ва айтмаган) ишлардан – бидъатлардан қайтардилар. Бунга Аллоҳ таолонинг гапи бор: “Ҳаммангиз Аллоҳнинг “арқони”ни (Қуръонини) маҳкам тутинг ва фирқаларга бўлинманг!” (Оли Имрон, 103). Яна Аллоҳ бундай деган: “Агар унга итоат этсангиз, ҳидоят топурсиз” (Нур, 54).
(“Бидъат” бу ўзбошимчалик билан динга киритилган янгиликлар бўлиб, улар тўғрисида на бирон бир далил, на бирор бир далилдан ишора ва на бирон бир саҳобанинг қилгани ёки айтгани бор бўлади. Бундай ишлар залолатга бошловчи бидъатлар деб аталади. Аҳли суннат ва жамоат таълимоти ана шундай бидъатлардан холи энг соф ва энг покиза ақидалар ва амалиётлар мажмуидир. Бу йўлдан оғишиш эса фирқаланиш бўлиб, Аллоҳ таоло “Оли Имрон сураси”нинг 103-оятида фирқа-фирқа бўлиб олишдан қайтарган. Унга амал қилмаслик фирқалар ва оқимлар таркибига кириб қолишдир. Бидъатлардан сақланишнинг энг катта йўли, Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ келтирган “Нур сураси”нинг 54-оятида айтилганидек, бу – уламолар айтган тариқада Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламга эргашишдир. Акс ҳолда, ҳидоят йўлидан ажралиб қолиш ҳеч гап эмас. Имом ал-Мотуридий раҳматуллоҳи алайҳини бекорга “Ҳидоят имоми” деб улуғланмайди, Бурҳониддин ал-Марғиноний раҳматуллоҳи алайҳининг шоҳ асари бекорга “Ҳидоят” деб номланмайди. Буларга эргашиш Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламга эргашмоқдир, уларнинг айтганларига итоат айни Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламга итоатдир!).
و يحثون على ما كان عليه النبىّ صلى الله عليه و سلم و أتباعُه، لقوله تعالى: و أنّ هذا صراطى مستقيمًا فاتبعوه، و لا تتبعوا السبل فتفرّق بكم عن سبيله، ذلكم وصّاكم به لعلّكم تتقون
“Уламоларнинг барчаси Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам ҳамда у зотга эргашганларнинг йўли – суннатига тарғиб қилганлар. Бунга Аллоҳ таолонинг гапи бор: “Албатта, мана шу (Менинг) Тўғри йўлимдир. Унга эргашингиз! (Бошқа турли) йўлларга эргашмангиз! Акс ҳолда, улар сизларни Унинг йўлидан айириб қўяди. Тақволи бўлишингиз учун (Аллоҳнинг) қилган ҳукм(лар)и мана шу(лар)дир” (Анъом, 153).
(Пайғамбарга итоат қилмоқ Аллоҳнинг ўзига итоат этмоқдир! Пайғамбарга итоат қилганларга итоат этмоқ Пайғамбарнинг ўзига эргашмоқдир! Аллоҳ таоло “Анъом сураси”нинг 153-оятида айтган Тўғри йўл мана шудир! Кимки бунинг аксини қилса, бунга хилоф гап айтса, Пайғамбарга итоат қилишдан бўйин товласа, Пайғамбарга итоат қилаётганларга таъна қилса, Аллоҳ уни Тўғри йўлдан айириб қўяди. Бу ақидага иттифоқ қилиб ўтган аҳли суннат ва жамоат уламоларига эргашмоқлик нажот йўлидир.).
و أن لا ننازع الأمر أهله، لقول النبىّ صلى الله عليه و سلم: «ثلاثٌ لا يغلّ عليهنّ قلبُ امرئٍ مسلمٍ: إخلاص العمل لله، و طاعة وُلاة الأمر، و لزوم جماعتهم. فإنّ دعوتهم تحيط من ورائهم
ثمّ أكّد فى قوله تعالى: «أطيعوا الله و أطيعوا الرسول و أولى الأمر منكم
“Ишбошилар билан иш бўйича низо-жанжал қилмаймиз! Бу тўғрида Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг гаплари мавжуд: “Уч нарса бор. Улар бўлса, мусулмон кимсанинг қалби хиёнаткор (қора ва иллатли) бўлмайди. Улар амалда Аллоҳ учун ихлос қилмоқ; ишбошиларга итоат этмоқ ва мусулмонлар жамоасини лозим тутмоқдир. Зотан, мусулмонларнинг дуолари уларни атрофларидан (шайтон ҳийлалари ва залолатдан асраб) ўраб туради”.
Сўнгра Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ бу мавзуни таъкидлаб, Аллоҳ таолонинг мана бу ояти каримасини ўқидилар: “Аллоҳга итоат этингиз, Пайғамбарга ва ўзларингиздан (бўлмиш) бошлиқларга итоат этингиз!” (Нисо, 59).
(Раҳбарларга итоат этмоқ вожиб амалдир. Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ таъкидлаб ўқиган “Нисо сураси”нинг 59-ояти мазмунидан “Подшоҳнинг айтгани вожиб!”, деган матал юзага келган. Аҳли суннат ва жамоат уламоларининг иттифоғи шуки, дин ва давлат раҳбарларига итоат этмоқ лозим. Улар билан низолашув, жанжаллашув, уларга қарши чиқув асло (улар зулм-у ситам қилган тақдирда ҳам) мумкин эмас. Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ келтирган ҳадиси шарифда Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам учта амални маҳкам ушлаган кимсанинг қалби асло қораймаслигини баён қилдилар. Биринчиси ихлос билан тоат-ибодат қилмоқ бўлса, иккинчиси айнан раҳбарларга итоат этмоқдир. Учинчиси эса ана шу икки йўлни маҳкам ушлаган мўъмин-мусулмонлар жамоаси – аҳли суннат ва жамоат йўли – саводи аъзам – мусулмонларнинг энг катта қисми билан бирга бўлмоқдир. Бугунги кунда ана шу таълимотга амал қилмасдан давлат раҳбарлари билан низолашувга, жанжаллашувга ва қарши чиқувга борганлар дин ва дунёнинг беҳад зарар кўрувига сабаб бўлмоқдалар. Аҳли суннат ва жамоатнинг барча уламоларининг фикри эса Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ айтганларидекдир: “Биз ишбошилар билан низо-жанжал қилмаймиз!”.
Мўъминнинг қалбини қорайтирмайдиган уч нарса ҳақидаги ҳадиси шарифни қуйидаги муҳаддислар нақл қилганлар: Ибн Можа, 1/236; Ибн Ҳиббон, 2/680; Аҳмад, 5/21630; Ҳоким, 1/297; Табароний, 5/4890).
و ألا نرى السيف على أمّة محمدٍ صلى الله عليه و سلم
“Муҳаммад Мустафо соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг умматига қарши қурол кўтармаймиз!”.
(Бу аҳли суннат ва жамоатнинг ўта муҳим ва жуда долзарб ақидасидир. Биз мусулмонларга қарши курашмаймиз, мўъмин-мусулмон бўлиб танилган бирор кимсани қасддан ўлдирмаймиз, мусулмонларни ўлдиришни “жиҳод” деб атамаймиз! Мусулмонлар юртида уруш-жанжал чиқараётганлар, масжидларни портлатиб юбораётганлар, мўъмин-мусулмонларнинг яхши-ёмонини, тинч-тотув яшаб келаётган аҳолининг барчасини бирданига оммавий қириб юбораётганлар Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ айтган аҳли суннат ва жамоатнинг ана шу ақидасига тескари иш қилаётган нокаслардир!).
و قال الفضيل قدّس سِرّه: «لو كانت لى دعوة مستجابة لم أجعلها إلا فى إمامٍ، لأنّه إذا صلح الإمام أمِن البلاد و العباد». قال ابن المبارك رحمه الله: «يا معلم الخير، من يجترئ على هذا غيرك
“Фузайл ибн Иёз қуддиса сирруҳу бундай деганлар: “Агар менинг мустажоб бўладиган битта дуойим бўлганида эди, уни фақатгина подшоҳ ҳаққида дуои хайр қилган бўлардим! Чунки, подшоҳ солиҳ бўлса, шаҳарлар ва бандалар омонда бўлади”. Абдуллоҳ ибн ал-Муборак раҳимаҳуллоҳ буни эшитиб, “Эй, яхшиликни ўргатувчи! Сиздан бошқа ким ҳам буни қила оларди!”, деган эканлар.
(Абу Али аз-Зоҳид Фузайл ибн Иёз ал-Ярбуъий ал-Хуросоний (105-187/723-803) қуддиса сирруҳу исломнинг энг таниқли зоҳид мутасаввифларидан биридир. У зот Имоми Аъзам Абу Ҳанифа раҳимаҳуллоҳнинг шогирдларидан бўлиши билан бирга Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳнинг устозларининг устозидирлар. Шу жумладан, Имом аш-Шофеъий раҳимаҳуллоҳ, Суфён ас-Саврий раҳимаҳуллоҳ, Суфён ибн Уйайна раҳимаҳуллоҳ, Абдуллоҳ ибн ал-Муборак раҳимаҳуллоҳ, Яҳё ал-Қаттон раҳимаҳуллоҳ, муҳаддис Абдурраззоқ раҳимаҳуллоҳ, Абдурраҳмон ибн Маҳдий раҳимаҳуллоҳ, Имом ал-Асмаъий раҳимаҳуллоҳ ва бошқалар унинг шогирдлари ҳисобланади. Ҳадис ривоятида ишончли зотдир.
Абдуллоҳ ибн ал-Муборак ал-Марвазий (118-181/736-797) раҳимаҳуллоҳ исломнинг энг буюк уламоларидан, таниқли муҳаддис олимларидан биридир. У зот ҳам Имоми Аъзам Абу Ҳанифа раҳимаҳуллоҳнинг шогирдларидан ҳисобланади. Бир неча асарлар ҳам битганлар. Ҳадис ривоятида ишончли зотдир.
Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ айтганларидек, Фузайл ибн Иёз қуддиса сирруҳу подшоҳларни дуои хайр қилиш кераклигини, уларни асло дуои бад қилиб бўлмаслигининг аҳамиятини билдириб, “Агар менинг мустажоб бўладиган битта дуойим бўлганида эди, уни фақатгина подшоҳ ҳаққида дуои хайр қилган бўлардим! Чунки, подшоҳ солиҳ бўлса, шаҳарлар ва бандалар омонда бўлади”, деганлар. Уни Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳнинг устозлари Абу Нуайм раҳимаҳуллоҳ “Ҳилйат ал-авлиё” асарларида зикр қилганлар (8/91-92).
Фузайл ибн Иёз қуддиса сирруҳунинг гапларини эшитиб, Абдуллоҳ ибн ал-Муборак раҳимаҳуллоҳ унинг пешонасидан ўпган ва у зотнинг бу гапларини қўллаб-қувватлаган эканлар.
Албатта биз давлат раҳбарларини дуои хайр қилишимиз керак. Агар улар бизнинг дуоларимиз баракоти ва шарофати билан яхши инсонга айлансалар, хайрли ишларга бош-қош бўлсалар, тўғри йўлга томон йўлбошчи ва сарбон бўлсалар, албатта, дин ва дунё обод бўлгусидир. “Одамлар ўз подшоҳларининг динида бўлади”, деган нақл мавжуд. Яъни, подшоҳ қандай бўлса, унинг фуқаролари ҳам шундай бўлади. Бинобарин, давлат раҳбарларини дуои хайр қилмоқ фуқароларнинг ўзлари учун манфаатлидир. Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ ушбу ҳақиқатнинг муҳимлигини билиб, ўз ақидаларининг охирларида ушбу ҳикоятни келтириб ўтганлар.).
Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳнинг ақоиди ва унинг шарҳи тамом бўлди.
Ҳамидуллоҳ Беруний