Мақолани .pdf форматда юклаб олиш
SHAYX HAZRATLARI RAHIMAHULLOH VA MUXOLIFLAR
Bismillahir rohmanir rohiym!
Alloh subhonahu va taolo insoniyatning saodati uchun bir necha asli bir dinlar qatorida oxirgi dini – Islom dinini maqbul sanab, “Inna-d-diyna `indallohi-l-Islom!” (“Albatta, Alloh nazdidagi din Islomdir!”) deb tanlab qo`ydi (Oli Imron surasi, 19-oyat).
Insoniyatning eng mukarrami Xudodan qo`rquvchi taqvodorroq kimsa ekanini – “Inna akramakum `indallohi atqokum!” (“Albatta sizlarning eng mukarramrog`ingiz taqvodorrog`ingizdir!”) deb e`lon qildi (Hujurot surasi, 13-oyat).
Eng taqvodorroq kimsa esa faqat va faqat ulamolar bo`lishini – “Innama yaxshalloha min ibodihi – al-Ulamau!” (“Shak yo`qki, bandalari orasida faqat ulamolargina Allohdan qo`rqadi!) deb bayon qildi (Fotir surasi, 28-oyat).
Ha, shunday! Alloh taoloning dini – Islom dinidagi davrimizdan va yurtimizdan chiqqan eng mukarram, eng taqvodor hamda ulamolarning eng a`lami Shayx hazratlari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhi hazratlari edilar! Hazrat ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh XVI-chi asrdan buyog`ida – Markaziy Osiyodan chiqqan buyuk ulamolardan, asrimizning O`rta Osiyodan chiqqan dinning mujaddidlaridan ekanligida mening o`zimda shak-shubha yo`q! Men tarixchiman, tarixni, xususan, Islom tarixini yaxshi bilaman. Oxirgi to`rt yuz yilda Markaziy Osiyoda yuzlab asar bitgan olimni tarix bilmaydi, oxirgi to`rt yuz yilda Markaziy Osiyoda Shayx hazratlarichalik ulamo sifatida dunyoga tanilgan, Islom olamida shuhrat qozongan odamni ham birov bilmaydi.
Alloh taolo menga ko`p yaxshilik qilgan! Men o`z davrimning ulug` olimlarida diniy ta`lim oldim. Ana shunday olimlaridan biri Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh edilar. Biz ul zotni davrimizning buyuk olimlaridan ekanliklarini; o`z davrining ilm-irfonda yuksak darajada ekanliklarini; juda ko`pchilik ulamolardan ko`ra a`lamroq va firosatliroq ekanliklarini; o`z vaqtining avliyoullohlaridan biri bo`lganligini; o`ziga xos va o`z davriga mos hol ahlidan bo`lganini; mana-man degan insonlardan ko`ra insoniyligi va odamgarchiligi yuqori bo`lganligini ko`p bora mushohada qilganmiz, o`z ko`zimiz bilan ko`rib, qalban tasdiqlaganmiz. Biroq, Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning zamondoshlari orasida Ul zotga qarshi bo`lganlar kabi, Ul zotning davralarida birga bo`lganlar orasida haqiqiy muxoliflar ham bo`lgani kabi Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamga voris Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohni ham yoqtirmaydigan, ul zotga muxolif bo`lganlar topilishi tabiiy edi. Bu maqola ana shu olimning ulug`liklarini yana bir bor tasdiqlashga va ularga muxolif chiqqanlik sabablarini tahlil qilishga bag`ishlanadi. Shoyadki, bizning Sizga mubolag`a va ortiqcha ehtiros bo`lib tuyuluvchi muhabbatga yo`g`rilgan satrlarimiz Sizning qalbingizda ham Shayx hazratlari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhi hazratlariga nisbatan muhabbat uyg`otsa, inshaAlloh!
OLIMLARGA QARShI ChIQUVChILAR BOR
Har bir haqqoniy va rabboniy olimga ta`na qilingani va muxolif chiqadigan odamlar topilgani kabi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohga ham muxolif odamlar chiqqanligi rost. Bu holat ul zoti sharif dorilfanodan dorilbaqoga rehlat qilganlaridan so`ng ham davom etib kelmoqda. Aslida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning quyidagi amrlariga amal qilgan yaxshiroq edi:
أذكروا محاسن موتاكم و كفّوا عن مساويهم
“O`lganlaringizning yaxshi xislatlarini eslanglar, ularning yomonliklaridan tilingizni tiyinglar!”. (Abu Dovud, 4/4902; Termiziy, 3/1019; Bayhaqiy, 2/7440; Ibn Hibbon, 7/3020; Tabaroniy, 12/13599).
Hujjat ul-islom Imom al-G`azzoliy rahmatullohi alayhining ba`zi kitoblariga ayrim noqobillar ta`nalar yetkazganlar: “Uning asarlari o`tgan davr ulamolarining kitoblariga teskari, mutakallim mashoyixlarga qarshi, ayniqsa, u ahli sunnat va jamoatning ash`ariya ta`limotidan tashqari chiqqan, uning asarlarida kufr izlari bor, uning asarlari odamlarni adashtiradi, ularda zalolat va xusron mavjud”, deydiganlar ko`payib ketgan. Qarang, hozir ham Imom al-G`azzoliydek islomning hujjati sifatida tan olingan zotning asarlariga ta`na qiladiganlar topilib turadi. U zotning asarlarini o`qimaslikka targ`ib qiladigan, u zotning asarlaridagi ayrim fikrlarga, hadislarga gap topadiganlar hozir ham bor. Ana shundaylardan biriga qarshi Imom al-G`azzoliy rahmatullohi alayhi janoblari o`zlarining “Faysal ut-tafriqa” asarlarini bitganlar. Asar muqaddimasida u zot bunday deydilar:
فأىّ داع أكمل و أعقل من سيد المرسلين صلى الله تعالى عليه و سلم و قد قالوا انه مجنون من المجانين و اىّ كلام اجلّ و اصدق من كلام ربّ العالمين و قد قالوا انه أساطير الاوّلين
و ايّاك ان تشتغل بخصامهم و تطمع فى افحامهم فتطمع فى غير مطمع و تصوت فى غير مسمع!
“Bas, qaysi da`vatchi payg`ambarlar sayyidi Muhamad sollallohu alayhi va sallamdan ko`ra komilroq va aqlliroq ekanlar, axir, u zotni ham majnunlardan bir majnun deganlar-ku?! Qaysi gap Rabbilolaminning kalomidan ko`ra buyukroq va to`g`riroq ekan, axir, uni ham avvalgilardan qolgan asotirlar – afsonalar deganlar-ku?!
Sen o`sha (rabboniy va haqqoniy) olimlarga qarshi chiqishga mashg`ul bo`lishdan uzoq bo`l va ularning og`izlarini yopib qo`yishni tama qilishdan o`zingni saqla! Zotan, u holda sen umid qilib bo`lmaydigan narsani tama qilgan bo`lasan, (umringda) eshitmagan narsangni eshitib qolasan!”. (Imom al-G`azzoliy. Faysal ut-tafriqa bayn al-islom va-z-zindiqa. – Misr: Saodat, 1907. – B. 3).
Ibn Asokir rahimahulloh o`zlarining Abu-l-Hasan al-Ash`ariy rahmatullohi alayhiga tuhmat va bo`hton qiluvchilarga raddiya sifatida bitgan asarlarida: لحوم العلماء مسمومة – “Ulamolar go`shti zaharlidir!”, deganlar. (“Tabyin kizb al-muftariy”, 1/5).
Imom an-Navaviy rahimahulloh “al-Majmu`” asarlarida buyuk faqih sahoba Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhuning mana bu gaplarini keltirganlar:
من آذى فقيها فقد آذى رسول الله صلى الله عليه و سلم و من آذى رسول الله صلى الله عليه و سلم فقد آذى الله تعالى عز و جل
“Kimki biror faqihga ozor bersa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ozor bergan bo`ladi. Kimki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ozor bersa, Alloh taologa ozor yetkazgan bo`ladi”.
Alloh taologa ozor yetkazish oqibati nima? “Sahih al-Buxoriy”da mana bu hadisi qudsiy keltirilgan:
من عادى لى وليّا فقد آذنته بالحرب
“Kimki mening valiy do`stimga dushmanlik qilsa, batahqiq unga urush e`lon qilaman!”. (Buxoriy, 8/6502; Ibn Hibbon, 2/347; Bayhaqiy, 2/6622; Tabaroniy, 12/12719).
Ulamolar esa Allohning valiylaridir. Buni Xatib Bag`dodiy rahimahulloh keltirganlar:
ان لم يكن الفقهاء اولياء الله فليس لله ولى
“Agar faqihlar Allohning valiylari bo`lmasa, unda Allohning valiysi yo`q ekan!”.
Ahli sunnat va jamoatdagi har qanday olimga qarshi chiquvchilar, uni e`tirof qilmaydiganlar, unga ta`na qiluvchilar, uning fikrlariga va qarashlariga qo`shilmaydiganlar topilib turadi. Qarshi chiqilganlik va muxolif bo`lganlikning sabablari o`rganilsa, quyida ko`rsatiladigan to`rtta sabab (asli haromilik va xoinlik; g`uluvga ketish va taassub; hasad va ko`rolmaslik; hamda ilmiy bahs) mavjudligi ma`lum bo`ladi. Biz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohga nisbatan qarshi va muxolif bo`lganlar misolida ularni ko`rib chiqamiz.
Hozir esa, avvalo maqolamiz muqaddimasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohni asr mujaddidi deb ta`riflagan gapimizning isboti sifatida ayrim ma`lumotlarni taqdim qilishimiz kerak bo`ladi. Zotan, bu buyuklik oldida qarshi chiqilganlik va muxolif bo`lganlik hech narsa bo`lmay qoladi.
ASR MUJADDIDI
Islom diniga e`tiqod qiluvchilar ilmu fanning turli sohalarida boshqa xalqlarga nisbatan peshqadam va o`rnak bo`lib kelganlar. Diniy ilmlar o`z-o`zidan dinning rivoji uchun taraqqiy qildirilgan. Shu bilan birga dunyoviy ilmlar – tibbiyot, jug`rofiya, nujum, falakiyot, ziroat, hay`at, va hatto, musiqa juda rivojlangan va Ovro`po xalqlarining ilmiy asoslariga poydevor bo`lgan.
Biroq, ilm taraqqiyoti va rivoji bilan birga tanazzuli va tavaqqufi ham tabiiy ravishda kuzatiladi. Bir yurtda rivojlanayotgan ilm boshqa yurtda yo`qolish darajasiga tushib qolishi mumkin. Ana shunday vaqtlarda ilmning pasayib qolgan, to`xtalish kuzatilayotgan sohasini rivojlantiradigan, odamlarni ma`lum bir fan sohasiga qiziqishlarini uyg`otib yuboradigan, ma`lum bir ilm sohasida eng peshqadam ustozi darajasiga ko`tarilgan, xalq o`sha ilm sohasida unga murojaat qiladigan ilmparvar, bilimdon kimsalarga ehtiyoj tug`iladi. Mana shunday muhtoj bo`linadigan zotlar har asrda paydo bo`ladi. Bu haqda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o`zlari bashorat qilgan ekanlar.
Mashhur sahoba Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qilganlar:
انّ الله تعالى يبعث لهذه الأمّة على رأس كلّ مائة سنةٍ من يجدّد لها دينها
“Albatta Alloh taolo bu ummat uchun har yuz yilning boshida ularga dinini yangilab turadigan kimsani yuboradi”. (Abu Dovud, 2/4291; Hokim, 4/8592).
Ya`ni, har bir asrda sunnatni bid`atdan ajratib beradigan; ilmni ko`paytiradigan; ilm ahlining qadri yuksakligini ko`rsatib qo`yadigan, aziz qiladigan; bid`atlarni yo`qotib, bid`at ahlini sindiradigan; bir so`z bilan aytganda, dini islomga quvvat va rivoj bag`ishlaydigan kimsa vujudga keladi. Mana shu olim, hadisda bashorat qilinganidek, mujaddid deb ataladi. “Mujaddid” – yangilovchi va tozalovchi, degan ma`noda bo`lib, u “mujtahid”dan farq qiladi. Mujtahid yo`q joyda yangi ariq-anhor qazib chiqarsa, mujaddid biror sabab bilan qurib qolgan yoki ko`milib ketgan ana shu ariq-anhorda yana yangidan suv oqishiga sabab bo`ladigan, ko`milib qolgan ariq-anhorni tozalab, unda suv ravon oqishini ta`minlab beradiganni aytiladi. Mujtahid bilan mujaddidning farqi shu yerda.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh hazratlari Markaziy Osiyoda faoliyat olib borgan ana shunday zotlardan biri edilar. U zot ahli sunnat va jamoat aqoidida moturidiy aqidasida, amaliyotda hanafiy mazhabida, tariqatda esa naqshbandiy bo`lgan davrimizning buyuk zotlaridan biri edilar. Buni ul zotning hayotini kuzatgan, ilmiy ishlarini tadqiq etgan, xayrli amallarini tahlil etgan minglab, balki millionlab odamlarning diniy savodi oshishiga hissa qo`shganligini tushungan har bir odam yaxshi biladi.
Jumladan, u zot diniy ilmlarning har bir sohasi uchun alohida, sodda va barcha tushunadigan uslubda kitoblar ta`lif qildilar. Mujaddidlikning ahamiyati ham shu yerda: u zot arab tilida yoki o`zlari yaxshi bilgan boshqa tillarda asarlarini yozganlarida, ehtimol, bundan-da ko`ra obro`liroq, mashhurroq bo`lar edilar. Lekin, u zot tom ma`noda o`z xalqining odami edi, o`z yurtini, Vatanini sevadigan inson edi. Shuning uchun ham, asarlarini shu yurt, shu xalqning tilida yozishni o`ziga lozim tutdilar.
Biz ta`kidlayotgan mujaddidlikning mohiyatini bilishning bir yo`li bor. Har bir narsa solishtirish va qiyoslash bilan oydinlashadi:
Oxirgi to`rt yuz yil ichida Markaziy Osiyoda barcha ilmlar va milliy madaniyat qatori diniy ilmlar ham susayib bordi. Hanafiylik mazhabiga asoslangan diniy ilm-fan haqli ravishda Istanbul taraflarga, undan esa Hindiston tomonlarga o`tib ketgan edi. Natijada, Markaziy Osiyoda ilmiy sohalar rostakamiga qotib qoldi, qilni qirq yoradigan ulamolar, har narsaga qodir mudarrislar, tog`ni talqon qiladigan tolibi ilmlar besh yuz yil avvalgi Buxoroning va Movarounnahrning buyukligiga mahliyo bo`lib, o`sha davrlarda bitilgan asarlarni, unda ham hammasini emas, balki bir-ikki – faqatgina o`lkadagina mutadovil (urfga kirgan) kitoblarni o`qib yuraverdilar. Ularga hech bo`lmaganda tushuntirish yoki izohlar bitishga urunib ham ko`rmadilar. Tushuntirish yoki izohlar bitish u yoqda tursin, hanafiylikda mana shu o`lkada mutadovil bo`lgan ana shu kitoblardan boshqa ham kitoblar borligi, unda ham hanafiylikning eng asosiy, eng mukammal bayoni keltirilishi mumkinligini tan olmadilar, “Bu bizning o`lkalarda mutadovil kitob emas!”, deya hatto o`qib ko`rish va varaqlashdan ham qaytarib keldilar. Eng achinarlisi, ana shu mutadovil bo`lgan kitoblarning hatto hammasini – boshdan-oxir o`qib chiqmadilar. Madrasada darslik bo`lgan katta-katta kitoblarning muqaddimasi, boshlanishi, nari borsa birinchi jildi o`qitilib qoldi …
To`g`ri, bir qancha sharhlar bor, lekin ularning barchasi, ishonasizmi, mantiq, islomiy falsafa haqidadir, arab tilshunosligining eng-eng nozik masalalariga bag`ishlangandir. Sof diniy ilmlar – tafsir, hadis, kalom va nihoyat fiqh kabilar, aksar ulamolar, aniqrog`i barchaning nazaridan chetda qolib kelaverdi. Bunga urunganlarni esa “mujtahidlik da`vo qilmoqda”, “fiqhdan ham ilm bo`libdimi, haqiqiy ilm “Mushkilot”dadir”, “bu oddiy “Muxtasar”xon-ku?!”, “bu cho`loq bandaning qo`lidan nima ham kelardi!”, deya bo`lar-bo`lmas haqoratlar qilib kelindi. Qur`ondan yoki hadisdan gapirganlarni ijtihod da`vogari deb ayblandi. Aslida, ijtihod faqatgina ahkom oyat va hadislarga tegishli, faqat va faqat shariatning hukm olinadigan manbalariga taalluqlidir. Shunday ekan, hech bo`lmaganda, odob-axloqqa oid oyat-hadislar, tarixga oid qur`oniy va hadisiy qissalar tafsir va sharh qilinishi mumkin edi-ku?! Biroq, ming afsuslar bo`lsinki, ana shu to`rt yuz yilda bu xildagi ishlar ham qilingan emas. Ha, oxirgi to`rt yuz yilda buyuk Movarounnahr, buyuk Turkistonning diniy ahvoli mana shu edi! Bu o`tgan to`rt yuz yillik ulamolarni yomonlash emas, aslo. Balki, bu o`sha davrlar tarixini bildirib, tarixdan saboq chiqarish uchundir. Zotan, moziyga qaytib ish ko`rish xayrlidir!
Va nihoyat, ruslar bosqini yuz berganidan so`ng, diniy ilmlarni butunlay borbod qilindi, odamlar dindan uzoqlashib ketdilar, diniy ilm o`qish u yoqda tursin, Qur`onni yodlab, saqlab qolishning o`zi murakkab ish bo`lib qoldi. Yashirin ta`lim-tarbiya ishlari ham tezlikda, asosiy darsliklarni o`qitish va qisqa matnlarni yod oldirish bilan amalga oshirilib keldi. Bundan boshqa iloji ham yo`q edi, kitob yozish, uni ommaga taqdim qilish haqida gap ham bo`lishi mumkin emasdi. Shukrki, istiqlol ne`mati bizga buyuk islom ne`matini olib keldi, diniy savodxonlikni, diniy bilimlarda olim va ulamo bo`lishni olib keldi. Bilasizmi, mustaqillikdan eng ko`p din va dindorlar yutdi!
Shunday vaqtda tarix sahnasiga buyuk ulamo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh chiqib keldilar. U zot qo`llaridan kelgan barcha ishlarni izchillik bilan, qat`iy reja va tartib bilan amalga oshirdilar. Unga Parvardigori olamning o`zi madadkor bo`ldi, Alloh taolo unga xayrixohlarni ko`paytirdi, uning ishini qo`llab-quvvatlab turuvchilarning sonini oshirdi, unga ixlos qo`ygan butun boshli, ozod va obod buyuk davlatda yashovchi O`ZBEK XALQIni yuzaga chiqardi. Shu orada, unga hasad ila boqadiganlar ham topilib qoldi, uning ishiga to`sqinlik qilishni maqsad qilganlar ham faoliyat olib bordi. Biroq, ularning qo`llaridan hech narsa kelmadi, kelmaydi ham. Zotan, Qur`on oyatidan ma`lumki, haq kelganda botil yo`q bo`luvchidir (Isro, 81).
Uning ishlarini insof bilan kuzatib, unga insof bilan xayrixoh bo`lmay iloj yo`q. Qarang, bir tahlil qilishga urunsak:
1) “Tafsiri Hilol”. Bu kitob olti jilddan iborat bo`lib, o`zbek tilida qilingan yirik hajmli ilk tafsir hisoblanadi! To`g`ri, undan oldin, faqat XIX-chi asrga kelibgina Xorazmda “Tafsiri Husayniy” o`zbek tiliga tarjima etildi. Uni Alisher Navoiy rahimahulloh davrida yashagan ulug` olim Husayn Voiz Koshifiy rahimahulloh fors tilida bitgan, katta hajmli bir jilddan iborat tafsir. Biroq, bu “Tafsiri Husayniy”ning o`zbekcha tarjimasi ham qo`lyozma holida bir-ikki nusxa ko`chirilgan, xolos. XX asrda esa o`zbek tilida ikkita tafsir bitildi. Ular Oltinxon to`ra Mahmud Taroziy rahimahulloh va Mavlaviy Domla Hindistoniy rahimahullohning tafsirlari bo`lib, ular bir yoki ikki jildli, ko`proq tarjima ma`nosida edi. Zamona odamiga tushunarli, sodda va keng tushunchalar bilan qilingan tafsir hozirgacha “Tafsiri Hilol” hisoblanadi. Undan so`ng Shayx Abdulaziz Mansur hafizahullohning Qur`oni karim ma`nolarining tarjima va tafsiri xalqimiz uchun eng-eng kerakli kitob bo`lib turibdi.
Qur`on karimni o`rganish borasida alohida ilm shakllangan. Uni “Ulum al-Qur`on” (“Qur`on ilmlari”) deb ataladi. Unda tafsir qilish usullari, qiroat ilmi, nosix va mansux masalalari kabilar o`rgatiladi. Oxirgi 400 yillik tarixda O`rta Osiyo madrasalarida ushbu sohaga oid birorta asar o`qitilgani yoki shu yerlik olimlarning birortasi ushbu sohaga oid asar yozganligi ma`lum emas! Shayx hazratlari ilk bor o`lib ketgan bu ilmni ham tiriltirishga harakat qilib, “Qur`on ilmlari” degan alohida katta hajmdagi asarlarini bitib, ko`p nusxada nashr qildirdilar.
2) “Hadis va hayot”. Bu 39 jilddan iborat yirik hajmli, hadis sohasida qomusiy asarlardan biri. Bu hajmdagi ish oxirgi 400 yil ichida Markaziy Osiyo hududida qilingan emas! Agar farazan uni ilmiy tekshirish instituti jamoasi qilishga urunganida ham butun boshli institutning mana-man degan ilmiy jamoasi hukumatdan katta-katta maoshlar olish evaziga o`n yillar davomida qilishi mumkin edi, xolos. Bu gapda mubolag`a yo`q! Xullas, ushbu asar bitilib ommaga taqdim etulgunga qadar hadis sohasida Markaziy Osiyoda faqat va faqat kichik hajmli “Arba`in”lar tuzilgan yoki ulargagina sharhlar bitilgan. Lekin, ular ham butun dunyoga mashhur va “Arba`in”lar orasida alohida yuksak mavqe`ga ega Imom an-Navaviy rahimahullohning asariga sharh qilingan emas. Afsuski, Movarounnahr va O`rta Osiyo madrasalarida tinmay o`qitilgan, ixlos bilan o`qilgan “Mishkot al-masobeh”ga ham birorta sharh yozilgan emas, bunga urunib ham ko`rilmagan. Yana Xorazmda XIX-chi asrda Hindistonda tug`ilib-o`sgan, asli kelib-chiishi o`zimizdan bo`lgan hadisshunos olim Abdulhaq Dehlaviy rahimahullohning “Ash`at ul-lamaot” nomli sharhi tarjima qilinishga urunilgan. Biroq, ushbu tarjima ommaga va hatto ulamolarga ham tarqatilmasdan, qo`lyozma holida qolib ketgan, albatta.
Hadis fanini mukammal va izchil o`rgatishdan avval uning nazariy qismi “Mustalah ul-hadis” (“Hadis fanida ishlatiladigan atamalar izohi”)ga oid risola va ma`lumotlar o`qitilgan. Biroq, afsuski, hadis ilmida o`ta muhim bo`lgan ushbu soha ham oxirgi 400 yillik davrda Markaziy Osiyoning madrasa ta`lim dasturlarida uchramaydi, bu borada birorta arzigulik asar bitilganligi ma`lum emas! To`g`ri, Buxoroning ulug` muftiylaridan biri, XVII asrda yashagan Muhammad Sharif al-Buxoriy rahimahulloh bu borada bitta risola yozishga harakat qilgan va u 3-4 varaqli hajmda bo`lib, qo`lyozma holida qolib ketgan. Shayx hazratlari esa ushbu o`lib, yo`q bo`lib ketgan sohani ham tiriltirib, alohida “Mustalahul-hadis” nomli yirik hajmli asarni chop qildirdilar. Bu sohaga hozirda qiziqish ortib bormoqda, o`zimizdagi islomiy o`quv dargohlarining o`quv dasturlariga kiritilgan.
Bundan tashqari buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy rahimahullohning “al-Adab al-mufrad” asarining 4 jilddan iborat “Odoblar xaziynasi” nomli tarjima va izohli sharhi, Husayn ibn Hasan Marvaziy rahimahullohning “Kitob al-birri va sila” asarining “Yaxshilik va silai rahm” nomi bilan qilingan tarjima va sharhi, 4 ta kichik hajmli alohida-alohida risolalardan iborat “Islomning madori bo`lgan hadislar” ruknining e`lon qilinishi hadis ilmi sohasida bir shaxs tomonidan asrlarni yoritib turadigan naqadar ulug` ishlarni amalga oshirilganini anglatadi.
3) Aqoid va ilmi kalom bo`yicha qilingan ilmiy ishlar. Bu borada alohida yirik hajmli 3 ta asar bitilgan. “Sunniy aqidalar”, “Aqoid ilmi va unga bog`liq masalalar”, “Aqiydatut-tahoviya” sharhining talxisi kabilar ommaga tushunarli tarzda bitilganki, musulmonlar ularni o`qib, o`zlarining aqidalarini to`g`rilab, ahli sunnat va jamoat aqidasida mustahkam bo`lishlari shak-shubhasizdir. Qadimda aqida va kalom ilmiga oid asarlar bitilgan. Jumladan, XVII-XIX asrlarda “Sharh al-Aqoid an-nasafiya”ga, “Sharh Mulla Jalol Davvoniy”ga bir qancha hoshiyalar va ta`liqalar qilindi. Biroq, mazkur asarlar o`sha davrlardayoq ta`lim dasturlarining “Mushkilot” qismiga oid bo`lib, ularning mazmuni aqidadan ancha olislab, mantiq va falsafiy ma`no-mazmunlarga chulg`anib ketgan edi. Hozirda qo`lyozma va toshbosma asarlar kataloglarini tayyorlovchi mutaxassislar ushbu asarlarni aqida sohasiga emas, falsafa yoki mantiq bo`limlariga joylashtirishlarining sababi ham shunda. Xullas, aqida va kalomga oid asarlar chop qildirgan o`tmish va zamondosh ahli ilmlarning hurmatini joyiga qo`ygan holda aytishim kerak, oxirgi 400 yil ichida xalq sevib o`qiydigan, o`z aqidalarini to`g`rilash maqsadida qo`liga oladigan, aqidaga oid eng ommabop asarlar Shayx hazratlari tomonlaridan bitildi.
4) Fiqh sohasi. Oh! Bu borada qilingan ishlarning ta`siri 400 yillik tarixni bemalol yoritib turadi! Shayx hazratlari XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi O`rta Osiyo, ayniqsa, O`zbekiston hududida yashovchi xalqlar uchun hanafiy fiqhi sohasida asrlarga tatigulik buyuk meros qoldirdi. Hanafiy mazhabining ulug` mo«tamad matni “Muxtasar al-Viqoya”ga “Kifoya” nomli sharh bitildi. Aytish kerakki, XVI-chi asrdan beri unga dalillar bilan ta`minlangan sharh bitilmagan! “Muxtasar al-Viqoya” – madrasalarda fiqhdan eng asosiy darslik bo`lishiga qaramasdan, uni tolibi ilmlar to`la yod olganlariga qaramasdan, na arab tilida va na fors va na turkiy tilida unga sharh yozilmagan! Albatta bu e`tirof ancha keng tarqalgan va ommabop bo`lgan bir necha sharhlarni nazarda tutmagandadir. XVI-chi asrda Markaziy Osiyoda “Muxtasar al-Viqoya”ga Shamsiddin Ko`histoniy rahimahullohning “Jome` ar-rumuz”, Mavlono Abu-l-Makorim rahimahullohning “Sharhi Niqoya”, Abdulali al-Birjandiy rahimahullohning “Sharh an-Niqoya” hamda Jaloliddin ad-Davvoniy rahimahulloh, Jamoliddin Go`rimiriy rahimahulloh va Muhammad Solih rahimahullohning fors tilidagi sharh-tarjimalari bitilgan. Undan so`ng to XX asr boshigacha birorta sharh uchramaydi. Shu vaqt turkiy tilda “Majma` al-maqsud” va “Nazmi Muxtasar” bitildi. Ular ham XVI asr birinchi yarmida bitilgan, “Muxtasar al-Viqoya”ning ajoyib sharhi “Jome` ar-rumuz” asosida yozilgan. Mazkur sharhlarning hammasida hanafiy mazhabi fiqhining oyat va hadislardan dalillari uchramaydi. Shunday ekan, ommaga va insofli ulamolarga maqbul bo`lgan, asosiysi, dalillar bilan ta`minlangan sharhni Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bitdilar, deya olamiz. Avliyoi barhaq, olimi mutlaq ustozim Shayx Do`stmuhammad Tursun quddisa sirruhu ushbu “Kifoya”ni sotib olib, shaxsan o`zlari odamlarga tarqatganligi, ularning huzurlarida “Kifoya”dan to`liq bitta kitobi – bo`limlari o`qilib eshittirilgani kabi holatlarni xalq va domlalar orasidan olib misol tariqasida yuzlab keltirish mumkin.
Fiqhning nazariy masalalariga bag`ishlangan sohasi usul al-fiqh va fiqhiy yo`nalishlarni o`rganish sohasi bo`lib, bu soha haqiqatdan ham O`rta Osiyoda oxirgi 400 yil davomida o`lib bo`lgan soha edi. Bu davrda ushbu sohaga oid birorta asar O`rta Osiyoda yozilganini tarix bilmaydi! Shayx hazratlari “Usulul fiqh”, “Fiqhiy yo`nalishlar va kitoblar” kabi katta hajmli asarlari ana shu dolzarb va muhim sohaga bag`ishlangan.
Fiqh haqida gapirilar ekan, fiqhiy ixtiloflar, odamlar orasidagi tushunmovchiliklar, har xil masalalarga javob berishlarni eslamasdan ilojimiz yo`q. Bu sohalarda Shayx hazratlari yana katta fidoiylik ko`rsatib, juda katta va ulkan ishlarni amalga oshirdilar. O`tgan 400 yillik muftiylarning va fatvo beruvchilarning fatvolari bunchalik ommalashmagan, berilgan fatvolarning amaliga bunchalik ko`p odamlar yoppasiga kirishmagan edi. “Mazhablar – birlik ramzi”, “Ixtiloflar, sabablar, yechimlar”, 4 jilddan iborat “Zikr ahlidan so`rang” asari va shu nomdagi 100 dan ortiq sondagi oynomalari, “Bozor va unga bog`liq masalalar”, “Qarz va unga bog`liq masalalar”, “Mo`minning me`roji – mufassal namoz kitobi”, “Ramazonni qarshilab” kabi asarlari xalqimizning, o`zbek xalqining, O`rta Osiyo xalqlarining hanafiy mazhabida mustahkam turishlari, mazhabga ixlosli bo`lishlari, fiqhiy masalalarda savodxon bo`lishilari uchun qiyosi yo`q katta diniy xizmat hisoblanadi.
5) Islomning uchinchi yirik yo`nalishi bo`lmish tasavvuf va ruhiy tarbiya sohasida ham Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh buyuk ishlarni amalga oshirdilar. Haqiqatdan ham, Shayx hazratlari tasavvufni, tariqatni to`g`ri tushuntirib bergan va qabul qildira olgan zot hisoblanadi. “Tasavvuf haqida tasavvur” asarlari, 3 jilddan iborat “Ruhiy tarbiya” asarlari, islomiy muomala va odob-axloqqa oid o`nlab katta-kichik asarlari, “Islomda inson huquqlari”, “Ijtimoiy odoblar”, “Islomda ekologiya”, “Islom – sof tabiat dini”, “Yolg`on”, “Isrof” va folbinlikka qarshi yozilgan asarlari kabilar shular jumlasidandir. Ayniqsa, 5 jilddan iborat “Xislatli hikmatlar sharhi” bu yo`nalishdagi bitilgan ishlarning eng cho`qqisi bo`lib qoldi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh zamon bilan hamnafas yashar, balki tafakkur sarhadlarida o`z eldoshlaridan ancha oldinlab ketgan, odamlarni to`g`ri yo`lda bo`lishlariga hamda tinchlikda, farog`atda hayot kechirishlariga harismand zot edilar. “Oila farog`at qasri”, “Baxtiyor oila”, “Keksalarni e`zozlash”, “Sog`lom bola”, va nihoyat, “Din nasihatdir”, “Ochiq xat” kabi katta-kichik kitob va risolalari bu gapimizni tasdiqlab turibdi.
6) Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh bu xildagi buyuk asarlarni ta`lif qilish va nashr ettirish bilan cheklanib qolganlari yo`q, ularni rus va qozoq tillariga tarjima qildirib, nashr qildirdilar. Eng asosiysi, tasvirli va ovozli disklarda 50 dan ortiq chiqishlar qildilar. Radioda har hafta muntazam chiqishlari, Ramazon oyida masjidlarda har kungi suhbatlari to`xtamasdan bo`lib turdi. Bular ham hozirgi taraqqiyot davrida kitob o`rnini bosadigan o`ta dolzarb va muhim ishlardan hisoblanadi.
Internet sohasida o`zida 20 dan ortiq saytni birlashtirgan Islom.uz portaliga rahbarlik qilishlari, har kuni 200 ga yaqin odamlarning so`rovlariga shar`iy javoblar berishlari ham u zotning buyukligining bir nishonasidir.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning ishlari bular bilan tugab qolmadi. Afsuski, qisqa umr ayrim ishlarini tugatishga va natijasini ko`rishga vafo qilmadi. “Oltin Silsila” loyihasida sihohi tis`a – to`qqizta sahih hadislar to`plamidan iborat islomning eng buyuk hadis kitoblarining tarjimasini qariyb 50 jildli qilib nashrga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda edi. Ulardan faqat yirik hamli 5 jildi nashr qilindi. Shuningdek, 10 jilddan ortiq bo`lishi ko`zlanayotgan “Islom qomusi”ni tayyorlash ishlari qizg`inlik bilan boshlab yuborilgan edi. Imomi A`zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhining “al-Fiqh al-akbar” asarlari tarjima va sharh qilingan edi. Mashhur “Bahr ar-roiq” asarining muallifi Ibn Nujaym al-Misriy rahimahullohning “al-Ashboh va-n-Nazoir” asarlari, taniqli zamondosh faqihlardan Muhammad Taqiy al-Usmoniy hafizahullohning zamonaviy masalalarga bag`ishlangan 2 jilddan iborat “Buhus” kitobi kabilarning tarjimalari nashrga tayyorlanmoqda edi. Shuningdek, 2 jilddan iborat “Islom tarixi” asarlari ham nashrga tayyorlangan. Buyuk hanafiy faqihi Burhoniddin al-Marg`inoniy rahmatullohi alayhining buyuk asari “al-Hidoya”ning to`liq tarjimasining tahrir ishlari ustida o`tirgan edilar.
Shuningdek, haftaning ber necha kunida bir necha halqadan iborat shogirdlar davrasida ilmiy saboq va darslar, oyda ikki bora shogird va hammaslaklar bilan birga ilmiy bahslar va maslahatlar bo`lib turgan.
Bu xildagi yirik hajmli ilmiy ishlarning ko`lami va miqyosini ko`rib, tan olmasdan iloj yo`q! Haqiqatdan ham bularning bari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohni qadim Movarounnahr va Turkistondagi asrimiz mujaddidi sifatida ko`rsatishga haqli ekanligimizni anglatadi.
HAROMI VA XOINLAR ULAMOLARGA QARShI ChIQADI
Zaharning zahar ekanligini kallasida aqli bor barcha inson zoti biladi, zaharning o`ldiruvchi ekanligini isbotlab o`tirish shart emas. Biroq, asli kallasida “ish” bor, aqli-hushi joyida bo`lmagan, zoti past, bir so`z bilan aytganda haromi insonlar yuqorida aytib o`tilgan لحوم العلماء مسمومة – “Ulamolar go`shti zaharlidir!”, degan hikmatning asl ma`nosini bilishmaydi. “Valadi zino o`ziga yaxshilik qilgan insonga yomonlik qilmaguncha dunyodan o`tmaydi!”, degan naql ham bor. Haqqoniy ulamolarga yomonlik qiladigan, ularning hurmatini poymol qilishga urunadigan, elu yurtda obro` qozongan ulamolarni yomonotliq qilishga harakat qiladigan, rabboniy ulamolarning viqori-salobatidan hayiqmaydigan kaslarni men o`shanga o`xshataman. Bu borada Imom ash-Shofe`iy rahimahullohning bir qissasini keltirish mumkin:
Islomning eng buyuk ulamolaridan biri Imom ash-Shofi`iy rahimahulloh bir kuni ulamolar va shogirdlar davrasida ilmiy suhbat qurib o`tirgan ekanlar. Madrasa darvozasi ochiq ekan. Madrasa oldida yosh bolalar koptok o`ynab yurar, ularning baqir-chaqiri va shovqin-suroni eshitilib turarkan. Shunda, nogahon, koptok darvozadan kirib kelib, ulamolar davrasiga tushibdi. Birdan bolalar shovqin-suroni jim bo`libdi, bolalar ulamolarning ilmi-irfoni, viqor-salobati sababidan koptokni kelib, olib ketishga qo`rqibdilar, iymanibdilar, uyalibdilar. Bolalar darvoza oldida qotib qolibdilar. Shunda bir bola jur`at qilib madrasaga kiribdi va ulamolarning dars halqasi o`rtasidan koptokni olib ketibdi. Imom ash-Shofi`iy rahimahulloh: “Ulamolardan hayo qilmagan bu bola valadi zino – haromi bo`lsa kerak. Boshqa bolalar ulamolardan iymanib, ilmiy davraga suqilishga hayo qildilar”, debdilar. Shogirdlar surishtirib-qarashsa, darhaqiqat Imom ash-Shofi`iy rahimahullohning farosatlari to`g`ri chiqibdi…
Bugungi kunda yurtimizda tug`ilib-o`sgan, tuzini yeb, tuzlig`iga tupurgan, jonajon Vatandan bosh olib chiqib ketgan, hozirda vatangado bo`lib yurgan ayrim kimsalar ulamolarimizni va domla-imomlarimizni so`kib, haqorat qilib, aziz yurtdoshlarimizni yomonlab chiqishmoqda. Avvaliga davlat va hukumat ahlini yomonlab yurganlar, hech ish chiqara olmagani bois ulamolarimizga o`tdi. Ularning eng katta nishoni Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh bo`lib qoldi. Menimcha, har bir yurtni yomonotliq qiluvchi, yaxshilikdan ham yomonlik qidiruvchi, buyulikka intilayotgan davlatlarni ko`ra olmaydigan ig`vogar, chaqimchi va tuhmatchilarning tuzog`iga ilinganlar barcha zamonlarda va hamma makonlarda mavjuddir.
Ularning asosiy ayblovlari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohni, shuningdek, boshqa domla va imom-xatiblarni saroy ulamosi, davlat va hukumat malayi deb ayblashlaridir. Ular bundan boshqa ayb topa olishmaydi, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning kitoblarini ham to`liq o`qib chiqishmagan, uzoq-uzoqlarda turib, valaqlashaveradi. Ha, aslida, puxta surishtirib chiqsangiz, ana shu ayblovni aytayotganlarning o`zlari turgan makonlaridagi davlat va boshqaruvning gumashtalari ekanligiga shubha yo`q. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh siyosatga uchtaloq bergan zot edilar. U zot har bir narsani shariat tarozisi bilan o`lchar, shar`iy hukmlardan kelib chiqib, o`z hukmini aytar edilar. Af`ollari shariat ko`rsatmasiga muvofiq bo`lardi…
Dinsiz sovetlar davrida reaktcion ulamolar, saroy shoiri va maddohi deb qancha-qancha ulamolar, adiblar badarg`a qilinganini, hayoti va ijodini o`rganishdan chetlatilganini ziyolilar qatlami yaxshi bilishadi. Bugungi kunda ham ana shunday bo`lmag`ur ayblovni, asosan, g`o`r yoshlar, Vatandan tashqarida yurgan vatangadolar hamda yurt ozodligi va obodligini ko`ra olmayotgan kuchlar tez-tez tilga olishmoqda va yozuvlarida tez-tez qayd qilib ketmoqdalar. Ular butun xalqning va hukumatning hurmatiga sazovor bo`lgan ulamolarga va domlalarga ham shu ta`nani otmoqdalar. Masalan, g`irt ig`vogar qaysidir radio, gazeta yoki internet sahifasi ham “saroy shoiri”, “saroy maddohi”, “saroy ulamosi”, hatto “saroy hofizi” va “saroy xonandasi” kabi jumlalarni tez-tez qo`llaydi…
O`tgan jami ulamolar va ma`rifat ahlining hayoti-faoliyati kuzatilsa, ularning aksariyati o`z davlati va hukumati ahli bilan yaqin bordi-keldida, ularning moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlashi natijasida ilmiy faoliyat olib borganlar. Shuning natijasida tinchlik va obodonlikka, diniy ishlarning rivojlanishiga, diniy ilmlarning taraqqiy etishiga buyuk hissa qo`shganlar.
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu va Anas ibn Molik raziyallohu anhu kabi sahobalar; Hasan al-Basriy rahmatullohi alayhi kabi buyuk tobe`inlar; Abu Yusuf rahimahulloh va Imom Molik rahimahulloh kabi mujtahidlar; Abu Rayhon Beruniy rahimahulloh, Qozizoda Rumiy rahimahulloh kabi qomusiy olimlar; Sayyid Sharif Jurjoniy rahimahulloh va Sa`duddin at-Taftazoniy rahimahulloh kabi mutakallimlar; Imom G`azzoliy rahimahulloh kabi islom dinining hujjatlari davlat rahbarlari bilan yaqin munosabatda, saroy ahli bilan bordi-keldida bo`lib, ilm-fan va diniy ilmlarning taraqqiyotiga buyuk hissa qo`shgandilar. Bu ro`yxatni uzoq davom qildirish mumkin…
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohga ayb qo`yayotganlar o`zlari ko`rgan yoki eshitgan ayrim muammolarni pesh qilib, bularning sababchisini go`yo Shayx hazratlari deb ko`rib, u zotni siyosatni butun turishi bilan yoqlovchi, muammolar haqida umuman gapirmaydigan, zulmu-sitamlarga qarshi chiqmaydigan kimsa deb gumon qildilar. Ayrim gumonlar gunoh ekanligi Qur`onda aytilgan (Hujurot, 12). Ana shu gumonlari sababli ular gunohga botganligiga menda shak-shubha yo`q! Shayx hazratlari muammolar yechimi haqida bosh qotirganlari, o`shalar jabru sitam deyayotgan holatlar haqida siyosat ahliga aytganlari, eslatganlari, muammolar yechimi borasida maslahat solganlari, ayrim holatlar haqida norozilik bildirganlarida ham menda shak-shubha yo`q. Aslida, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh hazratlari anavilar gapirayotgan muammolardan ko`ra kattaroq va ko`proq masalalar borasida qayg`urar, bosh qotirar, yechimini izlab umr o`tkazar edilar…
Ha, shu yerda savol berishga haqlimiz: Vatanga tosh otayotganlar, Vatan obodligi va buyukligi uchun hormay-tolmay xizmat qilayotganlarga ta`na qilayotganlar, elu yurtda obro` qozonib, qo`lidan kelgancha diniy xizmatda kamarbasta bo`lib turganlarni yomonlayotganlarning o`zlari Vatanga va bu dunyoga nima qilib qo`ydilar?! Birorta risola yozib, dinga xizmat qildilarmi? Haqiqiy va ilmiy ravishda izchillik bilan talabalarga diniy ta`lim-tarbiya berdilarmi? Xalq xizmatida turib, namozining, ibodatining komil bo`lishi yo`lida o`zining bor bilimi va imkoniyatini sarflab, avom xalqning diniy saviyasini sal-pal bo`lsa-da oshishiga hissa qo`shdilarmi? O`zining ishlab-topgan mablag`ining bir qismini ajratib, birorta masjid qurilishigami, mahallaning obodonchiligigami homiylik qildilarmi? Yo`q, ular nuqul kitob yozganlarni yomonlaydilar, qo`lidan kelgancha xizmat qilayotganlarga ta`na qiladilar, obodonchilik ishlariga homiylik qilish o`rniga vayronkorlikni, urushni targ`ib qiladilar. Shuning uchun ularning aytgan va aytayotgan gaplariga e`tibor bermaslik kerak!
HASAD VA KO`ROLMASLIK
Imom az-Zahabiy rahimahulloh bir necha asarlarida zikr qilgan mana bu mazmunni unutmaslik darkor:
كلام الأقران بعضهم فى بعض لا يعبأ به لا سيما اذا كان لعداوة او لحسد او مذهب او هوى
“Zamondosh (olimlar)ning bir-birlari haqida aytgan gaplariga e`tibor berilmasligi kerak. Xususan, bu adovatdan, hasaddan, mazhabidan yoki nafsi havosidan kelib chiqib aytilgan bo`lsa!”. (“Ta`rixi Islom”, 12/453; 27/324; “Tazkirat al-huffoz”, 2/682; “Mezon al-e`tidol”, 1/438; “Siyar a`lom an-nubalo”, 13/52; 19/74).
Hasad insonning qalbini vayron qiluvchi xislat bo`lib, u bundan boshqaga yaramaydi. Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayhi: “Samoda ham, Yer yuzida ham Alloh taologa osiylik qilingan eng birinchi gunoh bu hasaddir!”, degan ekanlar (“al-Mujolasa va javohir al-ilm”, 3/659).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa hasadning kasofatini bunday tushuntirganlar:
إيّاكم و الحسد فإنّ الحسد يأكل الحسنات كما تأكل النارُ الحَطَبَ
“Hasaddan saqlaninglar! Chunki, hasad olov xuddi o`tinni yeganidek yaxshiliklarni yeb bitiradi”. (Abu Dovud, 4/4905; Ibn Moja, 4/4210; Ibn Abu Shayba, 5/26594).
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohga muxolif bo`lishning sabablaridan biri ham ana shu hasad va ko`rolmaslik edi. Xalq orasida ahli ilm bo`lib ko`ringan, umrida biror kitob yoki risola yozib ko`rmagan, Shayx hazratlarichalik obro` qozona olmagan ayrim kimsalar u zotga hasad qilganligi tabiiy holat. Shuningdek, bir-ikki kitob-risola yozib yoki yozdirib qo`yganlar orasida Shayx hazratlarining kitoblari “uchib” ketayotganini ko`rib, “Nimaga Shayxning kitoblari chiqaveradi, uning kitoblariga ko`p nusxada ruxsat berishadi?!”, deb hasaddan yonib yurganlar qancha? Demak, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohga hasad qilganlar va ko`ra olmay yurganlar ikki toifa – u zotdek obro` qozona olmaganlar hamda yozgan-yozdirgan kitob va risolalari mashhur bo`lmaganlar ekan. Ko`ngillaridagi hasad alangasi o`zlaridagi bor hasanalarni ham yeb bitirmasdan ilgari allaqachon rahmati bo`lib ketgan joyi jannatda bo`lgur Shayx hazratlarini tinch qo`yib, endi o`zlari Shayx bo`lib olsinlarchi, o`zlari yuzlab kitob yozib qo`ysinlarchi? Nomi oldiga shayx so`zini yozib qo`ygani bilan, o`zini shayx deb e`lon qilgani bilan xalq uni Shayx sifatida tan olarmikin?! Yozgan kitobini birov ko`ziga surtib va qo`lma-qo`l qilib o`qirmikin?! Yoki kitob yozish qo`lidan kelmagani uchun yangi diniy asar yozish mumkin emas, yangi zamonaviy kitoblarni o`qish mumkin emas, deb yuribdilarmi?! Yoki Shayx hazratlarining kitoblaridagi ayrim imloviy xatolarni (aslida bu xatolar muharrirlarning zimmasiga yuklatilishi kerak) gapirib yuribdilarmi?! Shu vaqtgacha O`zbekistonda dinning shayxi, tariqatning mashoyixi, qorilar rahnamosi, ulamolar peshvosi bo`lishni istagan odamning oldi to`silgan emas! Xalqqa, millatga va dinga foydasi tegadigan diniy kitob yozib kelgan yoki tarjima qilib chiqqan odamga qarshilik qilingan emas! Faqat bu ishlarni Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh singari qoyillatib ado qiladigan odam yo`q-da! U zotga Pavardigori olamning alohida nazari tushgandi-da, iltifoti va e`tibori xos bo`ldi-da! Ana shu haqiqat oldida bosh egib, hasad va ko`rolmaslikni yig`ishtirib qo`yib, o`z avlodlaringizdan ham o`sha zotdek buyuk inson chiqishini Xudodan so`rasangiz bo`lmaydimi?!
G`ULUV VA TAASSUB
“G`uluv” so`zi lug`atda “haddan oshish”, “mubolag`a” ma`nolarida, “taassub” esa “biror narsaga bog`lanib qolmoq; o`ziga aloqador narsaga ortiq darajada muhabbat bog`lamoq; o`z fikriga mahkam yopishib olmoq; ashaddiy berilganlik va tarafkashlik” kabi ma`nolarda bo`lib, amalda shariat buyurgan chegaradan oshishga aytiladi.
Alloh taolo Qur`oni karimning roppa-rosa ikki oyatida ahli kitobga (ya`ni, nasroniy va yahudiylarga) xitob qilib, dinda “g`uluv”ga ketmaslikni buyurgan:
ياهل الكتاب لا تغلوا فى دينكم
“Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshib ketmangiz!”. (Niso surasi, 171-oyat).
Bu oyatda payg`ambar Iso alayhissalomni iloh darajasiga ko`tarib, haddan oshishga ishora qilinib, undan qaytarilgan bo`lsa, keyingi oyatda umumiy tarzda haddan oshishdan qaytarilgan:
قل ياهل الكتاب لا تغلوا فى دينكم غير الحق و لا تتّبعوا أهواء قوم قد ضلوا من قبلُ و أضلوا كثيرا و ضلوا عن سواء السبيل
“Ayting: “Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko`plarni adashtirgan hamda to`g`ri yo`ldan chalg`itganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida, 77).
Dinda “g`uluv”ga ketmaslik haqidagi a`lo darajada sahih bo`lgan hadisi sharif quyidagicha:
يا أيّها الناس، و إيّاكم و الغلوَّ فى الدين فإنّما أهلك من كان قبلكم الغلوُّ فى الدين
“Ey, odamlar! Dinda “g`uluv”ga ketishdan saqlaning! Zotan, sizdan oldingi kimsalarni dinda “g`uluv”ga ketish halok qilgan”. (Nasoiy, 5/3057; Ibn Moja, 2/3029; Ibn Hibbon, 9/3871; Ibn Xuzayma, 4/2867; Hokim, 1/1711; Tabaroniy, 12/12747; Bayhaqiy, 5/9317; Abu Ya`lo, 4/2427).
G`uluv va taassub oqibatida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohga ham ayb taqash kuzatiladi. Bu asosan an`analarga ko`r-ko`rona yopishib olish va mazhabiy taassub hisoblanadi. Ayrimlar urf-odat bilan haqiqiy shar`iy hukm orasini farqlay olmagani, mazhabning asl fatvolari va maqsadlarini anglay olmasligi oqibatida Shayx hazratlarini hanafiy mazhabidan og`ishganlikda yoki moturidiylikdan chetlashganlikda ayblaydilar. Eng qizig`i, u zotni bemazhablikda yoki vahhobiylikda ayblaganlari singari asil bemazhab va vahhobiylar ham u zotni mazhabga – hanafiylik va moturidiylikka yopishib olganlikda ayblaydilar. Taassub va g`uluvning mohiyati ham shu yerda! Demak, mantiq ilmiga asosan yondashadigan bo`lsak, bir-biriga qarama-qarshi bu ikki fikr ham e`tibordan soqitdir! Hanafiylik va moturidiylikni faqat o`zlari o`qib yurgan va shu yurtdagina mutadovil (urfda) bo`lgan kitoblarda deb tushunadiganlardan ayrimlari ana shu hanafiylik va moturidiylikka oid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh o`qigan va o`zlashtirgan kitob va manbalarni ko`rmagan va hatto nomlarini eshitmagan ham bo`lishi mumkin. Shayx hazratlarini bemazhablikda ayblaganlar ham, mazhabga yopishib olganlikda qoralaganlar ham o`z so`zlariga hali birorta ishonarli va asosli hujjat keltira olmadilar. Agar ularning bu gap-so`zlari g`uluv va taassub bo`lmaganda, ular o`z ayblovlari va aytayotgan so`zlariga Shayx hazratlaridan tushuntirish va izoh so`ragan hamda samimiy va xolis turib, bu borada maslahatlashgan bo`lardilar. Taassub va g`uluvning bo`lmag`urligi ham shu yerda! Nima ham derdik!
ILMIY BAHS
Ilm-fan hech qachon bir joyda qotib qolmaydi. Fikrlar ketidan fikrlar, dalillar ortidan dalillar, savollar ustiga savollar kelaveradi. Javob topilgan joydan yana o`nlab savollar chiqadi. Diniy ilmlarda mustahkam o`rnashgan, ijmo` qilingan, o`zgartirib bo`lmaydigan qarashlar ozgina. Bomdod namozining ikki rak`at farzi, tahoratda yuz yuvilishi kerakligi, aroqning haromligi singari o`zgarmas hukmlar bilan birga makonlar, zamonlar va shaxslarga qarab o`zgarib turadigan hukmlar talaygina. Shuning uchun ham: إختلاف أمّتى رحمة – “Ummatimning ixtilofi – turli fikr-qarashlari rahmatdir!” degan hikmat mavjud. Uni hadisi sharif, degan ulamolar ham bor. Jumladan, Mavlono Ali al-qori rahimahulloh ushbu hikmatning hadisda asli borligini tahqiq qilganlar. Shuning uchun ulamolarimiz fiqhiy mavzularda har xil fikr va qarashlarni ilgari surib kelganlar. Zamon va makonga qarab, shaxslar va xalqqa qarab o`z hukmlari va fatvolarini aytib kelganlar. Ayniqsa, bu fiqhda yoqqol kuzatiladi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning chiqargan fatvolari va shar`iy hukmni bildirganlariga qaysidir olim yoki tadqiqotchi qo`shilmasligi, boshqacha fatvo va shar`iy hukmni aytishi tabiiy holdir. Bunday muxolafat umumiy maqsadlar, maslaklari yakdil odamlar orasida ayrim juz`iy masalalardagi farqlar sifatidagina ko`rinadi va bu ilmiy taqozodan kelib chiqadi. Bunday muxolafat adovatdan, ko`rolmaslikdan, taassubdan paydo bo`lmaydi, bir-birovga muhabbat va samimiyat ufurib turadi.
Shuningdek, inson xato va kamchilikdan xoli emas. Kamchilik va xatolar aniq bo`lsa, unga asos ko`rsatilsa, uni tan olmay iloj yo`q. Shayx hazratlari ham barcha buyuk, haqqoniy va rabboniy olimlar singari bu holatga tabiiy qarar edilar. Imomi A`zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhining shogirdlarining ham o`z ustozlariga qo`shilmagan fikrlari bo`lganligini aytar, o`z fikrlariga qo`shilmagan shogirdlarini fikr erkinligi sifatida qo`llab-quvvatlardilar. Asarlaridagi imloviy yoki nahviy kamchiliklar ko`rsatilsa, to`g`rilanishini aytar va va`da berardilar. Eng muhimi, e`tiroz asosli va samimiy bo`lmog`i kerak. G`arazli e`tiroz bo`lmag`ur ta`na va oqibatsiz ayblov kabidir.
XULOSA
Biz mazkur maqolamizda Markaziy Osiyoning oxirgi yuz yilliklarining eng taniqli ulamosi, shayxulislomi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhi haqida u zotga muxolif bo`lganlar va buning sabablari misolida qisqa to`xtab o`tdik, xolos. Muxolif bo`lganlarni va qarshi fikrlarni nomma-nom va so`zma-so`z keltirish ham mumkin edi. Biroq, ularni keltirishning o`zi sui-adab bo`lardi, u holda g`iybatchilardan farqimiz qolmay qolardi… Zotan, shunday buyuk ulamoga nisbatan qarshilik va muxolif bo`lish ana shu buyuklikning oldida hechdir!
Maqola boshida aytilgan fikrni yana takrorlayman: oxirgi to`rt yuz yilda Markaziy Osiyoda yuzlab asar bitgan dindor olimni tarix bilmaydi, oxirgi to`rt yuz yilda Markaziy Osiyoda Shayx hazratlarichalik ulamo sifatida dunyoga tanilgan, islom olamida shuhrat qozongan odamni ham birov bilmaydi. Bilsa, aytsin!
Shuning uchun, unga zamondosh bo`lganingizga, u zotning asarlarini o`qib turganingizga shukr qiling, uning haqqiga duoi xayr qiling. Uni yaxshilik bilan eslang. Haromilar ishini tutmang; hasad qilib, uni ko`rolmaslik kasaliga yo`liqmang; g`uluvga berilib, taassub ham qilmang. Yaxshilar qatoridan joy olmoqchi ekansiz, o`z yurti va butun dunyoda ulamo sifatida, moturidiy-hanafiy-naqshbandiy bo`lib tanilgan bir olimga muhabbat qilavering. “Muhabbat olamni qutqaradi!”, deganlaridek, bu dunyoda munofiqlikdan, u olamda do`zax o`tidan o`zingizni qutqaring. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh esa bu fitnaangiz zamonda bor imkoniyati yetguncha o`tkazgan ilmiy hayoti va diniy faoliyati bilan o`zlarini qutqarib ketgan bo`lsalar, ajab emas. InshaAlloh, shunday bo`lsin!
Karvon bor mahobati va o`ziga ortilgan savob yuklari ila salobat bilan o`tib ketdi, unga qarab hurib-hurib turgan yengiltaklar qoldi, xolos.
Alloh subhonahu va taolo ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning ruhlarini shod qilsin, joylarini jannatdan aylasin, yotgan o`rinlarini ravhi rayhon qilsin! Omin!
Hamidulloh Beruniy
11.03.2016y.
Бисмиллаҳир роҳманир роҳийм!
Аллоҳ субҳонаҳу ва таоло инсониятнинг саодати учун бир неча асли бир динлар қаторида охирги дини – Ислом динини мақбул санаб, “Инна-д-дийна ъиндаллоҳи-л-Ислом!” (“Албатта, Аллоҳ наздидаги дин Исломдир!”) деб танлаб қўйди (Оли Имрон сураси, 19-оят).
Инсониятнинг энг мукаррами Худодан қўрқувчи тақводорроқ кимса эканини – “Инна акрамакум ъиндаллоҳи атқокум!” (“Албатта сизларнинг энг мукаррамроғингиз тақводорроғингиздир!”) деб эълон қилди (Ҳужурот сураси, 13-оят).
Энг тақводорроқ кимса эса фақат ва фақат уламолар бўлишини – “Иннама йахшаллоҳа мин ибодиҳи – ал-Уламау!” (“Шак йўқки, бандалари орасида фақат уламоларгина Аллоҳдан қўрқади!) деб баён қилди (Фотир сураси, 28-оят).
Ҳа, шундай! Аллоҳ таолонинг дини – Ислом динидаги давримиздан ва юртимиздан чиққан энг мукаррам, энг тақводор ҳамда уламоларнинг энг аълами Шайх ҳазратлари Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳматуллоҳи алайҳи ҳазратлари эдилар! Ҳазрат устозимиз Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ XVI-чи асрдан буёғида – Марказий Осиёдан чиққан буюк уламолардан, асримизнинг Ўрта Осиёдан чиққан диннинг мужаддидларидан эканлигида менинг ўзимда шак-шубҳа йўқ! Мен тарихчиман, тарихни, хусусан, Ислом тарихини яхши биламан. Охирги тўрт юз йилда Марказий Осиёда юзлаб асар битган олимни тарих билмайди, охирги тўрт юз йилда Марказий Осиёда Шайх ҳазратларичалик уламо сифатида дунёга танилган, Ислом оламида шуҳрат қозонган одамни ҳам биров билмайди.
Аллоҳ таоло менга кўп яхшилик қилган! Мен ўз давримнинг улуғ олимларида диний таълим олдим. Ана шундай олимларидан бири Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ эдилар. Биз ул зотни давримизнинг буюк олимларидан эканликларини; ўз даврининг илм-ирфонда юксак даражада эканликларини; жуда кўпчилик уламолардан кўра аъламроқ ва фиросатлироқ эканликларини; ўз вақтининг авлиёуллоҳларидан бири бўлганлигини; ўзига хос ва ўз даврига мос ҳол аҳлидан бўлганини; мана-ман деган инсонлардан кўра инсонийлиги ва одамгарчилиги юқори бўлганлигини кўп бора мушоҳада қилганмиз, ўз кўзимиз билан кўриб, қалбан тасдиқлаганмиз. Бироқ, Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг замондошлари орасида Ул зотга қарши бўлганлар каби, Ул зотнинг давраларида бирга бўлганлар орасида ҳақиқий мухолифлар ҳам бўлгани каби Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламга ворис Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳни ҳам ёқтирмайдиган, ул зотга мухолиф бўлганлар топилиши табиий эди. Бу мақола ана шу олимнинг улуғликларини яна бир бор тасдиқлашга ва уларга мухолиф чиққанлик сабабларини таҳлил қилишга бағишланади. Шоядки, бизнинг Сизга муболаға ва ортиқча эҳтирос бўлиб туюлувчи муҳаббатга йўғрилган сатрларимиз Сизнинг қалбингизда ҳам Шайх ҳазратлари Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳматуллоҳи алайҳи ҳазратларига нисбатан муҳаббат уйғотса, иншаАллоҳ!
ОЛИМЛАРГА ҚАРШИ ЧИҚУВЧИЛАР БОР
Ҳар бир ҳаққоний ва раббоний олимга таъна қилингани ва мухолиф чиқадиган одамлар топилгани каби Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳга ҳам мухолиф одамлар чиққанлиги рост. Бу ҳолат ул зоти шариф дорилфанодан дорилбақога реҳлат қилганларидан сўнг ҳам давом этиб келмоқда. Аслида, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг қуйидаги амрларига амал қилган яхшироқ эди:
أذكروا محاسن موتاكم و كفّوا عن مساويهم
“Ўлганларингизнинг яхши хислатларини эсланглар, уларнинг ёмонликларидан тилингизни тийинглар!”. (Абу Довуд, 4/4902; Термизий, 3/1019; Байҳақий, 2/7440; Ибн Ҳиббон, 7/3020; Табароний, 12/13599).
Ҳужжат ул-ислом Имом ал-Ғаззолий раҳматуллоҳи алайҳининг баъзи китобларига айрим ноқобиллар таъналар етказганлар: “Унинг асарлари ўтган давр уламоларининг китобларига тескари, мутакаллим машойихларга қарши, айниқса, у аҳли суннат ва жамоатнинг ашъария таълимотидан ташқари чиққан, унинг асарларида куфр излари бор, унинг асарлари одамларни адаштиради, уларда залолат ва хусрон мавжуд”, дейдиганлар кўпайиб кетган. Қаранг, ҳозир ҳам Имом ал-Ғаззолийдек исломнинг ҳужжати сифатида тан олинган зотнинг асарларига таъна қиладиганлар топилиб туради. У зотнинг асарларини ўқимасликка тарғиб қиладиган, у зотнинг асарларидаги айрим фикрларга, ҳадисларга гап топадиганлар ҳозир ҳам бор. Ана шундайлардан бирига қарши Имом ал-Ғаззолий раҳматуллоҳи алайҳи жаноблари ўзларининг “Файсал ут-тафриқа” асарларини битганлар. Асар муқаддимасида у зот бундай дейдилар:
فأىّ داع أكمل و أعقل من سيد المرسلين صلى الله تعالى عليه و سلم و قد قالوا انه مجنون من المجانين و اىّ كلام اجلّ و اصدق من كلام ربّ العالمين و قد قالوا انه أساطير الاوّلين
و ايّاك ان تشتغل بخصامهم و تطمع فى افحامهم فتطمع فى غير مطمع و تصوت فى غير مسمع!
“Бас, қайси даъватчи пайғамбарлар саййиди Муҳамад соллаллоҳу алайҳи ва салламдан кўра комилроқ ва ақллироқ эканлар, ахир, у зотни ҳам мажнунлардан бир мажнун деганлар-ку?! Қайси гап Раббилоламиннинг каломидан кўра буюкроқ ва тўғрироқ экан, ахир, уни ҳам аввалгилардан қолган асотирлар – афсоналар деганлар-ку?!
Сен ўша (раббоний ва ҳаққоний) олимларга қарши чиқишга машғул бўлишдан узоқ бўл ва уларнинг оғизларини ёпиб қўйишни тама қилишдан ўзингни сақла! Зотан, у ҳолда сен умид қилиб бўлмайдиган нарсани тама қилган бўласан, (умрингда) эшитмаган нарсангни эшитиб қоласан!”. (Имом ал-Ғаззолий. Файсал ут-тафриқа байн ал-ислом ва-з-зиндиқа. – Миср: Саодат, 1907. – Б. 3).
Ибн Асокир раҳимаҳуллоҳ ўзларининг Абу-л-Ҳасан ал-Ашъарий раҳматуллоҳи алайҳига туҳмат ва бўҳтон қилувчиларга раддия сифатида битган асарларида: لحوم العلماء مسمومة – “Уламолар гўшти заҳарлидир!”, деганлар. (“Табйин кизб ал-муфтарий”, 1/5).
Имом ан-Нававий раҳимаҳуллоҳ “ал-Мажмуъ” асарларида буюк фақиҳ саҳоба Абдуллоҳ ибн Aббос разийаллоҳу анҳунинг мана бу гапларини келтирганлар:
من آذى فقيها فقد آذى رسول الله صلى الله عليه و سلم و من آذى رسول الله صلى الله عليه و سلم فقد آذى الله تعالى عز و جل
“Кимки бирор фақиҳга озор берса, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламга озор берган бўлади. Кимки Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламга озор берса, Аллоҳ таолога озор етказган бўлади”.
Аллоҳ таолога озор етказиш оқибати нима? “Саҳиҳ ал-Бухорий”да мана бу ҳадиси қудсий келтирилган:
من عادى لى وليّا فقد آذنته بالحرب
“Кимки менинг валий дўстимга душманлик қилса, батаҳқиқ унга уруш эълон қиламан!”. (Бухорий, 8/6502; Ибн Ҳиббон, 2/347; Байҳақий, 2/6622; Табароний, 12/12719).
Уламолар эса Аллоҳнинг валийларидир. Буни Хатиб Бағдодий раҳимаҳуллоҳ келтирганлар:
ان لم يكن الفقهاء اولياء الله فليس لله ولى
“Агар фақиҳлар Аллоҳнинг валийлари бўлмаса, унда Аллоҳнинг валийси йўқ экан!”.
Аҳли суннат ва жамоатдаги ҳар қандай олимга қарши чиқувчилар, уни эътироф қилмайдиганлар, унга таъна қилувчилар, унинг фикрларига ва қарашларига қўшилмайдиганлар топилиб туради. Қарши чиқилганлик ва мухолиф бўлганликнинг сабаблари ўрганилса, қуйида кўрсатиладиган тўртта сабаб (асли ҳаромилик ва хоинлик; ғулувга кетиш ва таассуб; ҳасад ва кўролмаслик; ҳамда илмий баҳс) мавжудлиги маълум бўлади. Биз Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳга нисбатан қарши ва мухолиф бўлганлар мисолида уларни кўриб чиқамиз.
Ҳозир эса, аввало мақоламиз муқаддимасида Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳни аср мужаддиди деб таърифлаган гапимизнинг исботи сифатида айрим маълумотларни тақдим қилишимиз керак бўлади. Зотан, бу буюклик олдида қарши чиқилганлик ва мухолиф бўлганлик ҳеч нарса бўлмай қолади.
АСР МУЖАДДИДИ
Ислом динига эътиқод қилувчилар илму фаннинг турли соҳаларида бошқа халқларга нисбатан пешқадам ва ўрнак бўлиб келганлар. Диний илмлар ўз-ўзидан диннинг ривожи учун тараққий қилдирилган. Шу билан бирга дунёвий илмлар – тиббиёт, жуғрофия, нужум, фалакиёт, зироат, ҳайъат, ва ҳатто, мусиқа жуда ривожланган ва Оврўпо халқларининг илмий асосларига пойдевор бўлган.
Бироқ, илм тараққиёти ва ривожи билан бирга таназзули ва таваққуфи ҳам табиий равишда кузатилади. Бир юртда ривожланаётган илм бошқа юртда йўқолиш даражасига тушиб қолиши мумкин. Ана шундай вақтларда илмнинг пасайиб қолган, тўхталиш кузатилаётган соҳасини ривожлантирадиган, одамларни маълум бир фан соҳасига қизиқишларини уйғотиб юборадиган, маълум бир илм соҳасида энг пешқадам устози даражасига кўтарилган, халқ ўша илм соҳасида унга мурожаат қиладиган илмпарвар, билимдон кимсаларга эҳтиёж туғилади. Мана шундай муҳтож бўлинадиган зотлар ҳар асрда пайдо бўлади. Бу ҳақда Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг ўзлари башорат қилган эканлар.
Машҳур саҳоба Абу Ҳурайра разийаллоҳу анҳудан ривоят қилинган ҳадиси шарифда Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи ва саллам бундай деб марҳамат қилганлар:
انّ الله تعالى يبعث لهذه الأمّة على رأس كلّ مائة سنةٍ من يجدّد لها دينها
“Албатта Аллоҳ таоло бу уммат учун ҳар юз йилнинг бошида уларга динини янгилаб турадиган кимсани юборади”. (Абу Довуд, 2/4291; Ҳоким, 4/8592).
Яъни, ҳар бир асрда суннатни бидъатдан ажратиб берадиган; илмни кўпайтирадиган; илм аҳлининг қадри юксаклигини кўрсатиб қўядиган, азиз қиладиган; бидъатларни йўқотиб, бидъат аҳлини синдирадиган; бир сўз билан айтганда, дини исломга қувват ва ривож бағишлайдиган кимса вужудга келади. Мана шу олим, ҳадисда башорат қилинганидек, мужаддид деб аталади. “Мужаддид” – янгиловчи ва тозаловчи, деган маънода бўлиб, у “мужтаҳид”дан фарқ қилади. Мужтаҳид йўқ жойда янги ариқ-анҳор қазиб чиқарса, мужаддид бирор сабаб билан қуриб қолган ёки кўмилиб кетган ана шу ариқ-анҳорда яна янгидан сув оқишига сабаб бўладиган, кўмилиб қолган ариқ-анҳорни тозалаб, унда сув равон оқишини таъминлаб берадиганни айтилади. Мужтаҳид билан мужаддиднинг фарқи шу ерда.
Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ ҳазратлари Марказий Осиёда фаолият олиб борган ана шундай зотлардан бири эдилар. У зот аҳли суннат ва жамоат ақоидида мотуридий ақидасида, амалиётда ҳанафий мазҳабида, тариқатда эса нақшбандий бўлган давримизнинг буюк зотларидан бири эдилар. Буни ул зотнинг ҳаётини кузатган, илмий ишларини тадқиқ этган, хайрли амалларини таҳлил этган минглаб, балки миллионлаб одамларнинг диний саводи ошишига ҳисса қўшганлигини тушунган ҳар бир одам яхши билади.
Жумладан, у зот диний илмларнинг ҳар бир соҳаси учун алоҳида, содда ва барча тушунадиган услубда китоблар таълиф қилдилар. Мужаддидликнинг аҳамияти ҳам шу ерда: у зот араб тилида ёки ўзлари яхши билган бошқа тилларда асарларини ёзганларида, эҳтимол, бундан-да кўра обрўлироқ, машҳурроқ бўлар эдилар. Лекин, у зот том маънода ўз халқининг одами эди, ўз юртини, Ватанини севадиган инсон эди. Шунинг учун ҳам, асарларини шу юрт, шу халқнинг тилида ёзишни ўзига лозим тутдилар.
Биз таъкидлаётган мужаддидликнинг моҳиятини билишнинг бир йўли бор. Ҳар бир нарса солиштириш ва қиёслаш билан ойдинлашади:
Охирги тўрт юз йил ичида Марказий Осиёда барча илмлар ва миллий маданият қатори диний илмлар ҳам сусайиб борди. Ҳанафийлик мазҳабига асосланган диний илм-фан ҳақли равишда Истанбул тарафларга, ундан эса Ҳиндистон томонларга ўтиб кетган эди. Натижада, Марказий Осиёда илмий соҳалар ростакамига қотиб қолди, қилни қирқ ёрадиган уламолар, ҳар нарсага қодир мударрислар, тоғни талқон қиладиган толиби илмлар беш юз йил аввалги Бухоронинг ва Мовароуннаҳрнинг буюклигига маҳлиё бўлиб, ўша даврларда битилган асарларни, унда ҳам ҳаммасини эмас, балки бир-икки – фақатгина ўлкадагина мутадовил (урфга кирган) китобларни ўқиб юравердилар. Уларга ҳеч бўлмаганда тушунтириш ёки изоҳлар битишга уруниб ҳам кўрмадилар. Тушунтириш ёки изоҳлар битиш у ёқда турсин, ҳанафийликда мана шу ўлкада мутадовил бўлган ана шу китоблардан бошқа ҳам китоблар борлиги, унда ҳам ҳанафийликнинг энг асосий, энг мукаммал баёни келтирилиши мумкинлигини тан олмадилар, “Бу бизнинг ўлкаларда мутадовил китоб эмас!”, дея ҳатто ўқиб кўриш ва варақлашдан ҳам қайтариб келдилар. Энг ачинарлиси, ана шу мутадовил бўлган китобларнинг ҳатто ҳаммасини – бошдан-охир ўқиб чиқмадилар. Мадрасада дарслик бўлган катта-катта китобларнинг муқаддимаси, бошланиши, нари борса биринчи жилди ўқитилиб қолди …
Тўғри, бир қанча шарҳлар бор, лекин уларнинг барчаси, ишонасизми, мантиқ, исломий фалсафа ҳақидадир, араб тилшунослигининг энг-энг нозик масалаларига бағишлангандир. Соф диний илмлар – тафсир, ҳадис, калом ва ниҳоят фиқҳ кабилар, аксар уламолар, аниқроғи барчанинг назаридан четда қолиб келаверди. Бунга урунганларни эса “мужтаҳидлик даъво қилмоқда”, “фиқҳдан ҳам илм бўлибдими, ҳақиқий илм “Мушкилот”дадир”, “бу оддий “Мухтасар”хон-ку?!”, “бу чўлоқ банданинг қўлидан нима ҳам келарди!”, дея бўлар-бўлмас ҳақоратлар қилиб келинди. Қуръондан ёки ҳадисдан гапирганларни ижтиҳод даъвогари деб айбланди. Аслида, ижтиҳод фақатгина аҳком оят ва ҳадисларга тегишли, фақат ва фақат шариатнинг ҳукм олинадиган манбаларига тааллуқлидир. Шундай экан, ҳеч бўлмаганда, одоб-ахлоққа оид оят-ҳадислар, тарихга оид қуръоний ва ҳадисий қиссалар тафсир ва шарҳ қилиниши мумкин эди-ку?! Бироқ, минг афсуслар бўлсинки, ана шу тўрт юз йилда бу хилдаги ишлар ҳам қилинган эмас. Ҳа, охирги тўрт юз йилда буюк Мовароуннаҳр, буюк Туркистоннинг диний аҳволи мана шу эди! Бу ўтган тўрт юз йиллик уламоларни ёмонлаш эмас, асло. Балки, бу ўша даврлар тарихини билдириб, тарихдан сабоқ чиқариш учундир. Зотан, мозийга қайтиб иш кўриш хайрлидир!
Ва ниҳоят, руслар босқини юз берганидан сўнг, диний илмларни бутунлай борбод қилинди, одамлар диндан узоқлашиб кетдилар, диний илм ўқиш у ёқда турсин, Қуръонни ёдлаб, сақлаб қолишнинг ўзи мураккаб иш бўлиб қолди. Яширин таълим-тарбия ишлари ҳам тезликда, асосий дарсликларни ўқитиш ва қисқа матнларни ёд олдириш билан амалга оширилиб келди. Бундан бошқа иложи ҳам йўқ эди, китоб ёзиш, уни оммага тақдим қилиш ҳақида гап ҳам бўлиши мумкин эмасди. Шукрки, истиқлол неъмати бизга буюк ислом неъматини олиб келди, диний саводхонликни, диний билимларда олим ва уламо бўлишни олиб келди. Биласизми, мустақилликдан энг кўп дин ва диндорлар ютди!
Шундай вақтда тарих саҳнасига буюк уламо Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ чиқиб келдилар. У зот қўлларидан келган барча ишларни изчиллик билан, қатъий режа ва тартиб билан амалга оширдилар. Унга Парвардигори оламнинг ўзи мададкор бўлди, Аллоҳ таоло унга хайрихоҳларни кўпайтирди, унинг ишини қўллаб-қувватлаб турувчиларнинг сонини оширди, унга ихлос қўйган бутун бошли, озод ва обод буюк давлатда яшовчи ЎЗБЕК ХАЛҚИни юзага чиқарди. Шу орада, унга ҳасад ила боқадиганлар ҳам топилиб қолди, унинг ишига тўсқинлик қилишни мақсад қилганлар ҳам фаолият олиб борди. Бироқ, уларнинг қўлларидан ҳеч нарса келмади, келмайди ҳам. Зотан, Қуръон оятидан маълумки, ҳақ келганда ботил йўқ бўлувчидир (Исро, 81).
Унинг ишларини инсоф билан кузатиб, унга инсоф билан хайрихоҳ бўлмай илож йўқ. Қаранг, бир таҳлил қилишга урунсак:
1) “Тафсири Ҳилол”. Бу китоб олти жилддан иборат бўлиб, ўзбек тилида қилинган йирик ҳажмли илк тафсир ҳисобланади! Тўғри, ундан олдин, фақат XIX-чи асрга келибгина Хоразмда “Тафсири Ҳусайний” ўзбек тилига таржима этилди. Уни Алишер Навоий раҳимаҳуллоҳ даврида яшаган улуғ олим Ҳусайн Воиз Кошифий раҳимаҳуллоҳ форс тилида битган, катта ҳажмли бир жилддан иборат тафсир. Бироқ, бу “Тафсири Ҳусайний”нинг ўзбекча таржимаси ҳам қўлёзма ҳолида бир-икки нусха кўчирилган, холос. ХХ асрда эса ўзбек тилида иккита тафсир битилди. Улар Олтинхон тўра Маҳмуд Тарозий раҳимаҳуллоҳ ва Мавлавий Домла Ҳиндистоний раҳимаҳуллоҳнинг тафсирлари бўлиб, улар бир ёки икки жилдли, кўпроқ таржима маъносида эди. Замона одамига тушунарли, содда ва кенг тушунчалар билан қилинган тафсир ҳозиргача “Тафсири Ҳилол” ҳисобланади. Ундан сўнг Шайх Абдулазиз Мансур ҳафизаҳуллоҳнинг Қуръони карим маъноларининг таржима ва тафсири халқимиз учун энг-энг керакли китоб бўлиб турибди.
Қуръон каримни ўрганиш борасида алоҳида илм шаклланган. Уни “Улум ал-Қуръон” (“Қуръон илмлари”) деб аталади. Унда тафсир қилиш усуллари, қироат илми, носих ва мансух масалалари кабилар ўргатилади. Охирги 400 йиллик тарихда Ўрта Осиё мадрасаларида ушбу соҳага оид бирорта асар ўқитилгани ёки шу ерлик олимларнинг бирортаси ушбу соҳага оид асар ёзганлиги маълум эмас! Шайх ҳазратлари илк бор ўлиб кетган бу илмни ҳам тирилтиришга ҳаракат қилиб, “Қуръон илмлари” деган алоҳида катта ҳажмдаги асарларини битиб, кўп нусхада нашр қилдирдилар.
2) “Ҳадис ва ҳаёт”. Бу 39 жилддан иборат йирик ҳажмли, ҳадис соҳасида қомусий асарлардан бири. Бу ҳажмдаги иш охирги 400 йил ичида Марказий Осиё ҳудудида қилинган эмас! Агар фаразан уни илмий текшириш институти жамоаси қилишга урунганида ҳам бутун бошли институтнинг мана-ман деган илмий жамоаси ҳукуматдан катта-катта маошлар олиш эвазига ўн йиллар давомида қилиши мумкин эди, холос. Бу гапда муболаға йўқ! Хуллас, ушбу асар битилиб оммага тақдим этулгунга қадар ҳадис соҳасида Марказий Осиёда фақат ва фақат кичик ҳажмли “Арбаъин”лар тузилган ёки уларгагина шарҳлар битилган. Лекин, улар ҳам бутун дунёга машҳур ва “Арбаъин”лар орасида алоҳида юксак мавқеъга эга Имом ан-Нававий раҳимаҳуллоҳнинг асарига шарҳ қилинган эмас. Афсуски, Мовароуннаҳр ва Ўрта Осиё мадрасаларида тинмай ўқитилган, ихлос билан ўқилган “Мишкот ал-масобеҳ”га ҳам бирорта шарҳ ёзилган эмас, бунга уруниб ҳам кўрилмаган. Яна Хоразмда XIX-чи асрда Ҳиндистонда туғилиб-ўсган, асли келиб-чииши ўзимиздан бўлган ҳадисшунос олим Абдулҳақ Деҳлавий раҳимаҳуллоҳнинг “Ашъат ул-ламаот” номли шарҳи таржима қилинишга урунилган. Бироқ, ушбу таржима оммага ва ҳатто уламоларга ҳам тарқатилмасдан, қўлёзма ҳолида қолиб кетган, албатта.
Ҳадис фанини мукаммал ва изчил ўргатишдан аввал унинг назарий қисми “Мусталаҳ ул-ҳадис” (“Ҳадис фанида ишлатиладиган атамалар изоҳи”)га оид рисола ва маълумотлар ўқитилган. Бироқ, афсуски, ҳадис илмида ўта муҳим бўлган ушбу соҳа ҳам охирги 400 йиллик даврда Марказий Осиёнинг мадраса таълим дастурларида учрамайди, бу борада бирорта арзигулик асар битилганлиги маълум эмас! Тўғри, Бухоронинг улуғ муфтийларидан бири, XVII асрда яшаган Муҳаммад Шариф ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳ бу борада битта рисола ёзишга ҳаракат қилган ва у 3-4 варақли ҳажмда бўлиб, қўлёзма ҳолида қолиб кетган. Шайх ҳазратлари эса ушбу ўлиб, йўқ бўлиб кетган соҳани ҳам тирилтириб, алоҳида “Мусталаҳул-ҳадис” номли йирик ҳажмли асарни чоп қилдирдилар. Бу соҳага ҳозирда қизиқиш ортиб бормоқда, ўзимиздаги исломий ўқув даргоҳларининг ўқув дастурларига киритилган.
Бундан ташқари буюк муҳаддис Имом ал-Бухорий раҳимаҳуллоҳнинг “ал-Адаб ал-муфрад” асарининг 4 жилддан иборат “Одоблар хазийнаси” номли таржима ва изоҳли шарҳи, Ҳусайн ибн Ҳасан Марвазий раҳимаҳуллоҳнинг “Китоб ал-бирри ва сила” асарининг “Яхшилик ва силаи раҳм” номи билан қилинган таржима ва шарҳи, 4 та кичик ҳажмли алоҳида-алоҳида рисолалардан иборат “Исломнинг мадори бўлган ҳадислар” рукнининг эълон қилиниши ҳадис илми соҳасида бир шахс томонидан асрларни ёритиб турадиган нақадар улуғ ишларни амалга оширилганини англатади.
3) Ақоид ва илми калом бўйича қилинган илмий ишлар. Бу борада алоҳида йирик ҳажмли 3 та асар битилган. “Сунний ақидалар”, “Ақоид илми ва унга боғлиқ масалалар”, “Ақийдатут-таҳовия” шарҳининг талхиси кабилар оммага тушунарли тарзда битилганки, мусулмонлар уларни ўқиб, ўзларининг ақидаларини тўғрилаб, аҳли суннат ва жамоат ақидасида мустаҳкам бўлишлари шак-шубҳасиздир. Қадимда ақида ва калом илмига оид асарлар битилган. Жумладан, XVII-XIX асрларда “Шарҳ ал-Ақоид ан-насафия”га, “Шарҳ Мулла Жалол Даввоний”га бир қанча ҳошиялар ва таълиқалар қилинди. Бироқ, мазкур асарлар ўша даврлардаёқ таълим дастурларининг “Мушкилот” қисмига оид бўлиб, уларнинг мазмуни ақидадан анча олислаб, мантиқ ва фалсафий маъно-мазмунларга чулғаниб кетган эди. Ҳозирда қўлёзма ва тошбосма асарлар каталогларини тайёрловчи мутахассислар ушбу асарларни ақида соҳасига эмас, фалсафа ёки мантиқ бўлимларига жойлаштиришларининг сабаби ҳам шунда. Хуллас, ақида ва каломга оид асарлар чоп қилдирган ўтмиш ва замондош аҳли илмларнинг ҳурматини жойига қўйган ҳолда айтишим керак, охирги 400 йил ичида халқ севиб ўқийдиган, ўз ақидаларини тўғрилаш мақсадида қўлига оладиган, ақидага оид энг оммабоп асарлар Шайх ҳазратлари томонларидан битилди.
4) Фиқҳ соҳаси. Оҳ! Бу борада қилинган ишларнинг таъсири 400 йиллик тарихни бемалол ёритиб туради! Шайх ҳазратлари ХХ аср охири – XXI аср бошларидаги Ўрта Осиё, айниқса, Ўзбекистон ҳудудида яшовчи халқлар учун ҳанафий фиқҳи соҳасида асрларга татигулик буюк мерос қолдирди. Ҳанафий мазҳабининг улуғ мўътамад матни “Мухтасар ал-Виқоя”га “Кифоя” номли шарҳ битилди. Айтиш керакки, XVI-чи асрдан бери унга далиллар билан таъминланган шарҳ битилмаган! “Мухтасар ал-Виқоя” – мадрасаларда фиқҳдан энг асосий дарслик бўлишига қарамасдан, уни толиби илмлар тўла ёд олганларига қарамасдан, на араб тилида ва на форс ва на туркий тилида унга шарҳ ёзилмаган! Албатта бу эътироф анча кенг тарқалган ва оммабоп бўлган бир неча шарҳларни назарда тутмагандадир. XVI-чи асрда Марказий Осиёда “Мухтасар ал-Виқоя”га Шамсиддин Кўҳистоний раҳимаҳуллоҳнинг “Жомеъ ар-румуз”, Мавлоно Абу-л-Макорим раҳимаҳуллоҳнинг “Шарҳи Ниқоя”, Абдулали ал-Биржандий раҳимаҳуллоҳнинг “Шарҳ ан-Ниқоя” ҳамда Жалолиддин ад-Даввоний раҳимаҳуллоҳ, Жамолиддин Гўримирий раҳимаҳуллоҳ ва Муҳаммад Солиҳ раҳимаҳуллоҳнинг форс тилидаги шарҳ-таржималари битилган. Ундан сўнг то ХХ аср бошигача бирорта шарҳ учрамайди. Шу вақт туркий тилда “Мажмаъ ал-мақсуд” ва “Назми Мухтасар” битилди. Улар ҳам XVI аср биринчи ярмида битилган, “Мухтасар ал-Виқоя”нинг ажойиб шарҳи “Жомеъ ар-румуз” асосида ёзилган. Мазкур шарҳларнинг ҳаммасида ҳанафий мазҳаби фиқҳининг оят ва ҳадислардан далиллари учрамайди. Шундай экан, оммага ва инсофли уламоларга мақбул бўлган, асосийси, далиллар билан таъминланган шарҳни Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф ҳазратлари битдилар, дея оламиз. Авлиёи барҳақ, олими мутлақ устозим Шайх Дўстмуҳаммад Турсун қуддиса сирруҳу ушбу “Кифоя”ни сотиб олиб, шахсан ўзлари одамларга тарқатганлиги, уларнинг ҳузурларида “Кифоя”дан тўлиқ битта китоби – бўлимлари ўқилиб эшиттирилгани каби ҳолатларни халқ ва домлалар орасидан олиб мисол тариқасида юзлаб келтириш мумкин.
Фиқҳнинг назарий масалаларига бағишланган соҳаси усул ал-фиқҳ ва фиқҳий йўналишларни ўрганиш соҳаси бўлиб, бу соҳа ҳақиқатдан ҳам Ўрта Осиёда охирги 400 йил давомида ўлиб бўлган соҳа эди. Бу даврда ушбу соҳага оид бирорта асар Ўрта Осиёда ёзилганини тарих билмайди! Шайх ҳазратлари “Усулул фиқҳ”, “Фиқҳий йўналишлар ва китоблар” каби катта ҳажмли асарлари ана шу долзарб ва муҳим соҳага бағишланган.
Фиқҳ ҳақида гапирилар экан, фиқҳий ихтилофлар, одамлар орасидаги тушунмовчиликлар, ҳар хил масалаларга жавоб беришларни эсламасдан иложимиз йўқ. Бу соҳаларда Шайх ҳазратлари яна катта фидоийлик кўрсатиб, жуда катта ва улкан ишларни амалга оширдилар. Ўтган 400 йиллик муфтийларнинг ва фатво берувчиларнинг фатволари бунчалик оммалашмаган, берилган фатволарнинг амалига бунчалик кўп одамлар ёппасига киришмаган эди. “Мазҳаблар – бирлик рамзи”, “Ихтилофлар, сабаблар, ечимлар”, 4 жилддан иборат “Зикр аҳлидан сўранг” асари ва шу номдаги 100 дан ортиқ сондаги ойномалари, “Бозор ва унга боғлиқ масалалар”, “Қарз ва унга боғлиқ масалалар”, “Мўминнинг меърожи – муфассал намоз китоби”, “Рамазонни қаршилаб” каби асарлари халқимизнинг, ўзбек халқининг, Ўрта Осиё халқларининг ҳанафий мазҳабида мустаҳкам туришлари, мазҳабга ихлосли бўлишлари, фиқҳий масалаларда саводхон бўлишилари учун қиёси йўқ катта диний хизмат ҳисобланади.
5) Исломнинг учинчи йирик йўналиши бўлмиш тасаввуф ва руҳий тарбия соҳасида ҳам Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ буюк ишларни амалга оширдилар. Ҳақиқатдан ҳам, Шайх ҳазратлари тасаввуфни, тариқатни тўғри тушунтириб берган ва қабул қилдира олган зот ҳисобланади. “Тасаввуф ҳақида тасаввур” асарлари, 3 жилддан иборат “Руҳий тарбия” асарлари, исломий муомала ва одоб-ахлоққа оид ўнлаб катта-кичик асарлари, “Исломда инсон ҳуқуқлари”, “Ижтимоий одоблар”, “Исломда экология”, “Ислом – соф табиат дини”, “Ёлғон”, “Исроф” ва фолбинликка қарши ёзилган асарлари кабилар шулар жумласидандир. Айниқса, 5 жилддан иборат “Хислатли ҳикматлар шарҳи” бу йўналишдаги битилган ишларнинг энг чўққиси бўлиб қолди.
Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ замон билан ҳамнафас яшар, балки тафаккур сарҳадларида ўз элдошларидан анча олдинлаб кетган, одамларни тўғри йўлда бўлишларига ҳамда тинчликда, фароғатда ҳаёт кечиришларига ҳарисманд зот эдилар. “Оила фароғат қасри”, “Бахтиёр оила”, “Кексаларни эъзозлаш”, “Соғлом бола”, ва ниҳоят, “Дин насиҳатдир”, “Очиқ хат” каби катта-кичик китоб ва рисолалари бу гапимизни тасдиқлаб турибди.
6) Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ бу хилдаги буюк асарларни таълиф қилиш ва нашр эттириш билан чекланиб қолганлари йўқ, уларни рус ва қозоқ тилларига таржима қилдириб, нашр қилдирдилар. Энг асосийси, тасвирли ва овозли дискларда 50 дан ортиқ чиқишлар қилдилар. Радиода ҳар ҳафта мунтазам чиқишлари, Рамазон ойида масжидларда ҳар кунги суҳбатлари тўхтамасдан бўлиб турди. Булар ҳам ҳозирги тараққиёт даврида китоб ўрнини босадиган ўта долзарб ва муҳим ишлардан ҳисобланади.
Интернет соҳасида ўзида 20 дан ортиқ сайтни бирлаштирган Islom.uz порталига раҳбарлик қилишлари, ҳар куни 200 га яқин одамларнинг сўровларига шаръий жавоблар беришлари ҳам у зотнинг буюклигининг бир нишонасидир.
Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳнинг ишлари булар билан тугаб қолмади. Афсуски, қисқа умр айрим ишларини тугатишга ва натижасини кўришга вафо қилмади. “Олтин Силсила” лойиҳасида сиҳоҳи тисъа – тўққизта саҳиҳ ҳадислар тўпламидан иборат исломнинг энг буюк ҳадис китобларининг таржимасини қарийб 50 жилдли қилиб нашрга тайёрлаш ишлари амалга оширилмоқда эди. Улардан фақат йирик ҳамли 5 жилди нашр қилинди. Шунингдек, 10 жилддан ортиқ бўлиши кўзланаётган “Ислом қомуси”ни тайёрлаш ишлари қизғинлик билан бошлаб юборилган эди. Имоми Аъзам Абу Ҳанифа раҳматуллоҳи алайҳининг “ал-Фиқҳ ал-акбар” асарлари таржима ва шарҳ қилинган эди. Машҳур “Баҳр ар-роиқ” асарининг муаллифи Ибн Нужайм ал-Мисрий раҳимаҳуллоҳнинг “ал-Ашбоҳ ва-н-Назоир” асарлари, таниқли замондош фақиҳлардан Муҳаммад Тақий ал-Усмоний ҳафизаҳуллоҳнинг замонавий масалаларга бағишланган 2 жилддан иборат “Буҳус” китоби кабиларнинг таржималари нашрга тайёрланмоқда эди. Шунингдек, 2 жилддан иборат “Ислом тарихи” асарлари ҳам нашрга тайёрланган. Буюк ҳанафий фақиҳи Бурҳониддин ал-Марғиноний раҳматуллоҳи алайҳининг буюк асари “ал-Ҳидоя”нинг тўлиқ таржимасининг таҳрир ишлари устида ўтирган эдилар.
Шунингдек, ҳафтанинг бер неча кунида бир неча ҳалқадан иборат шогирдлар даврасида илмий сабоқ ва дарслар, ойда икки бора шогирд ва ҳаммаслаклар билан бирга илмий баҳслар ва маслаҳатлар бўлиб турган.
Бу хилдаги йирик ҳажмли илмий ишларнинг кўлами ва миқёсини кўриб, тан олмасдан илож йўқ! Ҳақиқатдан ҳам буларнинг бари Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳни қадим Мовароуннаҳр ва Туркистондаги асримиз мужаддиди сифатида кўрсатишга ҳақли эканлигимизни англатади.
ҲАРОМИ ВА ХОИНЛАР УЛАМОЛАРГА ҚАРШИ ЧИҚАДИ
Заҳарнинг заҳар эканлигини калласида ақли бор барча инсон зоти билади, заҳарнинг ўлдирувчи эканлигини исботлаб ўтириш шарт эмас. Бироқ, асли калласида “иш” бор, ақли-ҳуши жойида бўлмаган, зоти паст, бир сўз билан айтганда ҳароми инсонлар юқорида айтиб ўтилган لحوم العلماء مسمومة – “Уламолар гўшти заҳарлидир!”, деган ҳикматнинг асл маъносини билишмайди. “Валади зино ўзига яхшилик қилган инсонга ёмонлик қилмагунча дунёдан ўтмайди!”, деган нақл ҳам бор. Ҳаққоний уламоларга ёмонлик қиладиган, уларнинг ҳурматини поймол қилишга урунадиган, элу юртда обрў қозонган уламоларни ёмонотлиқ қилишга ҳаракат қиладиган, раббоний уламоларнинг виқори-салобатидан ҳайиқмайдиган касларни мен ўшанга ўхшатаман. Бу борада Имом аш-Шофеъий раҳимаҳуллоҳнинг бир қиссасини келтириш мумкин:
Исломнинг энг буюк уламоларидан бири Имом аш-Шофиъий раҳимаҳуллоҳ бир куни уламолар ва шогирдлар даврасида илмий суҳбат қуриб ўтирган эканлар. Мадраса дарвозаси очиқ экан. Мадраса олдида ёш болалар копток ўйнаб юрар, уларнинг бақир-чақири ва шовқин-сурони эшитилиб тураркан. Шунда, ногаҳон, копток дарвозадан кириб келиб, уламолар даврасига тушибди. Бирдан болалар шовқин-сурони жим бўлибди, болалар уламоларнинг илми-ирфони, виқор-салобати сабабидан коптокни келиб, олиб кетишга қўрқибдилар, ийманибдилар, уялибдилар. Болалар дарвоза олдида қотиб қолибдилар. Шунда бир бола журъат қилиб мадрасага кирибди ва уламоларнинг дарс ҳалқаси ўртасидан коптокни олиб кетибди. Имом аш-Шофиъий раҳимаҳуллоҳ: “Уламолардан ҳаё қилмаган бу бола валади зино – ҳароми бўлса керак. Бошқа болалар уламолардан ийманиб, илмий даврага суқилишга ҳаё қилдилар”, дебдилар. Шогирдлар суриштириб-қарашса, дарҳақиқат Имом аш-Шофиъий раҳимаҳуллоҳнинг фаросатлари тўғри чиқибди…
Бугунги кунда юртимизда туғилиб-ўсган, тузини еб, тузлиғига тупурган, жонажон Ватандан бош олиб чиқиб кетган, ҳозирда ватангадо бўлиб юрган айрим кимсалар уламоларимизни ва домла-имомларимизни сўкиб, ҳақорат қилиб, азиз юртдошларимизни ёмонлаб чиқишмоқда. Аввалига давлат ва ҳукумат аҳлини ёмонлаб юрганлар, ҳеч иш чиқара олмагани боис уламоларимизга ўтди. Уларнинг энг катта нишони Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ бўлиб қолди. Менимча, ҳар бир юртни ёмонотлиқ қилувчи, яхшиликдан ҳам ёмонлик қидирувчи, буюликка интилаётган давлатларни кўра олмайдиган иғвогар, чақимчи ва туҳматчиларнинг тузоғига илинганлар барча замонларда ва ҳамма маконларда мавжуддир.
Уларнинг асосий айбловлари Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳни, шунингдек, бошқа домла ва имом-хатибларни сарой уламоси, давлат ва ҳукумат малайи деб айблашларидир. Улар бундан бошқа айб топа олишмайди, Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳнинг китобларини ҳам тўлиқ ўқиб чиқишмаган, узоқ-узоқларда туриб, валақлашаверади. Ҳа, аслида, пухта суриштириб чиқсангиз, ана шу айбловни айтаётганларнинг ўзлари турган маконларидаги давлат ва бошқарувнинг гумашталари эканлигига шубҳа йўқ. Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ сиёсатга учталоқ берган зот эдилар. У зот ҳар бир нарсани шариат тарозиси билан ўлчар, шаръий ҳукмлардан келиб чиқиб, ўз ҳукмини айтар эдилар. Афъоллари шариат кўрсатмасига мувофиқ бўларди…
Динсиз советлар даврида реакцион уламолар, сарой шоири ва маддоҳи деб қанча-қанча уламолар, адиблар бадарға қилинганини, ҳаёти ва ижодини ўрганишдан четлатилганини зиёлилар қатлами яхши билишади. Бугунги кунда ҳам ана шундай бўлмағур айбловни, асосан, ғўр ёшлар, Ватандан ташқарида юрган ватангадолар ҳамда юрт озодлиги ва ободлигини кўра олмаётган кучлар тез-тез тилга олишмоқда ва ёзувларида тез-тез қайд қилиб кетмоқдалар. Улар бутун халқнинг ва ҳукуматнинг ҳурматига сазовор бўлган уламоларга ва домлаларга ҳам шу таънани отмоқдалар. Масалан, ғирт иғвогар қайсидир радио, газета ёки интернет саҳифаси ҳам “сарой шоири”, “сарой маддоҳи”, “сарой уламоси”, ҳатто “сарой ҳофизи” ва “сарой хонандаси” каби жумлаларни тез-тез қўллайди…
Ўтган жами уламолар ва маърифат аҳлининг ҳаёти-фаолияти кузатилса, уларнинг аксарияти ўз давлати ва ҳукумати аҳли билан яқин борди-келдида, уларнинг моддий ва маънавий қўллаб-қувватлаши натижасида илмий фаолият олиб борганлар. Шунинг натижасида тинчлик ва ободонликка, диний ишларнинг ривожланишига, диний илмларнинг тараққий этишига буюк ҳисса қўшганлар.
Абдуллоҳ ибн Умар разийаллоҳу анҳу ва Анас ибн Молик разийаллоҳу анҳу каби саҳобалар; Ҳасан ал-Басрий раҳматуллоҳи алайҳи каби буюк тобеъинлар; Абу Юсуф раҳимаҳуллоҳ ва Имом Молик раҳимаҳуллоҳ каби мужтаҳидлар; Абу Райҳон Беруний раҳимаҳуллоҳ, Қозизода Румий раҳимаҳуллоҳ каби қомусий олимлар; Саййид Шариф Журжоний раҳимаҳуллоҳ ва Саъдуддин ат-Тафтазоний раҳимаҳуллоҳ каби мутакаллимлар; Имом Ғаззолий раҳимаҳуллоҳ каби ислом динининг ҳужжатлари давлат раҳбарлари билан яқин муносабатда, сарой аҳли билан борди-келдида бўлиб, илм-фан ва диний илмларнинг тараққиётига буюк ҳисса қўшгандилар. Бу рўйхатни узоқ давом қилдириш мумкин…
Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳга айб қўяётганлар ўзлари кўрган ёки эшитган айрим муаммоларни пеш қилиб, буларнинг сабабчисини гўё Шайх ҳазратлари деб кўриб, у зотни сиёсатни бутун туриши билан ёқловчи, муаммолар ҳақида умуман гапирмайдиган, зулму-ситамларга қарши чиқмайдиган кимса деб гумон қилдилар. Айрим гумонлар гуноҳ эканлиги Қуръонда айтилган (Ҳужурот, 12). Ана шу гумонлари сабабли улар гуноҳга ботганлигига менда шак-шубҳа йўқ! Шайх ҳазратлари муаммолар ечими ҳақида бош қотирганлари, ўшалар жабру ситам деяётган ҳолатлар ҳақида сиёсат аҳлига айтганлари, эслатганлари, муаммолар ечими борасида маслаҳат солганлари, айрим ҳолатлар ҳақида норозилик билдирганларида ҳам менда шак-шубҳа йўқ. Аслида, Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ ҳазратлари анавилар гапираётган муаммолардан кўра каттароқ ва кўпроқ масалалар борасида қайғурар, бош қотирар, ечимини излаб умр ўтказар эдилар…
Ҳа, шу ерда савол беришга ҳақлимиз: Ватанга тош отаётганлар, Ватан ободлиги ва буюклиги учун ҳормай-толмай хизмат қилаётганларга таъна қилаётганлар, элу юртда обрў қозониб, қўлидан келганча диний хизматда камарбаста бўлиб турганларни ёмонлаётганларнинг ўзлари Ватанга ва бу дунёга нима қилиб қўйдилар?! Бирорта рисола ёзиб, динга хизмат қилдиларми? Ҳақиқий ва илмий равишда изчиллик билан талабаларга диний таълим-тарбия бердиларми? Халқ хизматида туриб, намозининг, ибодатининг комил бўлиши йўлида ўзининг бор билими ва имкониятини сарфлаб, авом халқнинг диний савиясини сал-пал бўлса-да ошишига ҳисса қўшдиларми? Ўзининг ишлаб-топган маблағининг бир қисмини ажратиб, бирорта масжид қурилишигами, маҳалланинг ободончилигигами ҳомийлик қилдиларми? Йўқ, улар нуқул китоб ёзганларни ёмонлайдилар, қўлидан келганча хизмат қилаётганларга таъна қиладилар, ободончилик ишларига ҳомийлик қилиш ўрнига вайронкорликни, урушни тарғиб қиладилар. Шунинг учун уларнинг айтган ва айтаётган гапларига эътибор бермаслик керак!
ҲАСАД ВА КЎРОЛМАСЛИК
Имом аз-Заҳабий раҳимаҳуллоҳ бир неча асарларида зикр қилган мана бу мазмунни унутмаслик даркор:
كلام الأقران بعضهم فى بعض لا يعبأ به لا سيما اذا كان لعداوة او لحسد او مذهب او هوى
“Замондош (олимлар)нинг бир-бирлари ҳақида айтган гапларига эътибор берилмаслиги керак. Хусусан, бу адоватдан, ҳасаддан, мазҳабидан ёки нафси ҳавосидан келиб чиқиб айтилган бўлса!”. (“Таърихи Ислом”, 12/453; 27/324; “Тазкират ал-ҳуффоз”, 2/682; “Мезон ал-эътидол”, 1/438; “Сияр аълом ан-нубало”, 13/52; 19/74).
Ҳасад инсоннинг қалбини вайрон қилувчи хислат бўлиб, у бундан бошқага ярамайди. Суфён ибн Уйайна раҳматуллоҳи алайҳи: “Самода ҳам, Ер юзида ҳам Аллоҳ таолога осийлик қилинган энг биринчи гуноҳ бу ҳасаддир!”, деган эканлар (“ал-Мужоласа ва жавоҳир ал-илм”, 3/659).
Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам эса ҳасаднинг касофатини бундай тушунтирганлар:
إيّاكم و الحسد فإنّ الحسد يأكل الحسنات كما تأكل النارُ الحَطَبَ
“Ҳасаддан сақланинглар! Чунки, ҳасад олов худди ўтинни еганидек яхшиликларни еб битиради”. (Абу Довуд, 4/4905; Ибн Можа, 4/4210; Ибн Абу Шайба, 5/26594).
Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳга мухолиф бўлишнинг сабабларидан бири ҳам ана шу ҳасад ва кўролмаслик эди. Халқ орасида аҳли илм бўлиб кўринган, умрида бирор китоб ёки рисола ёзиб кўрмаган, Шайх ҳазратларичалик обрў қозона олмаган айрим кимсалар у зотга ҳасад қилганлиги табиий ҳолат. Шунингдек, бир-икки китоб-рисола ёзиб ёки ёздириб қўйганлар орасида Шайх ҳазратларининг китоблари “учиб” кетаётганини кўриб, “Нимага Шайхнинг китоблари чиқаверади, унинг китобларига кўп нусхада рухсат беришади?!”, деб ҳасаддан ёниб юрганлар қанча? Демак, Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳга ҳасад қилганлар ва кўра олмай юрганлар икки тоифа – у зотдек обрў қозона олмаганлар ҳамда ёзган-ёздирган китоб ва рисолалари машҳур бўлмаганлар экан. Кўнгилларидаги ҳасад алангаси ўзларидаги бор ҳасаналарни ҳам еб битирмасдан илгари аллақачон раҳмати бўлиб кетган жойи жаннатда бўлгур Шайх ҳазратларини тинч қўйиб, энди ўзлари Шайх бўлиб олсинларчи, ўзлари юзлаб китоб ёзиб қўйсинларчи? Номи олдига шайх сўзини ёзиб қўйгани билан, ўзини шайх деб эълон қилгани билан халқ уни Шайх сифатида тан олармикин?! Ёзган китобини биров кўзига суртиб ва қўлма-қўл қилиб ўқирмикин?! Ёки китоб ёзиш қўлидан келмагани учун янги диний асар ёзиш мумкин эмас, янги замонавий китобларни ўқиш мумкин эмас, деб юрибдиларми?! Ёки Шайх ҳазратларининг китобларидаги айрим имловий хатоларни (аслида бу хатолар муҳаррирларнинг зиммасига юклатилиши керак) гапириб юрибдиларми?! Шу вақтгача Ўзбекистонда диннинг шайхи, тариқатнинг машойихи, қорилар раҳнамоси, уламолар пешвоси бўлишни истаган одамнинг олди тўсилган эмас! Халққа, миллатга ва динга фойдаси тегадиган диний китоб ёзиб келган ёки таржима қилиб чиққан одамга қаршилик қилинган эмас! Фақат бу ишларни Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ сингари қойиллатиб адо қиладиган одам йўқ-да! У зотга Павардигори оламнинг алоҳида назари тушганди-да, илтифоти ва эътибори хос бўлди-да! Ана шу ҳақиқат олдида бош эгиб, ҳасад ва кўролмасликни йиғиштириб қўйиб, ўз авлодларингиздан ҳам ўша зотдек буюк инсон чиқишини Худодан сўрасангиз бўлмайдими?!
ҒУЛУВ ВА ТААССУБ
“Ғулув” сўзи луғатда “ҳаддан ошиш”, “муболаға” маъноларида, “таассуб” эса “бирор нарсага боғланиб қолмоқ; ўзига алоқадор нарсага ортиқ даражада муҳаббат боғламоқ; ўз фикрига маҳкам ёпишиб олмоқ; ашаддий берилганлик ва тарафкашлик” каби маъноларда бўлиб, амалда шариат буюрган чегарадан ошишга айтилади.
Аллоҳ таоло Қуръони каримнинг роппа-роса икки оятида аҳли китобга (яъни, насроний ва яҳудийларга) хитоб қилиб, динда “ғулув”га кетмасликни буюрган:
ياهل الكتاب لا تغلوا فى دينكم
“Эй, аҳли китоблар! Динингизда ҳаддан ошиб кетмангиз!”. (Нисо сураси, 171-оят).
Бу оятда пайғамбар Исо алайҳиссаломни илоҳ даражасига кўтариб, ҳаддан ошишга ишора қилиниб, ундан қайтарилган бўлса, кейинги оятда умумий тарзда ҳаддан ошишдан қайтарилган:
قل ياهل الكتاب لا تغلوا فى دينكم غير الحق و لا تتّبعوا أهواء قوم قد ضلوا من قبلُ و أضلوا كثيرا و ضلوا عن سواء السبيل
“Айтинг: “Эй, аҳли китоблар! Динингизда ҳаддан ошмангиз ва олдиндан адашган ва кўпларни адаштирган ҳамда тўғри йўлдан чалғитганларнинг ҳавойи нафсларига эргашмангиз!” (Моида, 77).
Динда “ғулув”га кетмаслик ҳақидаги аъло даражада саҳиҳ бўлган ҳадиси шариф қуйидагича:
يا أيّها الناس، و إيّاكم و الغلوَّ فى الدين فإنّما أهلك من كان قبلكم الغلوُّ فى الدين
“Эй, одамлар! Динда “ғулув”га кетишдан сақланинг! Зотан, сиздан олдинги кимсаларни динда “ғулув”га кетиш ҳалок қилган”. (Насоий, 5/3057; Ибн Можа, 2/3029; Ибн Ҳиббон, 9/3871; Ибн Хузайма, 4/2867; Ҳоким, 1/1711; Табароний, 12/12747; Байҳақий, 5/9317; Абу Яъло, 4/2427).
Ғулув ва таассуб оқибатида Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳга ҳам айб тақаш кузатилади. Бу асосан анъаналарга кўр-кўрона ёпишиб олиш ва мазҳабий таассуб ҳисобланади. Айримлар урф-одат билан ҳақиқий шаръий ҳукм орасини фарқлай олмагани, мазҳабнинг асл фатволари ва мақсадларини англай олмаслиги оқибатида Шайх ҳазратларини ҳанафий мазҳабидан оғишганликда ёки мотуридийликдан четлашганликда айблайдилар. Энг қизиғи, у зотни бемазҳабликда ёки ваҳҳобийликда айблаганлари сингари асил бемазҳаб ва ваҳҳобийлар ҳам у зотни мазҳабга – ҳанафийлик ва мотуридийликка ёпишиб олганликда айблайдилар. Таассуб ва ғулувнинг моҳияти ҳам шу ерда! Демак, мантиқ илмига асосан ёндашадиган бўлсак, бир-бирига қарама-қарши бу икки фикр ҳам эътибордан соқитдир! Ҳанафийлик ва мотуридийликни фақат ўзлари ўқиб юрган ва шу юртдагина мутадовил (урфда) бўлган китобларда деб тушунадиганлардан айримлари ана шу ҳанафийлик ва мотуридийликка оид Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ ўқиган ва ўзлаштирган китоб ва манбаларни кўрмаган ва ҳатто номларини эшитмаган ҳам бўлиши мумкин. Шайх ҳазратларини бемазҳабликда айблаганлар ҳам, мазҳабга ёпишиб олганликда қоралаганлар ҳам ўз сўзларига ҳали бирорта ишонарли ва асосли ҳужжат келтира олмадилар. Агар уларнинг бу гап-сўзлари ғулув ва таассуб бўлмаганда, улар ўз айбловлари ва айтаётган сўзларига Шайх ҳазратларидан тушунтириш ва изоҳ сўраган ҳамда самимий ва холис туриб, бу борада маслаҳатлашган бўлардилар. Таассуб ва ғулувнинг бўлмағурлиги ҳам шу ерда! Нима ҳам дердик!
ИЛМИЙ БАҲС
Илм-фан ҳеч қачон бир жойда қотиб қолмайди. Фикрлар кетидан фикрлар, далиллар ортидан далиллар, саволлар устига саволлар келаверади. Жавоб топилган жойдан яна ўнлаб саволлар чиқади. Диний илмларда мустаҳкам ўрнашган, ижмоъ қилинган, ўзгартириб бўлмайдиган қарашлар озгина. Бомдод намозининг икки ракъат фарзи, таҳоратда юз ювилиши кераклиги, ароқнинг ҳаромлиги сингари ўзгармас ҳукмлар билан бирга маконлар, замонлар ва шахсларга қараб ўзгариб турадиган ҳукмлар талайгина. Шунинг учун ҳам: إختلاف أمّتى رحمة – “Умматимнинг ихтилофи – турли фикр-қарашлари раҳматдир!” деган ҳикмат мавжуд. Уни ҳадиси шариф, деган уламолар ҳам бор. Жумладан, Мавлоно Али ал-қори раҳимаҳуллоҳ ушбу ҳикматнинг ҳадисда асли борлигини таҳқиқ қилганлар. Шунинг учун уламоларимиз фиқҳий мавзуларда ҳар хил фикр ва қарашларни илгари суриб келганлар. Замон ва маконга қараб, шахслар ва халққа қараб ўз ҳукмлари ва фатволарини айтиб келганлар. Айниқса, бу фиқҳда ёққол кузатилади. Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳнинг чиқарган фатволари ва шаръий ҳукмни билдирганларига қайсидир олим ёки тадқиқотчи қўшилмаслиги, бошқача фатво ва шаръий ҳукмни айтиши табиий ҳолдир. Бундай мухолафат умумий мақсадлар, маслаклари якдил одамлар орасида айрим жузъий масалалардаги фарқлар сифатидагина кўринади ва бу илмий тақозодан келиб чиқади. Бундай мухолафат адоватдан, кўролмасликдан, таассубдан пайдо бўлмайди, бир-бировга муҳаббат ва самимият уфуриб туради.
Шунингдек, инсон хато ва камчиликдан холи эмас. Камчилик ва хатолар аниқ бўлса, унга асос кўрсатилса, уни тан олмай илож йўқ. Шайх ҳазратлари ҳам барча буюк, ҳаққоний ва раббоний олимлар сингари бу ҳолатга табиий қарар эдилар. Имоми Аъзам Абу Ҳанифа раҳматуллоҳи алайҳининг шогирдларининг ҳам ўз устозларига қўшилмаган фикрлари бўлганлигини айтар, ўз фикрларига қўшилмаган шогирдларини фикр эркинлиги сифатида қўллаб-қувватлардилар. Асарларидаги имловий ёки наҳвий камчиликлар кўрсатилса, тўғриланишини айтар ва ваъда берардилар. Энг муҳими, эътироз асосли ва самимий бўлмоғи керак. Ғаразли эътироз бўлмағур таъна ва оқибатсиз айблов кабидир.
ХУЛОСА
Биз мазкур мақоламизда Марказий Осиёнинг охирги юз йилликларининг энг таниқли уламоси, шайхулисломи Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳматуллоҳи алайҳи ҳақида у зотга мухолиф бўлганлар ва бунинг сабаблари мисолида қисқа тўхтаб ўтдик, холос. Мухолиф бўлганларни ва қарши фикрларни номма-ном ва сўзма-сўз келтириш ҳам мумкин эди. Бироқ, уларни келтиришнинг ўзи суи-адаб бўларди, у ҳолда ғийбатчилардан фарқимиз қолмай қоларди… Зотан, шундай буюк уламога нисбатан қаршилик ва мухолиф бўлиш ана шу буюкликнинг олдида ҳечдир!
Мақола бошида айтилган фикрни яна такрорлайман: охирги тўрт юз йилда Марказий Осиёда юзлаб асар битган диндор олимни тарих билмайди, охирги тўрт юз йилда Марказий Осиёда Шайх ҳазратларичалик уламо сифатида дунёга танилган, ислом оламида шуҳрат қозонган одамни ҳам биров билмайди. Билса, айтсин!
Шунинг учун, унга замондош бўлганингизга, у зотнинг асарларини ўқиб турганингизга шукр қилинг, унинг ҳаққига дуои хайр қилинг. Уни яхшилик билан эсланг. Ҳаромилар ишини тутманг; ҳасад қилиб, уни кўролмаслик касалига йўлиқманг; ғулувга берилиб, таассуб ҳам қилманг. Яхшилар қаторидан жой олмоқчи экансиз, ўз юрти ва бутун дунёда уламо сифатида, мотуридий-ҳанафий-нақшбандий бўлиб танилган бир олимга муҳаббат қилаверинг. “Муҳаббат оламни қутқаради!”, деганларидек, бу дунёда мунофиқликдан, у оламда дўзах ўтидан ўзингизни қутқаринг. Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳ эса бу фитнаангиз замонда бор имконияти етгунча ўтказган илмий ҳаёти ва диний фаолияти билан ўзларини қутқариб кетган бўлсалар, ажаб эмас. ИншаАллоҳ, шундай бўлсин!
Карвон бор маҳобати ва ўзига ортилган савоб юклари ила салобат билан ўтиб кетди, унга қараб ҳуриб-ҳуриб турган енгилтаклар қолди, холос.
Аллоҳ субҳонаҳу ва таоло устозимиз Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф раҳимаҳуллоҳнинг руҳларини шод қилсин, жойларини жаннатдан айласин, ётган ўринларини равҳи райҳон қилсин! Омин!
Ҳамидуллоҳ Беруний
11.03.2016й.