NEGA NAMOZ HAR XIL O’QILADI?

FB_IMG_1547562863260Savol. “To’rt mazhab bir!”, deb aytilsa, nega namoz har xil o’qiladi, nega namozlar turlicha?

Javob. Islomda butun dunyo musulmonlari bir xil namoz o’qisin, degan qoida yo’q. Jahondagi barcha musulmonlar bir xil namoz o’qinglar, bir xil ibodat qilinglar, degan oyat ham, hadis ham yo’q. Shunday ekan, nega musulmonlarning boshqacha namoz o’qishlariga hayron bo’lishimiz kerak?! Buni tushungan bo’lsangiz, endi boshqa bir narsani yaxshilab tushunib olish kerak:

“Qur’on” va hadislarni tushunish har xil bo’lgani sababli namoz haqidagi xabarlarni tushunish ham har xil bo’lgan. Shunga ko’ra, namoz o’qish har xil bo’lib qolgan. Biroq, “Qur’on” va hadislarni bu xilda tushunish ma’lum bir qoida, muayyan bir usulga bo’ysinishi kerak. Qoida va usul bo’lmasa, har kim xohlaganini gapiraveradi, har kim xohlaganini qilib ketaveradi. “Qur’on” va hadislarni qoida va usul bilan o’qib-tushunmasa, inson kofirdan ham battar holatga tushib qoladi.

Masalan, bugun “Qur’on”da namoz o’qish aytilmagan, 5 vaqt namozga buyruq qilinmagan, deb yurganlar bor. Afsuski, ular o’zlaricha “Qur’on”dagi oyatlarni hech qanday usul va qoidasiz tushunib olganlar. Ulardan “Nega bunday deyyapsan!”, desangiz, “Qur’on”dagi “solat” (“namoz”) deganingizning asl ma’nosi “duo”dir. Demak, “Qur’on”da namozga emas, faqat duo qilishga buyurilgan, deb safsata sotadilar. Lekin, ular buning ma’nosini, masalan, o’ris lug’atshunosi X.K.Baranov yoki qaysidir yuvuqsiz sharqshunosning lug’atidan ko’rib olgan bo’ladi. Aslida tagini surishtirsangiz, “solat” so’zi lug’atda “dumbani likkillatmoq” ma’nosida ham keladi. Ularning buzuq aqidasiga ko’ra, u holda, “Namozni barpo qilinglar!”, degan oyatlarni “Dumbangizni likkillatinglar!” deyih kerakmi?!

Bugun “Qur’on”da mushrik va kofirlarni o’ldirish kerak, deb turib o’zidan boshqani musulmon hisoblamaydigan, ko’ringanni o’ldirib ketaveradigan, o’z ota-onalarini ham o’ldirishdan tap tortmaydigan toifalar chiqdi. Ularni gapirtirsangiz ham, oyat va hadislardan o’z qilmishlariga o’zlaricha dalil va hijjatlarni qalashtirib tashlaydilar.

Shuning uchun ham “Mazhabsizlik dinsizlikka olib boruvchi ko’prikdir!” deyilgan. Agar birov boshqacharoq namoz o’qiyotgan bo’lsa, “Sen qaysi mazhabga ko’ra namoz o’qiyapsan? Qaysi mazhab tushunchasi va usul-qoidasiga ko’ra bu ishni qilayapsan?” deganda, u hanafiyliknimi, shofe’iyliknimi, molikiylik yoki hanbaliyliknimi aytsa, xo’p-xo’p, qaddini ursin, mazhabiga muvofiq namoz o’qiyversin! U bizning birodarimiz va do’stimiz bo’ladi. Agar u: “Yo’q, men mazhablarga bo’ysinmayman. Bu bid’at. Men o’zim ijtihod qilib, oyat va hadislardan oz ilmimga yarasha dalil olaman”, desa, u adashgan, oqibati noma’lum, fitnachi va buzuq aqidali bo’lib chiqadi. Undaylardan uzoq yurish kerak bo’ladi.

Ana endi, mana bundaylardan farqli ravishda to’rt mazhab ahli “Qur’on” va hadislarni tushunishda ma’lum bir qoidalar, muayyan bir ilmiy usullar asosida tushunib amal qiladilar. Shuning uchun “To’rt mazhab bir!”, deyilganda, ularning ilmiy asoslari bir ekani nazarda tutiladi. Biroq, aytish kerakki, bular orasida bizning Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhi mazhablari eng ilmiy, eng mantiqiy, eng usuliy, eng dalil va hujjatga amal qiluvchi ekanini anglash mumkin. Namoz mavzumiz bo’lib turgani uchun bunga namoz masalalaridan ma’lumot beramiz:

1)Birinchi misol: Ota-bobolarimiz va xalqimiz asrlar davomida to bugungi kunga qadar namozda turganlarida ikki oyoq orasini to‘rt barmoq miqdoricha, uzrlilar esa o‘rtacha ochib qiyom qilib kelmoqdalar. Zamonamizda esa bir toifa namozlarda oyoqlarini haddan tashqari keng kerib, ochib tura boshladilar. Ular safda turganlarida namoz oxirigacha yonlaridagi namozxonlarning oyoqlariga oyoqlarini tekkizishga hadeb harakat qilaveradigan bo‘ldilar. Xo‘p, ularning dalillari qanday, qaysi hadisga amal qilmoqchi bo‘ladilar? Ular keltirgan hadisi shariflar “Sahihi Buxoriy”da birgina sahoba tilidan olib keltirilgan bo’lib, unga to’rt mazhab ham amal qilmaydilar. Nega?

Shuni bilish lozimki, ahli sunnat va jamoaning toʼrt mazhab ulamolarining birortasi ushbu hadislardan yelka, tizza, toʼpiq va oyoqlarni bir-birovnikiga tekkizib turish lozim, degan hukmni olgan emaslar. Sahobalar davridan boshlab XIV asr davomida jami musulmonlar, toʼrt mazhabga ergashib kelayotgan namozxonlar orasida chotini keng ochib turadiganlari chiqqan emas. Buning sababi nima? Oqil inson mazhab ulamolarini ayblamasdan, «mazhab ahli hadisga qarshi ish qiladilar», demasdan, asrlar davomida yashab oʼtgan sodda namozxonlarni gumrohlikda ayblamasdan, mazkur hadislarni boshqacha tushunish kerakligini, uning borasida mazhab ulamolari kabi fikrlash lozimligini, anglab yetadi.

Namoz maʼlum va mashhur ibodat. Bu ibodat farz qilingandan boshlab koʼp yillar davomida hammaning ishtirokida va koʼz oʼnggida ado etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozni koʼpchilikka oʼrgatganlar. Jumladan, safda turishni ham. Oʼsha mashhur rivoyatlarning birortasida safda turgan odam oyogʼini kerib, yonida turgan kishining oyogʼiga tekkizishi farz, vojib, sunnat yoki mustahab ekani aytilmagan. Namozga oʼxshash mashhur narsalarda birgina sahobiyning gapi hujjat qilib olinmaydi. Mana shu bizning mazhabimizining usuliy qoidasi. Hamma bilishi mumkin bo’lgan, oshkora qilinadigan va odatda oshkora aytiladigan narsalar bittagina sahobadan rivoyat qilinib, boshqa sahobalar uning teskarisini aytib yoki teskarisini qilib turgan bo’lsalar, o’sha hadis ming sahih bo’lsa ham hukmi olinmaydi, balki ko’pchilik sahobalarning gapi olinadi.

Demak, agar «Sahih al-Buxoriy»da kelgan hadis oʼtib ketgan bir holatni ifodalash uchun aytilgan boʼlib, unda namozda turish sunnati bildirib oʼtilgan emas. Namozda oyoqlarni keng ochib turish sunnat yoki mustahab boʼlmagani bois bu holat faqatgina bittagina sahobadan rivoyat qilingan. Аks holda, ayniqsa namozlarga beparvo boʼlmagan sahobalar va tobeʼinlar bu holatga katta eʼtibor qaratgan va uni oʼz shogirdlariga qattiq uqtirgan boʼlardilar. Binobarin, bundan barcha hadislar ham garchi sahih boʼlsa ham sunnatlar, aniqrogʼi sharʼiy hukmlarni ifodalab berolmasligi maʼlum boʼladi. Balki sunnatlikni sahobalar, tobeʼinlar va mujtahid ulamolargina bilib, qaysi hadisda sunnat bayon qilinganini bildira olishlari mumkinligi aniq boʼladi.

2)Ikkinchi misol shuki, ayrim joylarda imom “Fotiha” surasini o’qib bo’lib, “…valazzolliyn” deganida, hamma “Omin!” deb baland ovozda aytadilar. Bu bizning hanafiy mazhabimizda maxfiy – past ovozda ichdan aytilishi kerak. Xalqimiz bunga asrlar davomida amal qilib keladilar. Qariyb oʼn toʼrt asrdan beri Movarounnahr xalqlari, Markaziy Osiyo musulmonlari «Omin»ni maxfiy aytib kelganlari uchun «Omin»ni oshkora aytganlarni va uni yoqlaydiganlarni qabul qila olmadilar. Natijada har xil ixtilof va fitnalar, bahs va munozaralar yuzaga keldi. Markaziy osiyolik ulamolar va diniy sohada ishlaydigan imomlar bu boradagi bahslarda «Omin»ni maxfiy aytishning afzalligi, «Omin»ni oshkora aytishning esa afzal emasligini oyat va hadislar orqali qoniqarli dalil va isbotlar bilan koʼrsatib ham berishdi.

«Omin»ni oshkora yoki pinhona aytish borasidagi hadisi shariflarni kuzatadigan bo‘lsak, ularning sanaddagi madori bitta sahobaga – Voil ibn Hujr raziyallohu anhuga borib taqaladi. Qizig‘i, ikki taraf ham uning rivoyatiga suyanganlar.
Hadisi shariflarda mazkur sahoba  Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan «Surai Fotiha»ni o‘qib, «g‘oyri-l-mag‘zubi ’alayhim vala-z-zollin»ni o‘qiganidan so‘ng «Omin» deb ovozlarini cho‘zganlarini yoki ko‘targanlarini hamda «Omin» deb ovozlarini pasaytirganlarini yoki maxfiy qilganlarini eshitgani ikki xil tarzda rivoyat qilingan.

«Omin»ni oshkora aytish afzal deydiganlar ham, uni maxfiy aytish afzal deydiganlar ham suyanadigan asosiy hadisi sharifning roviysi Voil ibn Hujr raziyallohu anhu ekani ma’lum. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning «Omin»ni oshkora va maxfiy aytganlari ikki holatda bo‘lgan. Aslida «Omin»ni maxfiy aytgan bo‘lib, gohida joizlikni bildirish va ta’lim bo‘lishi uchun oshkora aytib qo‘ygan bo‘lishlari kerak. Chunki, Voil ibn Hujr raziyallohu anhu asli yamanlik bo‘lib, Yamanning katta oqsaqol hokimlaridan biri bo‘lgan. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davrlarida ikki marta Madinaga kelgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu oliy martabali mehmonni hurmat va ta’zim bilan kutib olgan. Hurmat qilib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni namozlarda birinchi safga, o‘zlarining orqalariga turg‘azganlar. Unga eshittirib qo‘yish maqsadida ul zoti sharif «Omin»ni oshkora aytganlar.

Endi, mana shu sahoba Voil ibn Hujr raziyallohu anhuda “Omin”ni oshkora aytilgani haqidagi hadisni rivoyat qilgan Sufyon asSavriy rahimahullohning garchi «Omin»ni oshkora aytish kerakligi haqidagi hadis roviysi sifatida tanishtirilgan bo‘lsada, aslida u amaliyotda hanafiylar kabi «Omin»ni maxfiy aytganlar. U o‘z ilmiga amal qilmagan bo‘lib chiqadimi yoki o‘zi rivoyat qilgan hadisni hanafiylar kabi tushunganmi?! Albatta, salafi solih to‘g‘risida yaxshi gumon qilib, hadisning ta’vili hanafiylar tushungandek ekanini tan olgan yaxshiroq bo‘ladi.

Sufyon as-Savriy rahimahullohning o‘zi amalda «Omin»ni maxfiy aytgani juda katta dalil hisoblanadi! Chunki, biror hadisni rivoyat qilgan roviy o’zi rivoyat qilgan hadisga teskari ish qilgan bo’lsa, uning rivoyati olinmaydi, balki amali olinadi. Demak, bu yerda hanafiylarning yana bir usuliy-qoidasi ilmiy va mantiqiy ravishda vujudga kelgan: hech bir roviy (sahoba yoki tobe’in) o’zi rivoyat qilgan hadisga amal qilmaydigan darajada amalsiz bo’lmaydi, balki u o’zi rivoyat qilgan hadisni yaxshi tushungan, to’g’ri ma’nosini bilgan, hadisning biz bilmagan boshqa bir ma’nosi ham borligini yoki amal qilish mumkin emasligiga oid boshqa bir rivoyat ham borligini bilgan bo’ladi. Shu xilda bir misolni aytib ketsak foydadan xoli bo’lmaydi. Soqoldorlar soqol qo’yishni farz o’rnida ko’rib, Payg’ambarimiz alayhissalomning soqollarni o’z holicha keng va uzun qo’yishga ko’rsatmalari borligini dalil keltirishib, soqolga tig’ tekkizish mumkin emas, deyishadi. Holbuki, ular keltiradigan shu hadisning roviysi Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu soqollarini uzunasiga ham, yollanmasiga ham qirqib, to’g’rilab, tozalab, o’zlariga moslab, chiroyli va go’zallashtirib yurganlar. Demak, mazkur buyuk, aqlli, ongli va farosatli sahoba Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o’zi rivoyat qilgan hadislarini hammadan ko’ra to’g’riroq va mantiqliroq tushungani bois shu ishni qilganlar.

3)Uchinchi misol shuki, ayrim namozxonlar namozda ruku’ga borganda, undan qaytganda, hatto sajdaga borayotganda xuddi namoz boshlanishidagi takbiri tahrimadagidek ikki qo’lini ko’targanlarini ko’rish mumkin. Buni “raf’ ul-yadayn” deyiladi. Ulardan nega bunday qilayotganini so’rasangiz, hadislar borligini aytishadi. Biroq, hadislar ming sahih bo’lgani bilan aytilgan davri, vaqti, kimga, qachon aytilganini bilish ham kerak-ku. Hanafiylarning usuliy qoidasiga ko’ra, Payg’ambarimiz alayhissalomning eng oxirgi aytgan gaplari yoki qilgan ishlari dalil sifatida olinishi kerak. Bu eng mantiqiy qoida hisoblanadi. To’grimi? Faqih sahobalarning ulug’laridan biri Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu aytishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam faqat takbiri tahrimadagina qo’l ko’targanlar, ruku’ga borishda va qaytishda qo’l ko’tarmaganlar. “Asharai mubashshara” deyilgan o’n nafar jannat bashorati berilgan sahobalarning hammasi faqat takbiri tahrimadagina qo’l ko’targanlar, ruku’ga borishda va qaytishda esa qo’l ko’tarmaganlar. Namoz o’qish boshlangan paytlarda namozda gaplashish, bir-birov bilan salomlashish, biror joyga yurib borish yoki biror ishni qilish kabilar ham joiz bo’lgan. Keyinchalik bu ishlar man’ qilingan, ya’ni, ibodatlar va hukmlar bosqichma-bosqich joriy qilingan. Avvaliga tahajjud hammaga lozim bo’lgan, odamlar tahajjudda turaverib oyoqlari shishib ketgan, Keyinchalik u ixtiyoriy namozga aylangan. Namozda har xil duolar va zikrlar aytilgan, keyinchalik ular muayyan bir xillikka keltirilgan. Xuddi shunday avvaliga ikkala qo’lni ko’tarish bir namozning o’zida 6 xil joyda yuz bergan, keyinchalik ular ozaytirilib-ozaytirilib, bittasi – takbiri tahrimada qo’l ko’tarish qoldirilgan. Mana shular Payg’ambarimiz alayhissalomning eng oxirgi ishlaridan va u zot bilan doimiy birga bo’lgan va olim hisoblangan sahobalarning qilgan ishlaridan ma’lum bo’ladi. Hanafiylar ana shu mantiqiy, asosli va ilmiy dalillarga suyangani bois niyatdan kiyin namozga kirishishdagi “Allohu akbar!”dagina faqat ikkala qo’lni ko’tarishni aytganlar. Xalqimiz esa ming yillardan beri ulamolarga ergacshib, ularning tushunchalariga ishonib, hadislarga ular aytganidek amal qilib kelishgan.

Xulosa shuki, namozlarning har xil o’qilishi tabiiy hodisa bo’lib, u oyat va hadislarni har xil tushunganlikka, har kim har xil hadisga amal qilganlikka, har kim  bir hadisni olib, boshqa bir hadisni olmaslikka asoslanadi. Biroq, u ilmiy, mantiqiy, asosli, isbotli, usul va qoidaga muvofiq bo’lishi lozim. Usul va qoida esa mazhablarda bo’ladi, bemazhablarda usul va qoida bo’lmaydi. Shuning uchun, har kim o’zicha va o’zi bilganicha oyat va hadislarni o’qib, ulardan hukm olib ketaverishiga yo’l qo’yilmaydi. Bu adashuvdan boshqa narsa keltirmaydi. Najot esa mazhablarga ergashishdadir. Mazhablar esa birlik va ittifoqlik ramzi hisoblanadi. Ixtiloflar va fitnalarni bemazhablar tarqatishadi. O’zlariga bo’ysinmaganlarni ayblab, hatto kofirga chiqarishgacha boradi. Ulardan panoh so’rab, ota-bobolar va yurtdoshlar kabi namozlarda ham mazhabni mahkam ushlab, ibodatni hanafiylar tushunganidek va o’rgatganidek holatda amal qilishimiz kerak.

Hamidulloh Beruniy

Print Friendly, PDF & Email

Яна бўлимга тегишли...

Фикрлар сони: 1 та

  1. Xolid:

    Alloh hidoyat bersin
    Alloh adshtirgan kimsani hech kim to’g’ri yo’lga sola olmas.
    Sunnatni inkor etish islomdan chiqish,, uni buzish demakdir
    Allohu a’lam.

Фикр билдиринг

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *