Lotin alifbosida
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Istig`osa haqida»
Bismillahir rohmanir rohiym.
Alhamdulillahi robbil a`lamin. Vassolatu vassalamu a`la xoyri xolqihi Muhammad va a`la alihi va ashabihi ajmai`in.
Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.
Azizlar sizlarni barchangizga ma`lumki, bizning internetdagi saytimizda savol-javoblar bo`limi bor. Bu savol-javoblarga ko`pchilikdan mana o`n yilga yaqinlashib qoldi, har kuni savollar keladi. Qo`limizdan kelganicha javob berib kelayapmiz. Oxirgi paytlarda o`sha savollarda ahyon-ahyonda rus tilidagi yozuvlar ham keladigan bo`lib qoldi. Bu rus tilida kelayotgan savollar o`zbek tilini yaxshi bilmaydigan musulmon shaxslardan bo`lib, ular dinini ko`proq tushunib, ibodat qilmoqchi bo`lishadi. Biz ham ularga qo`limizdan kelganicha javob berib turibmiz. Ikkita bir biriga o`xshash, ichida e`tiroz va tanqidi bor savol o`ziga tortdi. Bundan bir muddat ilgari bir odam savol yozibdi. Savolida aytadiki: «Sizning «Tasavvuf» haqidagi kitobingizda «istig`osa» qilish, ya`ni yordam so`rashda boshqa bir kishilarni vosita qilish ma`nosini «shirk» deb aytibsiz. Buni nimaga asoslanib aytdingiz. Katta ulamolar bu narsa joiz deb aytishganku» deb imomi Navaviydan, imomi Ramliydan va yana boshqa kishilardan ana shu gapga hujjat, dalillarni keltiribdi. Men bu savolni o`qib, e`tiroz bilan oxirigacha tanishib chiqqanimdan keyin, darrov tushundimki, o`zimizdan borib boshqa yerlarda sang`ib yurgan bizlarni va xususan mening mavqeimdagi kishilarni yomon ko`radigan, imkonini topganida bir zarar yetkazish payida yurgan nusxalardan biri, shofe`iy mazhabidagi(menimcha) kavkazlik birodarlaridan kimningdir suhbatini tortganda, o`sha yerda meni «Tasavvuf haqida tasavvur» degan kitobimda mana shu gap borligini ularga juda uqtirib tushuntirgan. Ular bu kitobni o`zbekcha bo`lganligi uchun o`qishni bilishmaydi. Haligi odamning gapi bilan menga mazkur savol aralash e`tiroznomasini yozishgan. Men ularga «o`sha kitobning qaerida siz aytgan gapni yozibman? deb yozib yuborgan edim, bir muddatdan keyin «falon betida falon gap» deb javob yozishibdi. Kitobni ochib qarasam haqiqatdan bu ma`noda gap bor ekan. Ya`ni, «bu masalani shirk degan olimlar ham bor deb turib, orqasidan «lekin», deb haqiqatni yozgan ekanman. Keyin men u kishiga «mening gapimdagi keyingi jumlalarni ham o`qing» deb aytdim. Siz bitta jumlani uzib olib, xulosa chiqarmang, orqasida bahs davom etadi, boshqa ulamolarning gapi ham keladi, keyin mulohaza ham chiqadi» degan ma`noda maktub yozdim. Nima bo`lganini bilmadimu, maktub yozilgandan keyin bu odam jim bo`ldi.
Endi yaqinda yana shu ma`noda xat keldi. Xatda aytayaptiki: «siz «Tasavvufga tasavvur» degan kitobingizda mana shu masalani bundoq debsiz, buni qanday aytdingiz? Hanafiy ulamolardan imomi Kavsariy, ibni Abidin falonchi fistonchilar bu ish bo`ladi, joiz deganlar, shofe`iylardan imomi Ramliy va boshqalar bu deb» ulardan iqtiboslar keltirib uzoq xat yozgan. Keyin men yana tushundimki, bu o`sha avvalgi fitna qilib yurgan shaxs. «Yana boshqalarga ham borib, bu narsani vasvasasini qilayotgan bo`lsa, yana biror odam gapiga kirganda va menga shu ma`noda xat yozibdi» deb o`ylab, men ham javob yozdim. Javobda aytdimki: Siz bir jumlani o`qib, o`sha jumla haqida men va mening kitobim haqida hukm chiqarganingiz yaxshi emas. Siz o`zbekchani bilmaysiz, buni ustiga kitobni ham nomini «Tasavvufga tasavvur» deb noto`g`ri yozganingizdan bildimki, o`zbekchani yaxshigina bilmas ekansiz. O`sha siz nomini noto`g`ri yozgan «Tasavvuf haqida tasavvur» degan kitobda men, bu masalani avval falon so`zni keltirib, siz keltirayotgan so`zni bahsdan keyin davom ettirgandim. Siz uni yaxshilab o`rganib chiqing! Aslida men bu kitobni tasavvufga hujum qilganlarga raddiya sifatida, tasavvufning haqiqatini bayon qilish uchun yozgandim. Siz bo`lsangiz bunaqa gaplarni aytib yozyapsiz. Meni eng qattiq yomon ko`rgan dushmanlarim ham, hozirgacha bu gapni aytishmagan. Chunki ular o`zbekchani bilishadi, o`qishadi, o`qib bilganidan keyin, bu gapni aytishni o`zlariga ep ko`rmaydi deb yozdim.
Tezda bu yozuvga javob keldi: Men sizni maslahatingiz bilan aytgan mavzuni yaxshilab o`rgandim, men johil ekanman, qattiq afsus qildim(deb o`zini bir hayvonga ham o`xshatgan bechora). Men qo`yga o`xshab ish qilib yuboribman, noto`g`ri ish qilibman. Allohga tavba qilaman, kechirasiz, men ilojini topib o`sha yozganlaringizdan yaxshilab o`rganishga muyassar bo`ldim. Siz haqiqatdan Tasavvufni to`g`ri yozgan ekansiz, men sizdan ming marta uzr so`rayman, meni kechiring, haqqimga duo qiling. Bundan keyin bunaqa ishlar bo`lmasin. «Men ochig`ini aytsam sizga do`st bo`lmagan odamni ig`vosi bilan bu ishni qilgandim» deyapti. Odobli odam ekan, «sizning dushmaningiz» demayapti, «sizga do`st bo`lmagan odamni» deb yozdi.
Keyin men ham: «Alloh xayringizni bersin, salomat bo`ling, siz haqiqiy musulmon ekansiz, sizga Alloh taolo sog`lik-salomatlik bersin, doim tinch bo`laylik. Sizni adashtirgan, bu ig`volarni qilgan og`aynimizga ham Alloh insof bersin, bunaqa ig`volarini tashlab Islom va musulmonlar uchun foydaliroq ish qilishga o`tsin» degan ma`noda javobni yozdim va u kishining haqlariga duo qildim. Bizni mana shunday maktublar o`ylantiradi. Qaysi bir mo`minman, musulmonman deb yurgan inson tilni tushunmaydigan ilmli odamlarning oldiga borib, o`zi yomon ko`rgan odam to`g`risida ma`lumot berish bilan birga, “kitobida falon xato bor, bundoq degan” deb yo`q narsani to`qib, bir jumlaning o`zini ko`rsatib, orqasida nima gap borligini aytmasdan ig`vo qilishi mumkin. Bu musulmonchilik odobining qaysi risolasiga va qaysi bandiga to`g`ri keladi? Nahotki mana shunday ishlarni qilishga odamlarimiz qo`l uradigan bo`lsalar.
Mayli birovga birov yoqmasdir, birovni birov yomon ko`rar, yana qandaydir oralarida kelishmovchiliklar bo`lishi mumkin, lekin bu darajaga bormaslik kerak-ku! Bo`hton qilmaslik kerak-ku! Boshqa beayb odamlarni adashtirib, ularni keyinchalik afsuslanib yuradigan holatga tushirib qo`ymaslik kerak-ku! O`zi ixtilofni nima keragi bor? Bunday ishlarni qilishni mo`minlarga nima foydasi bor? Kim bundan manfaat oladi? Kim bundan savob oladi? Mana shu taraflarni o`ylashimiz, fikrlashimiz, insof qilishimiz kerak va Allohdan qo`rqishimiz kerak! Ming afsus bo`lsinki ba`zi birlarimiz ana shu holatni unutib qo`yib, o`zimizga qarshi bo`lgan shaxsni nima qilib bo`lsa ham qoralash, umuman bu odamdan xabari yo`q begona o`lkalarda ham orqasidan ig`vo qilib yurish, aytmagan so`zlarini aytdi deb bo`hton qilish hammasi musulmonchilikka mutlaqo to`g`ri kelmaydi. Ixtilof qilibdi, kelishmovchiligi bor ekan, kimnidir gapi, o`zini tutishi, yozgan narsasi yoqmas ekan, nega endi o`ziga kelib aytilmaydi bu gap? Nimaga agar shunaqa holat bo`ladigan bo`lsa o`zi yozmaydi? Birovlarga borib, kimlarnidir ovora qilib, ularni ham adashtirishi kerak? Hozir chet ellardagi ba`zi bir ibodatxona, masjidlarda faollik ko`rsatib, o`zini bilib ibodatini qilib yurgan odamlarning ham tashvishi shu!
Men bilan bo`lgan suhbatlarida ba`zilar «ko`pchilik bo`lib masjid qurganmiz, masjidni iloji boricha xizmatini qilib turamiz, turli toifa va mazhablardagi odamlar keladi, kirib ibodatini qiladi, tashakkur aytib duo qilib chiqib ketadi. Biz bundan xursandmiz. Turli mazhabdagi, turli tushunchadagi, turli saviyadagi odamlar bor. Hammasi masjidga kelgandan keyin boshqa narsa bilan ishi yo`q. Tahoratini qiladi, namozini o`qiydi, Qur`on o`qiydi, duo qiladi, tashakkur qilib chiqib ketadi. Lekin o`zimizdan bo`lganlar uzoqdan kelishidan bilinib turadi. Qarab turib «ana kelayapti, hozir ko`rasan» deb bir-birimizga imlab o`tiramiz. Kirib, namoz tugashi bilan sakrab turadida, imomning oldiga o`tib, «falon narsani nimaga bundoq qildingiz, fiston narsani nimaga mundoq qildingiz» deb ixtilofni boshlaydi. Ularning kasbi tortishuv, janjal chiqarish, odamlarni mulzam qilish va shunga o`xshash noxush holatlarni keltirish xolos», deydi. Savol berishi ham shu ma`noda, mana bu odam qorimi? Ha qori. Qani falon raqamli surani fiston raqamli oyatini o`qisinchi? Bunaqa gap yo`q, qorilar bunaqa qilib yodlamaydi, o`qiyolmasa ana bu qori emas.
Maqsadi nima, maqsadi qori odamni mulzam qilish, ilmlik odamni hijolat qilish. Bu dard bo`lib, chipqon bo`lib qolgan, o`zi bilan yuradi, buni qilmasa turolmaydi. Mana shuning orqasidan urush-janjallar chiqadi. Biz ham imkonini qilolmay ularni ikki qo`lidan sudrab eshikka olib chiqib qo`yib, «qaytib kelmaysan masjidimizga» deyishga majbur bo`layapmiz deydilar. Bunaqa narsalarni qo`yish kerak, har kim o`zini bilsin, ibodatini qilsin, ixtilof qilmasin, janjal chiqarmasin, birovlarning ustidan ig`vo, bo`hton, g`iybat qilmasin. Bularning hammasi shariatimizda harom qilingan narsalar. Birovni, o`zi yo`q odamni orqasidan gapirish g`iybat! O`zi yo`q odamni orqasidan qilmagan ishini gapirish tuhmat! Bularni hammasi katta gunohlar! Gunohi kabiralar! Gunohlardan tiyilish kerak! O`zini o`nglash kerak. Dinni yaxshi o`rganib, unga amal qilishni, Alloh subhanahu va taoloni roziligini topish uchun harakatda bo`lish kerak.
Alloh subhanahu va taolo barchalarimizni O`zining solih bandalaridan bo`lishni, Rasuli Akram alayhis solatu vasallamga sodiq ummat bo`lishni nasib qilsin. Turli ixtiloflardan, ig`volardan, g`iybat va tuhmatlardan O`zi asrasin! Doimo yaxshilikda yurib, yaxshilikda turishimizni, xayr barakada bardavom bo`lishimizni O`zi ta`minlagan bo`lsin! Va axiri da`vaunal hamdullilahi Robbil a`lamin. Va salollohu a`la xoyri xolqihi Muhammad va a`la alihi va ashabihi ajmai`n.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
www.muslimaat.uz saytidan olindi.
Бисмиллаҳир роҳманир роҳийм.
Алҳамдулиллаҳи роббил аъламин. Вассолату вассаламу аъла хойри холқиҳи Муҳаммад ва аъла алиҳи ва асҳабиҳи ажмаиъин.
Ассаламу алайкум ва роҳматуллоҳи ва барокатуҳ.
Азизлар сизларни барчангизга маълумки, бизнинг интернетдаги сайтимизда савол-жавоблар бўлими бор. Бу савол-жавобларга кўпчиликдан мана ўн йилга яқинлашиб қолди, ҳар куни саволлар келади. Қўлимиздан келганича жавоб бериб келаяпмиз. Охирги пайтларда ўша саволларда аҳён-аҳёнда рус тилидаги ёзувлар ҳам келадиган бўлиб қолди. Бу рус тилида келаётган саволлар ўзбек тилини яхши билмайдиган мусулмон шахслардан бўлиб, улар динини кўпроқ тушуниб, ибодат қилмоқчи бўлишади. Биз ҳам уларга қўлимиздан келганича жавоб бериб турибмиз. Иккита бир бирига ўхшаш, ичида эътироз ва танқиди бор савол ўзига тортди. Бундан бир муддат илгари бир одам савол ёзибди. Саволида айтадики: «Сизнинг «Тасаввуф» ҳақидаги китобингизда «истиғоса» қилиш, яъни ёрдам сўрашда бошқа бир кишиларни восита қилиш маъносини «ширк» деб айтибсиз. Буни нимага асосланиб айтдингиз. Катта уламолар бу нарса жоиз деб айтишганку» деб имоми Нававийдан, имоми Рамлийдан ва яна бошқа кишилардан ана шу гапга ҳужжат, далилларни келтирибди. Мен бу саволни ўқиб, эътироз билан охиригача танишиб чиққанимдан кейин, дарров тушундимки, ўзимиздан бориб бошқа ерларда санғиб юрган бизларни ва хусусан менинг мавқеимдаги кишиларни ёмон кўрадиган, имконини топганида бир зарар етказиш пайида юрган нусхалардан бири, шофеъий мазҳабидаги(менимча) кавказлик биродарларидан кимнингдир суҳбатини тортганда, ўша ерда мени «Тасаввуф ҳақида тасаввур» деган китобимда мана шу гап борлигини уларга жуда уқтириб тушунтирган. Улар бу китобни ўзбекча бўлганлиги учун ўқишни билишмайди. Ҳалиги одамнинг гапи билан менга мазкур савол аралаш эътирозномасини ёзишган. Мен уларга «ўша китобнинг қаерида сиз айтган гапни ёзибман? деб ёзиб юборган эдим, бир муддатдан кейин «фалон бетида фалон гап» деб жавоб ёзишибди. Китобни очиб қарасам ҳақиқатдан бу маънода гап бор экан. Яъни, «бу масалани ширк деган олимлар ҳам бор деб туриб, орқасидан «лекин», деб ҳақиқатни ёзган эканман. Кейин мен у кишига «менинг гапимдаги кейинги жумлаларни ҳам ўқинг» деб айтдим. Сиз битта жумлани узиб олиб, хулоса чиқарманг, орқасида баҳс давом этади, бошқа уламоларнинг гапи ҳам келади, кейин мулоҳаза ҳам чиқади» деган маънода мактуб ёздим. Нима бўлганини билмадиму, мактуб ёзилгандан кейин бу одам жим бўлди.
Энди яқинда яна шу маънода хат келди. Хатда айтаяптики: «сиз «Тасаввуфга тасаввур» деган китобингизда мана шу масалани бундоқ дебсиз, буни қандай айтдингиз? Ҳанафий уламолардан имоми Кавсарий, ибни Абидин фалончи фистончилар бу иш бўлади, жоиз деганлар, шофеъийлардан имоми Рамлий ва бошқалар бу деб» улардан иқтибослар келтириб узоқ хат ёзган. Кейин мен яна тушундимки, бу ўша аввалги фитна қилиб юрган шахс. «Яна бошқаларга ҳам бориб, бу нарсани васвасасини қилаётган бўлса, яна бирор одам гапига кирганда ва менга шу маънода хат ёзибди» деб ўйлаб, мен ҳам жавоб ёздим. Жавобда айтдимки: Сиз бир жумлани ўқиб, ўша жумла ҳақида мен ва менинг китобим ҳақида ҳукм чиқарганингиз яхши эмас. Сиз ўзбекчани билмайсиз, буни устига китобни ҳам номини «Тасаввуфга тасаввур» деб нотўғри ёзганингиздан билдимки, ўзбекчани яхшигина билмас экансиз. Ўша сиз номини нотўғри ёзган «Тасаввуф ҳақида тасаввур» деган китобда мен, бу масалани аввал фалон сўзни келтириб, сиз келтираётган сўзни баҳсдан кейин давом эттиргандим. Сиз уни яхшилаб ўрганиб чиқинг! Аслида мен бу китобни тасаввуфга ҳужум қилганларга раддия сифатида, тасаввуфнинг ҳақиқатини баён қилиш учун ёзгандим. Сиз бўлсангиз бунақа гапларни айтиб ёзяпсиз. Мени энг қаттиқ ёмон кўрган душманларим ҳам, ҳозиргача бу гапни айтишмаган. Чунки улар ўзбекчани билишади, ўқишади, ўқиб билганидан кейин, бу гапни айтишни ўзларига эп кўрмайди деб ёздим.
Тезда бу ёзувга жавоб келди: Мен сизни маслаҳатингиз билан айтган мавзуни яхшилаб ўргандим, мен жоҳил эканман, қаттиқ афсус қилдим (деб ўзини бир ҳайвонга ҳам ўхшатган бечора). Мен қўйга ўхшаб иш қилиб юборибман, нотўғри иш қилибман. Аллоҳга тавба қиламан, кечирасиз, мен иложини топиб ўша ёзганларингиздан яхшилаб ўрганишга муяссар бўлдим. Сиз ҳақиқатдан Тасаввуфни тўғри ёзган экансиз, мен сиздан минг марта узр сўрайман, мени кечиринг, ҳаққимга дуо қилинг. Бундан кейин бунақа ишлар бўлмасин. «Мен очиғини айтсам сизга дўст бўлмаган одамни иғвоси билан бу ишни қилгандим» деяпти. Одобли одам экан, «сизнинг душманингиз» демаяпти, «сизга дўст бўлмаган одамни» деб ёзди.
Кейин мен ҳам: «Аллоҳ хайрингизни берсин, саломат бўлинг, сиз ҳақиқий мусулмон экансиз, сизга Аллоҳ таоло соғлик-саломатлик берсин, доим тинч бўлайлик. Сизни адаштирган, бу иғволарни қилган оғайнимизга ҳам Аллоҳ инсоф берсин, бунақа иғволарини ташлаб Ислом ва мусулмонлар учун фойдалироқ иш қилишга ўтсин» деган маънода жавобни ёздим ва у кишининг ҳақларига дуо қилдим. Бизни мана шундай мактублар ўйлантиради. Қайси бир мўминман, мусулмонман деб юрган инсон тилни тушунмайдиган илмли одамларнинг олдига бориб, ўзи ёмон кўрган одам тўғрисида маълумот бериш билан бирга, “китобида фалон хато бор, бундоқ деган” деб йўқ нарсани тўқиб, бир жумланинг ўзини кўрсатиб, орқасида нима гап борлигини айтмасдан иғво қилиши мумкин. Бу мусулмончилик одобининг қайси рисоласига ва қайси бандига тўғри келади? Наҳотки мана шундай ишларни қилишга одамларимиз қўл урадиган бўлсалар.
Майли бировга биров ёқмасдир, бировни биров ёмон кўрар, яна қандайдир ораларида келишмовчиликлар бўлиши мумкин, лекин бу даражага бормаслик керак-ку! Бўҳтон қилмаслик керак-ку! Бошқа беайб одамларни адаштириб, уларни кейинчалик афсусланиб юрадиган ҳолатга тушириб қўймаслик керак-ку! Ўзи ихтилофни нима кераги бор? Бундай ишларни қилишни мўминларга нима фойдаси бор? Ким бундан манфаат олади? Ким бундан савоб олади? Мана шу тарафларни ўйлашимиз, фикрлашимиз, инсоф қилишимиз керак ва Аллоҳдан қўрқишимиз керак! Минг афсус бўлсинки баъзи бирларимиз ана шу ҳолатни унутиб қўйиб, ўзимизга қарши бўлган шахсни нима қилиб бўлса ҳам қоралаш, умуман бу одамдан хабари йўқ бегона ўлкаларда ҳам орқасидан иғво қилиб юриш, айтмаган сўзларини айтди деб бўҳтон қилиш ҳаммаси мусулмончиликка мутлақо тўғри келмайди. Ихтилоф қилибди, келишмовчилиги бор экан, кимнидир гапи, ўзини тутиши, ёзган нарсаси ёқмас экан, нега энди ўзига келиб айтилмайди бу гап? Нимага агар шунақа ҳолат бўладиган бўлса ўзи ёзмайди? Бировларга бориб, кимларнидир овора қилиб, уларни ҳам адаштириши керак? Ҳозир чет эллардаги баъзи бир ибодатхона, масжидларда фаоллик кўрсатиб, ўзини билиб ибодатини қилиб юрган одамларнинг ҳам ташвиши шу!
Мен билан бўлган суҳбатларида баъзилар «кўпчилик бўлиб масжид қурганмиз, масжидни иложи борича хизматини қилиб турамиз, турли тоифа ва мазҳаблардаги одамлар келади, кириб ибодатини қилади, ташаккур айтиб дуо қилиб чиқиб кетади. Биз бундан хурсандмиз. Турли мазҳабдаги, турли тушунчадаги, турли савиядаги одамлар бор. Ҳаммаси масжидга келгандан кейин бошқа нарса билан иши йўқ. Таҳоратини қилади, намозини ўқийди, Қуръон ўқийди, дуо қилади, ташаккур қилиб чиқиб кетади. Лекин ўзимиздан бўлганлар узоқдан келишидан билиниб туради. Қараб туриб «ана келаяпти, ҳозир кўрасан» деб бир-биримизга имлаб ўтирамиз. Кириб, намоз тугаши билан сакраб турадида, имомнинг олдига ўтиб, «фалон нарсани нимага бундоқ қилдингиз, фистон нарсани нимага мундоқ қилдингиз» деб ихтилофни бошлайди. Уларнинг касби тортишув, жанжал чиқариш, одамларни мулзам қилиш ва шунга ўхшаш нохуш ҳолатларни келтириш холос», дейди. Савол бериши ҳам шу маънода, «мана бу одам қорими?». Ҳа қори. «Қани фалон рақамли сурани пистон рақамли оятини ўқисинчи?». Бунақа гап йўқ, қорилар бунақа қилиб ёдламайди, ўқиёлмаса, ана бу қори эмас. Мақсади нима, мақсади қори одамни мулзам қилиш, илмлик одамни ҳижолат қилиш. Бу дард бўлиб, чипқон бўлиб қолган, ўзи билан юради, буни қилмаса туролмайди. Мана шунинг орқасидан уруш-жанжаллар чиқади. Биз ҳам имконини қилолмай уларни икки қўлидан судраб эшикка олиб чиқиб қўйиб, «қайтиб келмайсан масжидимизга» дейишга мажбур бўлаяпмиз дейдилар.
Бунақа нарсаларни қўйиш керак, ҳар ким ўзини билсин, ибодатини қилсин, ихтилоф қилмасин, жанжал чиқармасин, бировларнинг устидан иғво, бўҳтон, ғийбат қилмасин. Буларнинг ҳаммаси шариатимизда ҳаром қилинган нарсалар. Бировни, ўзи йўқ одамни орқасидан гапириш ғийбат! Ўзи йўқ одамни орқасидан қилмаган ишини гапириш туҳмат! Буларни ҳаммаси катта гуноҳлар! Гуноҳи кабиралар! Гуноҳлардан тийилиш керак! Ўзини ўнглаш керак. Динни яхши ўрганиб, унга амал қилишни, Аллоҳ субҳанаҳу ва таолони розилигини топиш учун ҳаракатда бўлиш керак.
Аллоҳ субҳанаҳу ва таоло барчаларимизни Ўзининг солиҳ бандаларидан бўлишни, Расули Акрам алайҳис солату васалламга содиқ уммат бўлишни насиб қилсин. Турли ихтилофлардан, иғволардан, ғийбат ва туҳматлардан Ўзи асрасин! Доимо яхшиликда юриб, яхшиликда туришимизни, хайр баракада бардавом бўлишимизни Ўзи таъминлаган бўлсин! Ва ахири даъваунал ҳамдуллилаҳи Роббил аъламин. Ва салоллоҳу аъла хойри холқиҳи Муҳаммад ва аъла алиҳи ва асҳабиҳи ажмаиън.
Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф
www.muslimaat.uz сайтидан олинди.