№39. Инсонларнинг энг яxшиси алайҳиссалом сийрати ҳақидаги муxтасар асар

ALMUXTASAR FIY SIYRATI XOYRIL BASHAR SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM

INSONLARNING ENG YAXSHISI SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM SIYRATI HAQIDAGI MUXTASAR ASAR

Jamlovchi va tartiblovchi: Abdul’ol Sa’d Uvayd Ar-roshiydiy

Tarjimon: Muhammad Umar

Muqaddima

Allohga taologa bitmas-tuganmas hamd-u sanolarimiz, payga’mbarimiz Muhammad Mustafoga salovatu salomlarimiz bo`lsin.

Mahbub payg`ambarimiz Muhammad sollallahu alayhi va sallamning hayotlarini har qancha o`rgansak oz. Bu ishga har qancha hissa qo`shsak ham kam.

Siyrat bobida bir asar bitish tugul, bir asarni tarjima qilishga ham o`zimizni yetarli layoqatga ega deb hisoblamasakda, yaxshi niyat bilan, Alloh taolodan yordam so`ragan holda bu kichik ishga qo`l urmoqdamiz.

Shoyad payshanba kuni erta sahardan bir ish qilish barakali bo`lishi tufayli ham, ishimiz xayrli chiqsa. Alloh taolo o`zi madad bersin, qilgan sahv-u xatolarimizni kechirsin!

Muhammad Umar


Payshanba, Robiy’ul avvalning 30-si, hijriy 1438-yil

29-dekabr, milodiy 2016-yil

Bismillahir rohmanir rohiym

Muallif muqaddimasi

Olamlar robbisi Allohga hamd bo`lsin. Olamlarga rahmat qilib yuborilgan Allohning nabiysi Muhammad Aminga Allohning salot-u salomi bo`lsin.

Ammo ba’d:

Bu nabaviy siyrat haqidagi asl kitoblardan foydalanib yozilgan insonlarning eng yaxshisi sollalohu alayhi va sallam siyratlari haqidagi muxtasar asar bo`lib, uni yozishda Nabiy sollallahu alayhi va sallam siyratlariga yaqinlashish, ul zot alayhissalom hayotlaridagi muhim voqealarni bilish qasd qilindi, chunki buni bilishni ul zot alayhissalom risolatiga shahodat keltirish taqozo etadi.

Bu risolada bilish zarur bo`lgan narsalar bilan cheklandi: M: Ul zot alayhissalomning nasabi sharifi, tug`ilishi, vatani, hijrati, ul zot alayhissalomga Alloh O`zi va’da bergan narsalarini fath etishi va din komil bo`lib, Alloh O`z ne’matini tugal qilib berib, bizga Islomni din deb rozi bo`lganidan keyin ul zot alayhissalomning vafot etishi.

Allohning nabiysi Muhammadga va uning oli baytiga va sahobalariga salomi va saloti bo`lsin!

Abdul’ol Sa’d Uvayd Ar-roshiydiy

Abu Yusuf

Alquvayt

Nabiy sollallohu alayhi va sallamning nasabi

Ul zot Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttolib (Abdulmuttolibning ismi Shayba) ibn Hoshim (Hoshimning ismi Amr) ibn Abdumanof (Abdumanofning ismi Mug`iyra) ibn Qusay (Qusayning ismi Zayd) ibn Kilob ibn Murra ubn Ka’b ibn Luay ibn G`olib ibn Fihr ibn Molik ibn Nazr ibn Kinona ibn Xuzayma ibn Mudrika (Mudrikaning ismi Omir) ibn Ilyos ibn Muzar ibn Nizor ibn Ma’add ibn Adnon (Adnon Ismoil va Ibrohim alayhimassalomning zurriyotidan, unga adnoniy[1] arablar nasabi yetib boradi).

Arab qavmlari

1. Boida va oriba arablari

a) Boida: Ular qadimgi yo`q bo`lib ketgan arablardir, ularning tarixi haqida batafsil ma’lumotlar yo`q. M: Od qavmi va ularning maskani – Ahqof, Hijrdagi Samud qavmi, Ummon va Ahqof o`rtasidagi Ubor cho`lidagi Amim qavmi, Yasribdagi Abiyl, maskanlari Yamoma bo`lgan Tosm va Jadiys, maskanlari Ummon, Hijoz, Tuhoma, Najd, Tiyma, Batra bo`lgan Amoliqa qavmi, Amoliqalardan tarqalgan Josim qabilasi, maskani Yaman bo`lgan birinchi Jurhum qabilasi, maskani Yamandagi Vabor bo`lgan Vabor qavmi. Xalil alayhissolatu vassalomdan oldin yana xalqlar bo`lganki, ularni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi.[2]

b) Oriba. Ular ikkinchi Jurhum kabi oralarida Ismoil alayhissalom ulg`aygan Yaman arablaridir.

2. Musta’rab arablar

Ular Ismoil ibn Ibrohim alayhimassalomning zurriyotidan bo`lgan Hijoz arablaridir. Sahihi Muslimda Vosila ibn Asqodan riboyat qilinadi: Payg`ambarimiz aytadilar: “Albatta, Alloh Kinona (qabilasi)ni Ismoil alayhissalom avlodidan tanlab oldi. Qurayshni Kinonadan tanlab oldi. Quraysh (qabilasi)dan Banu Hoshimni tanlab oldi. Meni Banu Hoshimdan tanlab oldi.[3]

Arab jazirasining o`rni

Uni g`arbdan Qulzum dengizi (Qizil dengiz) va Sinay yarim oroli, sharqdan Arab (fors) ko`rfazi va Janubiy Iroq o`lkasining katta qismi, janubdan Hind dengiziga qarab cho`zilgan Arab dengizi, shimoldan Shom o`lkasi va Iroq o`lkasi shu chegaralarda biroz farqlar bilan chegaralab turadi[4] .

Mustafo alayhissolatu vassalomning muborak tug`ilishlari

Payg`ambarimiz – u zotga Allohning solavoti va salomi bo`lsin – dushanba kuni, Robiy’ul avval oyi, Fil yilida dunyoga keldilar[5]. Imom Buxoriy va Muslim “Sahih” larida Abu Qatodan rivoyat qilishicha, bir a’robiy: “Yo Rosulalloh, dushanba haqida nima deysiz”  deganida Payg`abar alayhissalom: “O`sha kuni tug`ildim va o`sha kunda menga Qur’on nozil qilindi[6]”, deganlar.

Otalari ul zot homila bo`lgan paytlaridayoq vafot etgan. Bu mashhur qavl[7].

Onalarining ismi: Omina bintu Vahb ibn Abdumanof ibn Zuhra ibn Kilob ibn Murra ibn Ka’b ibn Luay ibn G`olib ibn Fihr. Ibn Hishom aytishicha Ominaning otasi o`sha paytda Banu Zuhraning nasab va sharaf jihatidan sayyidi bo`lgan[8].

Emizgan onalari

Ul zot alayhissalomni amakilari Abu Lahabning cho`risi Suvayba amakilari Hamza va Abu Salama ibn Abdulasad Al-maxzumiy roziyallohu anhumo bilan birga emizgan[9].

Imom Buxoriy “Sahih”larida Ummu Habiba roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar: “Yo Rasulalloh, Abu Sufyon qizi bo`lmish singlimga uylaningiz!” – dedim. Ul zot: “Sen shuni istaysanmi?” dedilar. Men: “Ha, sizga bul xususda qarshilik qilmayman, menga  baxtimga sherik bo`lishi eng sevimli odam singlimdir”  dedim. Ul zot: Bu menga halol emas”, — dedilar. Men: Yo Rasulalloh, biz sizni Abu Salamaning qizi Durraga uylanmoqchisiz deb gapirib yuribmiz”, -dedim. Ul zot: “Allohga qasam, hatto u mening qo`l ostimda parvarish topmayotgan bo`lganida ham bu menga halol emas, chunki u mening emikdosh akamning qizi bo`lib, Suvayba men bilan Abu Salamani emizgan. Menga qizlarinigiz va singillaringizni taklif qilmanglar!”  dedilar.[10]

So`ngra ul zotni Halima bintu Abu Zuayb As-sa’diyya emizdi va o`zi bilan o`z yeriga olib ketdi. Ul zot u bilan Bani Sa’d orasida to`rt yil turdi, so`ng ko`ksi yorildi. Shunda Halima ul zotni onalariga qaytib berdi.

Shaqqus sodr (ko`krak yorilishi) voqeasi

Imom Zahabiy rohimahulloh aytadi:

Ul zot bir kunida go`dak bir oyda ulg`ayadigancha ulg`ayardilar. Bir oyda go`dak bir yilda ulg`ayadiganidek ulg`ayardilar. Halima aytadi: “Onasining oldiga borib o`glimni menga qaytarsangiz, biz unga Makka vabosi yetishidan qo`rqamiz”  dedik. U: “Uni olib qaytaveringlar”  dedi. Biz bilan ikki oy turdi. U inisi bilan uylar ortida podalarni boqib o`ynab yurishganida, birdan inisi shoshilib keldi va : “Akamning oldiga boringlar, unning oldiga ikki kishi kelib, uning qornini yorishdi” dedi. Shoshilib chiqdik va uning oldiga bordik. Uning rangib o`chi turgan edi. Otasi va men uni quchoqlab oldik. Keyin otasi aytdi: “Senga nima bo`ldi, o`g`lim?” Ul zot dedilar: “Ikki kishi kelib meni yotqizishdi, so`ng ko`ksimni yorishdi. Allohga qasam, nima qilishganini bilmayman.” Uni olib qaytdik. Halima aytadi: Otasi: “Ey Halima, bu bolaga musibat yetganini ko`rmoqdaman. Boraqol, uni ahliga qaytara qolaylik”  dedi. Uni onasiga qaytardik. U: “Nega uni qaytardingiz?”  dedi. Men: “Uni kafillikka oldik va haqqini ado qildik. So`ng unga biror narsa bo`lishidan qo`rqdik”  dedim. U: “Allohga qasam, sizlarda bir gap bor, menga bor gapni aytinglar”  dedi. Bizni aytib bermagunimizcha qo`ymadi. Shunda aytdiki: “Undan qo`rqdinglarmi, yo`q, Allohga qasam, bu o`g`limning sha’ni bor. Men unga homilador bo`lib, undan yengilroq va barakasi ulug`roq homilani ko`tarmaganman”.[11]

Onasi uni olib Madinaga bordi. Tog`alarini ziyorat qildi. Makkaga qaytayotganida vafot etdi. Bunda ul zot olti yosh-u yuz kunlik edilar. “To`rt yoshlik edilar” ham deyiladi.[12]

Imom Muslim “Sahih”ida rivoyat qiladiki, Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam Fath yilida Makkaga ketayotib Abvodan o`tganlarida Robbisidan ul zot onasining qabrini ziyorat qilishiga izn so`radilar. Alloh ul zotga izn berdi.  Bas, yig`ladilar, atrofidagilarni ham yig`latdilar. Ul zot bilan 1000 ta silohdor, ya’ni qurollangan odam bor edi.

Onalari vafot etganida ul zotni ul zotning otasidan meros qilib olgan mavloti-cho`risi Ummu Ayman – Baraka tarbiyasiga oldi. Katta bo`lganida uni ozod etdi va uni mavlosi Zayd ibn Horisaga turmushga berdi. Ummu Ayman undan Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumoni dunyoga keltirdi. Ul zotni bobosi Abdulmuttolib kafilligiga oldi. Rasululloh sakkiz yoshligida bobosi vafot etdi.[13]

Ibn Sa’d “Tabaqot”ida aytadilar: “Onasi vafot etganida ul zotni bobosi qaramog`iga oldi va unga o`z bolasiga qilmagan mehribonlik qildi. Uni o`ziga yaqin tutar, yonida olib o`tirar edi. Ul zot bobosining oldiga bo`sh bo`lganida ham, uxlaganida ham kirar edi. Uning to`shagida o`tirar edi. Abdulmuttolib buni ko`rsa: “O`g`limni tek qo`yinglar, u podshohlarning o`ziga uns-ulfat qiladi”  der edi.[14]

Abdulmuttolib ul zotni amakisi Abu Tolibga vasiyat qildi, chunki u Abdullohning tug`ishgan akasi edi. Abu Tolib ul zotga kafil bo`ldi, o`z qaramog`iga oldi, Alloh ul zotni  payg`ambar qilib yuborganida ulkan yordam berdi, shu bilan birgalikda u o`lgunicha shirkida davom etdi. Alloh uning bu yordami uchun azobidan yengillatdi. Bu haqida sahih hadis bor.[15]

Ul zot sollallohu alayhi va sallamning amakilari

Horis, Zubayr, Abu Tolib, Hamza, Abu Lahab, Muqovvim, Ziror, Abbos, Qusam va Hajl (Hajlning ismi Mug`iyra).[16]

Ammalari

Ummu Hakim – Bayzo, Barra, Otika, Sofiyya, Arvo, Umayma. Sofiyaning islomga kirgani ixtilofsizdir. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan hadis rivoyat qilgan. Otika va Arvoning Islomga kirgani haqida ixtilof qilishgan.[17]

Xadija roziyallohu anhoga uylanishlari

Yigirma beshga yoshga to`lganlarida, Shomga safarga chiqadilar va Busroga yetib boradilar.[18]

Keyin qaytib kelib Xadija roziyallohu anhoga uylandilar.

Zahabiy rohimahulloh aytadi:

Xadija oqila va dono edilar. Ul zotga odam yuborib: “Ey amakimning o`g`li, men sizga qarindoshligingiz, omonatdorligiingiz, sodiqligingiz, go`zal xulqingiz uchun rag`bat qildim”  dedilar va o`zlarini taqdim etdilar. Ul zot buni amakilariga aytdilar. Ul zot bilan bamakisi Hamza borib, Xuvaylidning oldiga kirishdi va Xadijani ul zotga turmushga berishini so`radilar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam yigirmata bakr-urg`ochi bo`taloq tuya mahr bilan tasdiq etdilar. Xadija vafot etgunlaricha boshqa uylanmadilar.[19]

Ul zotning Ibrohimdan boshqa barcha farzandlari Xadija roziyallohu anhodan edi. Ular: Qosim, Abdulloh, Toyyib, Tohir (Toyyib va Tohir Abdullohning laqabi deyiladi), bularning barchasi risolatdan oldin emikziklik paytida vafot etgan, Ruqayya, Zaynab, Ummu Kulsum va Fotima. Barchalaridan Alloh rozi bo`lsin.

Ruqayya va Ummu Kulsumga Usmon ibn Affon uylandi. Zaynab esa Abul Os ibn Robiy’ ibn Abdushshamsning zavjasi edi. Fotima esa Ali roziyallohu anhuning zavjasi bo`ldi.[20]

Ul zot sollallohu alayhi va sallamning payg`ambar etib yuborilishi

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga boshlangn ilk vahiy uyqudagi solih tushdir. U zot biror tush ko`rsalar, tong yorug`idek (aniq o`ngidan) kelmay qolmas edi. So`ngra Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yolg`izlikda Robbisiga ibodat qilish mahbub qilindi. Hiro g`orida xoli qolib va unda ko`plab tunlarni ibodat bilan o`tkazardilar. Buning uchun ozuqa ga’mlab olardilar. So`ng Xadijaning oldiga yana qaytib, yana o`shancha ozuqa g`amlab olar edilar.

Nihoyat, ul zotga Hiro g`orida ekanlarida haq keldi. Ul zotga farishta kelib: “O`qi”  dedi. “Men o`qiguvchi emasman”  dedilar. (Ul zot) aytadilar: Shunda meni tutdi va qisib, qiynab ham qo`ydi. Keyin meni qo`yib yuborib: “O`qi”  dedi. “Men o`qiguvchi emasman”  dedim. So`ng meni ikkinchi bor tutdi va qisib, qiynab ham qo`ydi. Keyin meni qo`yib yuborib, “O`qi” dedi. Men: “Men o`qiguvchi emasman”  dedim. So`ng meni uchinchi bor tutdi va qisdi. Keyin qo`yib yuborib: “Yaratgan Robbinga nomi bilan o`qi! U insonni “alaqa”dan yaratdi. O`qi! Robbing eng karamlidir”, dedi. So`ng Rasululloh qalblarii larzaga tushgan holda ular (oyatlar) bilan qaytib, Xadija bintu Xuvaylid roziyallohu anhoning oldiga kirdiilar-da: “Meni o`rab qo`yinglar! Meni o`rab qo`yinlar!”  dedilar. Ul zotni qo`rqinchlari ketgunch o`rab qo`yishdi. Keyin Xadijaga xabar berib: “O`zimdan xavotirlanib qoldim”, dedilar. Shunda Xadija: “Yo`q, Allohga qasamki, Alloh sizni aslo sharmanda qilib qo`ymaydi. Chunki, siz silai rahm qilasiz, og`irni yengil qilasiz, yo`qsillarni qo`llaysiz, mehmonga mehmonnavozlik ko`rsatasiz, haq yo`lda boshga tushga kulfatlarda yordam berasiz”  dedi. So`ngra Xadija ul bilan otlanib, amakivachchasi Varaqa ibn Navfal ibn Asad ibn Abduluzzoning oldiga boshlab bordi. U johiliyat davrida nasroniylikni qabul qilngan kishi edi. Ibroniycha yoza olar, Injildan Alloh xohlaganicha ibroniycha yozar edi. U ko`zi ojiz bo`lib qolgan katta yoshli qariya edi. Xadija unga: “Ey amakivachcam! Birodaringizning o`g`lining gapiga quloq soling!”  dedi. Varaqa ul zotga: “Ey birodarimning o`g`li, nimani ko`ryapsan?”  dedi. Shunda Rasulluloh sollallohu alayhi va sallam unga ko`rganlarini aytib berdilar. Varaqa ul zotga: “Bu Musoga nozil bo`lgan Nomusdir. Qaniydi seni qavmingiz haydab chiqarganida tirik bo`lsam, qaniydi o`shanda navqiron bo`lsam!”  dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ular meni chiqarishadimi?”  dedilar. “Ha, sen olib kelgan narsani keltirgan kishi borki, unga albatta dushmanlik qilingan. O`sha kuningga yetadigan bo`lsam, senga katta yordam beraman”,  dedi. Ko`p o`tmay, Varaqa vafot etdi va vahiy bir muddat uzilib qoldi.[21]

Xadija roziyallohu anho musulmonlarning ijmosiga ko`ra Alloh yaratganlarining ilk Islomga kirgani bo`ldi. Undan avval na erkak va na ayol bunga musharraf bo`lmagan. Zahabiy shunday degan.

Fatrotul vahiy (Vahiy uzilib qolishi)

Shundan keyin vahiy uzilib qoldi va Qur’on nozil bo`lishi to`xtab qoldi. So`ngra esa: ﴾Ey burkanib yotgan!﴿ nozil bo`ldi:

Vahiy uzilib qolishining muddati Ibn Sa’d “Tabaqot”ida Ibn Abbosdan rivoyat qilishicha  bir necha kun bo`lgan. Bu rojih-eng afzal gapdir.[22]

Vahiyning uzilib qolishi uch yil yoki ikki yarim yil ham deyiladi.

Ibn Hajar aytadilar: Uch yil davom etgan vahiyning uzilib qolishidan Jabroilning ul zot huzurlariga kelmasligi emas, balki faqat Qur’on nozil bo`lmay turishi ko`zda tutiladi, xolos.[23]

Vahiy qismlari bayoni

Ibn Qoyyim rohimahulloh vahiy martablarini zikr qilib aytadi:

Birinchisi: Sodiq tush, ul zot sollallohu alayhi va sallamga vahiyning boshlanishi shunday bo`lgan, agar tush ko`rsalar tong yorishishidek ro`y berar edi.

Ikkinchisi: Ul zotning ko`ngli va qalbiga ko`rinmay turib ilqo qilishi.

Uchinchisi: Ul zot sollallohu alayhi va sallamga farishta odam ko`rinishida kelar edi va ul zotga xitob qilar edi, ul zot esa uning aytayotganini yodlab-singdirib olar edilar. Bu martabada uni sahobalar ba’zida ko`rishar edi. Jabroil alayhissalom Nabiy alayhissalomning oldiga Dihyatul Kalbiy roziyallohu anhuning suratida kelar edi.

To`rtinchisi: U ul zotga qo`ng`iroq jaranglashidek kelar edi. Bu ul zotga eng og`iri edi. Farishta ul zot bilan birga bo`lganida hatto qattiq sovuq kunda ham peshonalari terlab ketardi. Agar ulovda bo`lsalar, ulovlari o`tirib qolar edi. Bir safar tizzalari Zayd ibn Sobitning tizzasiga tegib turganida vahiy shunday kelganida, Zaydning tizzasi yorilib ketay degan edi.

Beshinchisi: Ul zot uni asl yaratilgan suratida ko`rishlari. U ul zotga Alloh xohlagan narsani vahiy qilardi. Bu hol ul zotda ikki bor ro`y bergan.

Oltinchisi: Allohning ul zotga osmonlar uzra Isro va Me’roj kechasida namozning farz bo`lishi va boshqalarni vahiy qilishi.

Yettinchisi: Allohning ul zotga Muso ibn Imron alayhissalomga so`zlaganidek, farishta vositasisiz so`zlashi. Bu martaba Muso alayhissalomga Qur’on oyati bilan sobit bo`lgan bo`lsa, Payg`ambarimiz alayhissalomga bu Isro hadisi bilan sobit bo`lgan.[24]

Maxfiy da’vat

Nabiy sollallohu alayhi va sallam Allohning yolg`iz o`ziga ibodat qilishga va butsanamlarni tark etishga da’vat qilishni boshladilar. Ammo ul zot bunga maxfiy ravishda, shirk va butparastlikka mutaassib bo`lgan Qurayshga to`satdan duch kelishdan ehtiyot bo`lib da’vat etardilar.

Islomga kirgan ilk kishilar: Xadija bintu Xuvaylid roziyallohu anho, Ali ibn Abu Tolib, Zayd ibn Horisa, Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Abdurrohman ibn Avf va boshqalar.

Ular Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam bilan maxfiy ravishda uchrashardilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalari agar namoz o`qishmoqchi bo`lsalar, tepaliklarga borishardi va namozlarini qavmlaridan berkitishardi.[25]

Payg`ambarlikning uchinchi yili. Da’vatning oshkora bo`lishi

Ibn Is’hoq aytadilar: Odamlarning erkag-u ayoli Islomga guruh-guruh bo`lib kira boshladilar. Hattoki, Makkada Islom tarqaldi va odamlar u haqida gapirib yurishdi. So`ng Alloh azza va jalla Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga kelgan narsani oshkor qilishni, odamlarga Uning amrini izhor etishni va Unga da’vat qilishni buyurdi. Alloh jalla va ‘alo aytadi: ﴾Bas, senga amr etilgan narsani yuzaga chiqar va mushriklardan yuz o`gir﴿. Alloh taolo yana aytadikim: ﴾Va yaqin qarindoshlaringni ogohlantir﴿. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qavmini Islomga chaqirganida va Allohning amriga binoan uni yuzaga chiqarganida, qavmi undan uzoqlashmadi ham, uni qaytarmadi ham. Toki ularning olihalarini zikr etib ularni ayblaganida, buni og`ir olishdi va inkor etishdi va unga qarshilik va dushmanlikda birlashishdi.[26]

Ibn Kasir rohimahulloh aytadi: Iymon keltirganlarga mushriklarning ozori kuchayib, ulardan bir guruhni qiynoqqa solishdi. Hattoki ularni urishardi, issiqda yotqizib qo`yishardi, qattiq issiqda katta xarsangni ulardan birining ko`ksiga qo`yishardi, hatto ulardan biri ozod bo`lsa, og`riqning kuchliligidan o`tira olmas edi. Ulardan biriga: “Ilohing emas, Lot iloh”  deyishardi, u esa majburlikdan: “Ha”  derdi. Agar bir qo`ng`iz o`tib qolsa ham, “Ilohing emas, bu iloh”  deyishardi. U: “Ha” derdi. Allohning dushmani bo`lgan iflos Abu Jahl Amr ibn Hishom Sumayya Ummu Ammor eri va o`g`li bilan birga azoblanayotganida oldidan o`tdi va uning farjiga nayza sanchdi va o`ldirdi. Alloh Suvaybadan, uning o`g`li va eridan rozi bo`lsin.[27]

Payg`ambarlikning beshinchi yili. Habashistonga hijrat

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalariga yetayotgan balo-musibatlar va o`zining amakasi Abu Tolib mavqei tufayli ofiyatda ekanligi va sahobalaridan balo-musibatlarni to`sa olmayotganini ko`rib, ularga aytdilar: “Habashistonga borsangiz edi, u yerda huzurida birovga zulm qilinmaydigan podshoh bor va u yer sadoqat yeridir. Toki Alloh sizlarga bu holatingizdan kushoyish bersa”. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalari Habashistonga fitnadan qo`rqib, Allohga Uning dini bilan qochishdi. Bu hijrat Islomdagi ilk hijrat bo`ldi. Musulmonlardan o`n ikki erkak va to`rt ayol hijrat qilishdi. Ulardan Usmon ibn Affon zavjasi Ruqayya bintu Rosululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birinchi bo`lib chiqdi. Ular Habashistonda yaxshi himoya ostida yashashdi.[28]

Payga’mbarlikning yettinchi yili. Darada qamal. Habashistonga ikkinchi hijrat va uning sababi. Sahifa voqeasi

Quraysh kofirlarinnig hiylalari ish bermay, Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamni da’vatdan to`xtat olishmagach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning urug`i Banu Abdumanofga Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamni topshirish evaziga bir necha barobar xun taklif qilishdi. Ular bundan bosh tortishdi. Keyin ular Abu Tolibga unga aslzoda yigitlaridan birini o`g`il qilib olishga va ularga ukasining o`g`lini topshirishini taklif qilishdi. Shunda u: “Qiziq ekansizlar-ku, menga o`g`lingizni boqishim uchun berasizlar-u men sizlarga o`glimni o`ldirishingiz uchun beramanmi!”  dedi. So`ngra Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning amakisi Hamza va ko`plab odamlar musulmon bo`ldi va Islom keng yoyildi. Quraysh buni ko`rib ahvoli battar bo`ldi. Ular Banu Abdumannofning avlodi Banu Hoshim va Banu Muttolibga qarshi ahdnoma tuzishdi. Unga ko`ra ular toki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni topshirishmas ekanlar, ular bilan oldi-sotdi qilishmas, ulardan qiz olmas va ularga qiz bermas, ularga gapirmas va ular bilan o`tirmas edilar. Buni bir sahifaga yozishdi va uni Ka’ba shiftiga osib qo`yishdi. Aytilishicha, uni Mansur ibn Ikrima ibn Omir ibn Hoshim ibn Andumanof yozgan ekan. Boshqa qavlga ko`ra, uni Nazr ibn Horis yozgan, shunda uni Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam duoibad qilganlarida uning qo`li shol bo`lib qolgan ekan.

Banu Hoshim va Banu Muttolibning mo`min-u kofir – Abu Lahabdan tashqari barchasi – Abu Tolib darasiga o`ralgan va qattiq qamal qilingan holda ko`chib o`tishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va ul zotning qavmi daraga kirgach, ul zot hamma musulmonlarga bir-biriga yordam berishlari uchun Habashistonga hijrat qilishni buyurdilar. Ularning ba’zilari hijrat qilishdi. Hijrat qilganlarning soni sakson uch erkak va sakkiz ayol atrofida edi.

Payg`ambarlikning o`ninchi yili. Ul zot sollallohu alayhi va sallamninng Toifga chiqishlari

Sahifa bekor bo`lgach, Xadija roziyallohu anho va Abu Tolib vafot etishdi. Vafotlarining orasi uch kun edi. Bundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qavmi ahmoqlarining ozori kuchaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Toifga ul zotga boshpana berishlari, qavmiga qarshi yordam berishlari va ul zotni ulardan himoya qilishlari uchun bordilar. Ularni Alloh azza va jallaga da’vat etdilar. Ular esa ul zotning talablaridan birortasiga ko`nishmadi, ul zotga qavmi ham bergan ortiqroq darajada qattiq ozor berishdi.

Ularning oldidan qaytib, Makkaga Mut’im ibn Adiy ibn Navfal ibn Abdumanof himoyasi ostida kirdilar. Yana Alloh azza va jallaga da’vat qila boshladilar. Tufayl ibn Amr Davsiy Islomga kirdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Allohdan unga bir belgi qilib berishini so`rab duo qildilar, Alloh uning yuzida bir nur paydo qildi. Shunda Tufayl: “Yo Rasululloh, ular: “Bu musla-jazo”,  deyishadimi deb qo`rqaman”  dedi. Uning haqqiga duo qildilar, nur uning qamchisiga o`tdi. U nur sohibi deb tanilgan. Tufayl qavmini Islomga da’vat qildi. Ularning ba’zilari musulmon bo`ldi. Tufayl o`z yurtida yashab turdi. Alloh Rasulullohga Xaybarni fath etganida davslik sakkonta atrofida oila bilan keldi. Ul zot ularga musulmunlar bilan birga o`ljada sherik qildilar.[29]

Payg`ambarlikning o`n birinchi yili. Ansorlarning Islomga kirishi. Birinchi aqaba bay’ati

So`ngra Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o`ninchi sanada Aqobada ansorlardan bir qancha nafari bilan uchrashdilar. Ularning barchasi Xazrajdan edi. Ular: Abu Umoma As’ad ibn Zurora ibn Udas, Avf ibn Horis ibn Rifoa’ ibn Afro, Rofe’ ibn Molik ibn Ajlon, Qutba ibn Omir ibn Hadida, Uqba ibn Omir ibn Nobiy, Jobir ibn Abdulloh ibn Rioblardir. Ularni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Islomga chaqirdilar. Ularga yaxshilikka shoshilib, darhol musulmon bo`lishdi. So`ng Madinaga qaytib Islomga da’vat etishdi. Unda Islom shunday yoyildiki, Islom kirmagan birorta uy qolmadi. So`ngra kelasi yili kelishdi va Aqabaning oldida birinchi bay’atni berishdi. Bu ayollar bay’ati deb ham nomlanadi. Bu voqea urush farz bo`lishidan oldin ro`y berdi.[30]

Payg`ambarlikning o`n ikkinchi yili. Ikkinchi aqaba bay’ati

Musulmonlar u yili Madinadan mushrik qavmlari bilan hoji bo`lib kelishdi. Aqaba kechasi – uning avvalgi uchdan biri kirganida yetmish uch erkak va ikki ayol Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qarab qavmlari va Makka kofirlaridan berkinib asta chiqib ketishdi. Ibn Is’hoq aytadilar: Urush bay’ati ayollari va bolalarini nimadan himoya qilishsa, o`shandan himoya qilish uchun bo`ldi.

Payg`ambarlikning o`n uchinchi yili. Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning hijrat qilishlari

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalari birin-ketin hijrat qilishdi. Ul zot esa Makkada bu ishga buyurilishni kutib turdilar. Ul zot bilan faqat Ali ibn Abu Tolib, Abu Bakr Siddiq va mushriklar tomonidan majburlab ushlanib qolinganlargina qolishdi.

Ibn Is’hoq rohimahulloh aytadi: Abu Bakr Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko`p bora hijrat uchun izn so`rar edilar, Rasululloh esa unga: “Shoshmang, shoyad Alloh sizga hamroh qilsa”  der edilar. Shunda Abu Bakr o`sha ul zot bo`lishlarini orzu qilar edilar.[31]

Abu Bakr Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga hamrohlik qilish uchun to`xtab turdilar va ikki ulovni to`rt oy davomida samar (akas) bargi bilan boqib turdilar.

Oisha roziyallohu anho aytadilar: Bir kuni Abu Bakrning uyida qoq tush payti o`tirganimizda, Abu Bakrga kimdir: “Bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, yuzlarini o`rab olib, hech kelmaydigan soatlarida kelibdilar”  dedi. Abu Bakr: “Ul zotga ota-onam fido bo`lsin, Allohga qasam, bu paytda ul zotni biror (muhim) ish olib kelgan”  dedi. Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam kirib Abu Bakrga: “Oldingizdagilarni tashqariga chiqaring”  dedilar. Abu Bakr: Ular ahlingizku, otam sizga fido bo`lsin yo Rasululloh”  dedi. Ul zot: “Darhaqiqat, menga chiqishga izn berildi”  dedilar. Abu Bakr: “Otam sizga fido bo`lsin, yo Rasululloh, hamrohlikmi?”  dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ha”  dedilar.

Ul zotni mushriklar o`ldirmoqchi bo`lgan tun kirganida, ular Dorun nadvada har bir qabiladan baquvvat, yosh yigit olish uchun yig`ilishgan edi. So`ng ularning har biriga o`tkir qilich berish, keyin esa Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamga qasd qilib ul zotni har bir kishi bir zarbadan berib o`ldirishligi, shunda Banu Abdumanof barchalariga qarshi chiqa olmay qoladi va ul zotning qoni qabilarga tarqalib ketadi deb kelishishgan edi.

Lekin Alloh Rasulini saqladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularning o`rtalaridan chiqib ketdilar. Ul zotni ularning birortasi ko`rmadi. Ularning har birinig boshiga tuproq sepib chiqdilar.

Keyin Abu Bakr roziyallohu anhuning uyiga keldilar. Ikkovligisi Abu Bakrning uyidan orqa eshikdan chiqib ketishdi. Madinaning yo`lini ko`rsatishga usta bo`lgan mohir yo`lboshlovchi Abdulloh ibn Urayqitni yollashgan va unga bu ishni ishonib topshirishgan edi. Holbuki, u o`z qavmining dinida edi. Unga ulovlarini topshirishdi va u bilan uch kundan keyin Savr g`orida uchrashishga kelishib olishdi. G`orda bo`lishgan paytda Alloh ularning xabaridan Qurayshni g`ofil qildi. Ikkovligisining qayerga ketishganini ular bilmay qolishdi.

Omir ibn Fuhayra ular uchun Abu Bakrning qo`ylarini haydab yurardi. Asmo bintu Abu Bakr esa ular uchun g`orga ozuqa keltirardi. Abulloh ibn Abu Bakr esa Makkadagi gap-so`zlarga quloq solar, so`ng ularga o`sha gaplarni yetkazardi.

Ikkovligi Madinaga yetib kelishganida, ularni ko`rgan birinchi odam yahudiy bir kishi bo`ldi. U tomning ustida turgan joyida baland ovoz bilan: “Ey Banu Qayla, bu – siz kutayotgan bobongiz”  dedi. Shunda ansoriylar qurollari bilan chiqib kelishdi. Ul zotni kutib olishdi va ul zotni nubuvvat bilan tabriklashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Quboda Kulsum ibn Hadmnikiga tushdilar. Sa’d ibn Haysamanikiga ham deyiladi. Musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan salomlashgani kelishdi. Ularning ko`pchiligi ul zotni avval ko`rishmagandi. Ularning ba’zilari yoki ko`pchiligi Abu Bakrni sochida oqi ko`p bo`lgani uchun ul zot deb o`ylashdi. Issiq kuchayganda Abu Bakr kiyimi bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga soya qilib turdilar. Shunda odamlar Rasulullloh sollallohu alayhi va sallamni tanishdi.[32]

Ul zotga Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ul zotning omonatlarini egalariga berganidan keyin Quboda yetib oldi. Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam bu yerda Qubo masjidini qurdilar va u masjidni Alloh o`z Kalomida: ﴾Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda tumoqliging haqdir.﴿ [Tavba:108] deb vasflagandir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unda namoz o`qidilar va Madinaga bo`lgan safarlarini ulovlarida davom ettirdilar. Ul zot bilan odamlar Madinadagi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam masjidi oldida to`xtagunlariga qadar yurib kelishdi. U yer Suhayl va Sahl – As’ad ibn Zuroraning qaramog`idagi ikki yetim bolaning xurmo quritadigan joyi edi.  Rasululloh sollallohu alayhi va sallam u yerda ulov cho`kgach: “Manzil mana shu, inshaalloh”  dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haligi ikki bolani chaqirdilar va xurmo quritadigan joyni savdolashdilar. Ular: “Yo`g`-e uni sizga sovg`a qilamiz, yo Rasululloh”  deyishdi. Ul zot esa ulardan uni qabul qilishga ko`nmadilar va ulardan sotib oldilar. So`ng u yerda masjid qurdilar.

Rasululloh Madinadagi yahudiylar bilan ahdlashib, bu haqida bitim yozdirdilar. Ularning rohibi Abdulloh ibn Salom Islomga kirdi. Ularning ommasi esa kofir bo`lishdi.[33]

Ular uchta qabiladan iborat edi: Banu Qaynuqo, Banu Nazir va Banu Qurayza.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam muhojir va ansorlarni birodar tutintirdilar. Ular bu birodarlik tufayli qarindoshlikdan afzal turadigan merosxo`rlik tufayli bir-biridan meros oladigan oladigan bo`lishgan edi. Suhayliy rohimahulloh aytadi: “Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning sahobalar Madinaga tushishgan vaqtda birordar tutintirishining sababi – ulardan Vatandan uzoqlik g`amini ketkazish, ularni oila va qon-u qarindoshlaridan ayriliqlaridan ovutish va bir-birlariga ko`mak berishlari edi. Islom kuchga kirib, ulardan ga’m arigach, Alloh subhanahu va taolo: ﴾Allohning kitobida qarindoshlar bir-birlariga haqliroqdirlar﴿ [Anfol:75] oyatini nozil qildi. So`ng barcha mo`minlarni birodar qilib: ﴾Albatta, mo`minlar birodardirlar﴿ [Hujurot:10] – deb marhamat qildi.[34]

Jihodning farz bo`lishi

Rasululloh ansoriylar himoyasi ostida barqaror bo`lib,ular ul zotga yordam berishni va qizil-u qoradan himoya qilishni zimmaligisiga olishgach, barcha arablar bir yoqadan bosh chiqarib, ularga har tarafdan qarshilik qilishdi. Alloh subhanahu va taolo musulmonlarga jihod uchun Haj surasida ﴾O`zlariga qarshi urush ochganlarga ularga zulm qilingani uchun (urushga) izn berildi.﴿ [Haj:39] oyati bilan izn berdi.

Ular Madinaga keliib, kuch-quvvatga ega bo`lishgach, Alloh ularga jihodni farz qildi. Alloh taolo aytadi: ﴾Sizga yoqmasa ham, jang qilishingiz farz qilndi. Shoyadki yoqtirmagan narsangiz siz uchun yaxshi bo`lsa. Va shoyadki yoqtirgan narsangiz siz uchun yomon bo`lsa. Alloh biladi, siz bilmaysiz.﴿ [Baqara:216].

Hijratning ikkinchi yili. Ramazon oyi. Katta Badr g`azoti

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Shomdan Abu Sufyon Soxr ibn Harb va o`ttiz yoki qirq qurayshlik kishi hamrohligidagi Qurayshga ko`plab mollarni olib ketayotgan karvon kelayotgani xabari yetdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarni yo`lga chiqishga chaqirdilar va ulovi tayyor odamlarni turishga buyurdilar. Unga unchalik ko`p tayyorgarlik ko`rmadilar. Biroq, uch yuz yigirma qanchadir odam bilan chiqdilar. Madinaga va namozga Abdulloh ibn Ummu Maktumni o`rinlariga ta’yinlab ketdilar. Ravhoga yetganlarida Abu Luboba ibn Abdulmunzirni ortiga qaytarib, uni Madinaga noib qildilar. U yerda g`alaba musulmonlar tarafida bo`ldi. Bu urushda mushriklarning boshliqlaridan yetmishtasi o`ldirildi, yetmishtasi asir olindi. Musulmonlardan esa o`n to`rt kishi shahid bo`ldi.

Undan keyin Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam ahdni buzganligi uchun Banu Qaynuqoni Madinadan chiqardilar va surgun qildilar.

***

Hijratning uchinchi yili. Uhud g`azoti[35]

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va Quraysh mushriklari o`rtasida Uhud g`azotining bo`lishiga sabab Badr jangi va unda Makka aslzoda va boshliqlarining o`ldirilishi edi.[36]

Bir yil o`tgach Makka o`z qo`shinini to`pladi. Unda Qurayshdan uch ming askar va ittifoqdoshlar va habashiylar jamlandi. Qo`shin boshliqlari o`zlari bilan ayollarni ham olishga qaror qilishdi, toki bu erkaklari hurmati va sha’ni qo`zg`alishi uchun kuchli turtki bo`lsin.[37]

So`ngra Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam Madinadan mingta sahoba bilan chiqdilar. Yettiz yuzta ham deyiladi. Uhud bilan Madinaning o`rtasidagi Shav’atga yetganlarida Abdulloh ibn Ubay ibn Salul odamlarning uchdan biri bilan qo`shindan ajraldi va: “Ey odamlar, ularga bo`ysunib, menga itoat qilmadingiz, nima uchun bu yerda o`zimizni o`ldirishimiz kerak ekan?”  dedi. U bilan qavmidan nifoq va shubha ahli qaytib ketishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va ul zot bilan birga bo`lganlar yo`lda davom etishdi va Uhudning tog`ga qaragan darada vodiyning bir chekkasida to`xtashdi. Ul zot qo`shinning ort qismini Uhudga qildilar va ellik kishidan iborat kamonchilarga Abdulloh ibn Jubayrni boshliq etib tayinladilar. Ul zot aytdilar: “Otliqlarni bizdan kamon o`qi orqali nari qiling, ortimizdan biz g`alaba qozonsak ham yutqizsak ham kelishmasin. Turgan joyingda sobit bo`l, oldingdagilar bizga kelishmasin” va “Agar bizni qushlar olib ketayotganini ko`rsangiz ham sizga odam yubormagunimgacha joyingizda qo`zg`almang”  dedilar.

To`qnashuv boshlanganida mushriklar mag`lub bo`lishdi, shunda ular (kamonchilar): “O`lja! O`lja!”  deya boshlashdi. Abdulloh ibn Jubayr: “To`xtanglar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sizlarga nima deb ta’yinlaganini bilmadinglarmi?”  dedi. Ular quloq solmay ketishdi. Ularning oldiga borishganda Alloh ishlarni chappasiga ketkazdi. Musulmonlardan yetmishtasi halok bo`ldi.[38]

Ibn Jarir aytadilar: Musulmonlar ortligisidan hujumga uchraganida parokandalikka uchrashdi va mushriklar ularga zarba berdi. Musulmonlarning talofati uch ko`rinishda edi: Birinchi o`ldirilganlar, ikkinchisi jarohatlanganlar, uchinchisi yengilgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning pastki ikkilamchi tishi shikast yedi, labi yorildi, ikki chakkasidan va peshonasining soch chiqqan qismidan jarohatlandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldlarini Abu Dujona bir o`zi to`sib turdi, u ul zotga qarab engashib olgan holida unga o`qlar kelib tegardi, hattoki unga ko`plab o`qlar kelib tegdi.[39]

Tolha roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldida jang qilar edi. Abu Bakr aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga oldlarida va ortlarida jang qilayotgan odamni ko`rdim, ul zotni himoya qilar edi.” Abu Bakr roziyallohu anhu Uhud kunini eslasalar yig`lardilar, so`ng: “O`sha kun, o`sha kunning barchasi Tolhaning kuni bo`lgan edi”  der edilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu urush tugaganidan keyin aytadilar: Tolhani o`sha chuqurlaridan birida olib bordik, qarasak unda yetmish nechta, yoki bundan ko`p yo kam nayza, o`q va qilich zarbining izlari bor edi. Bir barmog`i kesilgan edi. Shunda uning holini yaxshilashga harakat qildik.

Urush nihoyasiga yetdi. Musulmonlardan yetmishtasi halok bo`ldi. Mushriklardan esa yigirma ikkitasi o`ldirildi. O`ttiz yettita ham deyiladi. Alloh bilguvchiroqdir.

Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam Uhuddan qaytgach, hijratning to`rtinchi yilida, Banu Nazirni ikki o`ldirilgan odamning xuni uchun ularning oldiga borganlarida, ul zotni o`ldirmoqchi bo`lishgani uchun Madinadan surgun qildilar.

Hijratning beshinchi yili. Xandaq g`azoti

Quraysh, G`atafon va ular bilan birga bo`lganlardan iborat ahzob-guruhlar Madinani qamal qilgani kelishdi. Yahudiylar ularni musulmonlarga qarshi qo`llab-quvvatlab turishardi. Madinani qamal qilishdi. Musulmonlar uchun bu qattiq sinov bo`ldi. Shunda Alloh ularga bir shamolni yubordi va ular hech narsaga erisholmay qaytishdi. Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam Madina atrofida xandaq-uzun chuqurlik qazdirgan edilar.

Bu jangdan so`ng ul zot Banu Qurayzaga qarab yurish qildilar va ularni xiyonati tufayli qatl etdirdilar.

Hijratning oltinchi yili. Hudaybiya sulhi

Hijratning oltinchi yilida Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam va ul zotning sahobalari birgalikda Makkaga umra uchun oldilariga hady-qurbonlik hayvonlarini solib yo`lga chiqishdi. Quraysh ularning yo`lini to`sdi. Shunda Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam ular bilan bu yili kirmay, kelasi yili Makkaga kirishga kelishib, o`n yilga sulh tuzdilar.

Hijratning yettinchi yili. Xaybar fathi

Nabiy sollallohu alayhi va sallam Xaybarni fath etdilar. O`sha yili ul zotning sahobalari Ja’far ibn Abu Tolib boshchiligida Habashistondan qaytib kelishdi.

Hijratning sakkizzinchi yili. Makka fathi

Alloh bir ishni iroda etsa, uning sabablarini paydo qiladi va u ishga to`sqinlik qiluvchilarni ketkazadi. Ul zot alayhissolatu vassalom arablar Quraysh Islomga kirmagunicha, hech musulmon bo`lib, itoat etishmasligini va Makka bo`yin sunmagunicha boshqa o`lkalar bo`yin sunmasligini bilar edilar. Shuning uchun uni fath etishni orzu qilardilar, lekin ul zotni undan Qurayshga Hudaybiyada bergan ahdnomasi to`sib turardi. Zero, ul zot sollallohu alayhi va sallam ahdiga vafo qiluvchilarning sayyidi edilar.

Ibn Is’hoq rohimahulloh aytadi: Hudaybiya sulhi tuzilganda, Xuzoa qabilasi Nabiy sollallohu alayhi va sallam ahdiga, Bakr qabilasi esa Quraysh ahdiga kirganida Bakr qabilasi bu bitimni g`animat bilib, Xuzoa qabilasidan Banu Asvadni o`ldirish orqali qasos olishni ko`zladi. Navfal ibn Muvoiya Diyliy Bakr qabilasidan o`ziga ergashgan odamlar bilan borib, kechasi Xuzoaga Vatir suvi oldida hujum qildi. Ulardan bir odamni oldirishdi va ularga tajovuz qilib, urush qilishdi. Quraysh esa Banu Bakrga Xuzoaga qarshi qurol yetkazib berdi va ba’zi qurayshliklar bildirmay o`zi ham urushda Bakrga yordam berishdi.[40]

Voqidiy aytadilar: Qurayshdan o`sha kechada Safvon ibn Umayya, Ikrima ibn Abu Jahl, Suhayl ibn Amr va boshqalar qullari bilan Banu Bakrga Xuzoaga qarshi bildirmay yordam berishgan edi.

Banu Bakr va Quraysh Xuzoaga qarshi birgalikda urush qilgach, bu ish ularning va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o`rtasidagi bitimning buzilishiga olib keldi. Amr ibn Solim Xuzoiy bir guruh odamlar bilan borib, Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamdan yordam so`radi. Amr ul zotning huzurlarida to`xtadi. Ul zot masjidda odamlar orasida o`tirgan edilar. Shunda u:

“Robbim, Muhammadni chaqiraman, sizlar

Bizga qarindosh, otasi ittifoqdoshlar.

Bizlar ota edik, siz esa farzandlar,

So`ngra bosh tortmadik, bo’ldik musulmonlar.

Rasululloh, yordam bering Alloh qo`llar,

Mo`minlarni chaqiring, madadga kelar.

Rasululloh ular ichra balqib turar,

To`linoy kabi falakka ko`taririlar.

Agar xiyonat ko’rsa, yuzi o`zgarar,

Qo`shin ichra misoli dengiz ko`pirar.

Quraysh qavmi va’daga xilof qildilar,

Va ta’kidlangan ahdingizni buzdilar.

Kadoda pistirmadan hujum qildilar,

Hech kimni chaqirmaydi deb o`yladilar.

Ularning o’zi xor va oz sonlidirlar,

Bizni tun chog`ida Vatirda bosdilar.

Ruku-sajdadadimiz, bizni o`ldirdilar!”  dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr ibn Solim, sizga yordam beriladi”  dedilar.[41]

Quraysh bundan xabar topgach, o`zlari va Muhammad sollallohu alayhi va sallam o`rtasidagi ahdni mustahkamlash va muddatini uzaytirish uchun Abu Sufyonni yuborishdi. Abu Sufyon Madinaga yetib kelib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga uchrashdi, ul zot uning muddoasiga ko`nmadilar va unga birorta so`z ham javob qaytarmadilar. So`ngra u Abu Bakr, Umar va Alining oldiga bordi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bu haqida gapirishdan bosh tortdilar, aksincha, Umar unga qo`pollik bilan: “Allohga qasam, agar zarrachalik bahona topganimda, sizlar bilan urushgan bo`lar edim”  dedilar. Keyin u Fotima roziyallohu anho bintu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ali roziyallohu anhuning huzurida o`tirganida – Hasan uning oldida yurgan edi – o`gli Hasanga unga odamlar orasida omonlik berishini buyurishini so`radi. Shunda Fotima: “O`g`lim hali bunga yetgani yo`q va hech kim Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qarshi omonlik bermaydi”  dedilar.

So`ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkaga tayyorgarlikni boshladilar va Allohdan Qurayshni bu xabarlardan g`ofil qilishini so`radilar. Ul zotning Robbisi taboraka va taolo ul zotga ijobat etdi.[42]

Ramazondan o`n kun qolganda muhojir, ansoriy va arab qabilalaridan bo`lgan o`n ming jangchi bilan yo`lga chiqdilar.

Ul zot sollallohu alayhi va sallam Madinaga Abu Ruhm Kulsum ibn Husaynni o`rinlariga tayinlab ketdilar.

Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam Makka yo`lidagi Usfon va Amaj o`tasidagi Kudayd deb ataladigan suvga yetgunga qadar ro`za tutdilar. Asrdan keyin odamlar ko`rishi uchun ulovlari ustida og`iz ochdilar va odamlarga og`iz ochishlari uchun ruxsat berdilar. So`ngra yurishda davom etdilar.[43]

Ul zot sollallohu alayhi va sallam Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuni qo`shin oldiga, Xolid ibn Valid roziyallohu anhu o`n tarafiga, Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuni chap tarafiga qo`ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o`zlari qo`shin markazida edilar.

Ul zot Zubayrga bayroqni berib, Kidodan, Makka yuqorisidan kirib, bayroqni Hujunga o`rnatishni buyurdilar. Xolidga Kudaydan, Makkaning quyi tomonidan kirishni buyurdilar. Ularga ularga qarshi urushgan bilan urushishni amr etdilar. Ularga qarshi hech kim chiqmadi, ammo Xolid ibn Validni mushriklardan Ikrima ibn Abu Jahl, Safvon ibn Umayya va boshqa mushriklar qarshi olishdi. Xolid ular bilan jang qilib, ularning yigirma to`rt nafar qurayshligini va to`rt nafar huzaylligini o`ldirdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uzoqdan qilichlar yarqirashini ko`rib, buni yoqtirmadilar. Shunda ul zotga: “Bu Xolid unga qarshi qilich ko`targanlar bilan jang qilyapti”  deyildi. Ul zot: “Allohning qazosi yaxshiroqdir”  dedilar.[44]

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkaga tuyaga mingan, boshlariga dubulg`a kiygan, Robbisi azza va jalla bo`lgan tavozularidan boshlari ulovning bo`yniga tegay deya kirib keldilar.

Ul zot sollallohu alayhi va sallam odamlarga omonlik berib: “Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa omon, kim eshigini berkitib olsa omon, kim Masjidul Haromga kirib olsa omon”  dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o`z qo`shini sarkardalariga Abdulloh ibn Xotal, Abdulloh ibn Sa’d ibn Abu Sarh, Ikrima ibn Abu Jahl, Miqyas ibn Siboba, Huvayris ibn Nuqayz, Ibn Xotalning ikki joriyasi – u ikkisi doim Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamni hajv qilib qo`shiq aytardi va Banu Abdulmuttolibning ba’zilarining mavloti Soradan boshqa hech kimni o`ldirmaslikni buyurdilar. Ularning esa qoni halol qilindi va qayerda topilsa ham, hatto ka’bapo`shga osilib olishgan bo`lishsa ham qatl qilinishga buyurildi.

Abdulloh ibn Xotal ka’bapo`shga osilgan holida topildi va unga qarab Said ibn Haris va Ammor ibn Yosir yugurishdi. Said ikkovining orasida yoshrog`i edi, u Ammordan o`zib ketib, uni qatl etdi.

Miqyas ibn Subobani esa odamlar bozordan topishdi va uni o`ldirishdi. Ikrima ibn Abu Jahl kemaga chiqdi. Shunda ularni qattiq shamol tutdi, kema egalari: “Ixlos qilinglar, sizni bu yerda olihalaringiz qutqarmaydi”  deyishdi. Ikrima: “Allohga qasam, agar meni dengizdan faqat ixlos qutqarsa, quruqlikda ham faqat u qutqarar ekan. Allohim, agar menga shu holatimda najot bersang, senga va’da beramanki, Muhammad sollallohu alayhi va sallamning oldiga borib, qo`limni qo`liga qo`yaman va uni kechiruvchi va rahmdil ekanini topaman”  dedi. So`ngra borib, musulmon bo`ldi.

Abdulloh ibn Sa’d ibn Abu Sarh esa Usmon ibn Affonning huzurida berkinib oldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarni bay’atga chaqirganida uni Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam oldiga olib bordi. Usmon: “Yo Rosululloh, Abdullohning bay’atini qabul qiling”  dedi. Uch marta boshlarini burib oldilar va rad etdilar. Uchinchisidan so`ng bay’atini qabul qildilar. Keyin sahobalariga yuzlanib: “Sizlardan mana bunga turib, uni qo`lini bay’at berishdan qaytarganimda uni o`ldiradigan  birorta zukko odam yo`qmi”  dedilar. Ular: “Siz nimani o`ylganingizni bilmadik-da, yo Rasululloh, bizga ko`zingiz bilan ishora qilsangiz bo`lmasmidi”  deyishdi. Ul zot: “Darhaqiqat, payg`ambar ko`zi bilan xiyonat qilishi mumkin emas”  dedilar.

Ikki joriyadan biri o`ldirildi. Ikkinchisi esa to unga omonlik berilmaguncha berkinib oldi.

Sorani Fath kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o`ldirishni buyurdilar va o`sha kuni qatl etildi. Qolganlarga esa omonlik berildi.

Ul zot sollallohu alayhi va sallam Makkaga tushdilar va Ummu Hone’ning uyida g`usl qildilar. Sakkiz rak’at namoz o`qidilar. Har ikki rak’atda salom berdilar.[45] U zuho namozi edi deyiladi. Fath namozi ham deyiladi.[46]

Ul zot sollallohu alayhi va sallam Baytullohga bordilar va uni tavof qildilar. Sa’y ham, umra ham qilmadilar. Kalitni so`radilar. Baytullohga kirdilar va uni suratlarni olib tashlashni buyurdilar. Baytni suratlardan tozalashdi. Bilol Ka’ba ustida o`sha kuni azon aytdi. So`ngra Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kalitni Usmon ibn Abu Tolha va uning amakisining o`g`li Shayba ibn Abu Usmon ibn Abu Tolhaga qaytarib berdilar. Ularni “sidana”- Ka’ba eshikbonligiga ta’yinladilar. Fath Ramozandan o`n kun qolganda, hijriy sakkizinchi sanada bo`lib o`tdi.

Hijratning sakkizinchi yili. Hunayn g`azoti va Toif qamali

Nabiy sollallohu alayhi va sallam Makka fathidan so`ng Toifga yuzlandilar. Havozin ul zotga qarshi qo`shin to`plagan edi. Shunda Hunayn g`azoti bo`lib o`tdi. So`ngra Toifni yigirma kun qamal qildilar. Keyin undan qaytib ketdilar.

Hijratning to`qqizinchi yili. Tabuk g`azoti

Ul zot sollallohu alayhi va sallam Tabuk – qiyinchilik g`azotiga chiqdilar. Undan so`ng Toif Islomga kirdi. Arablar vakillari har yerdan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bay’at qilish uchun kelishdi.

Hijratning o`ninchi yilida ul zot sollallohu alayhi va sallam yuz ming musulmonlar bilan birga Vido hajjini amalga oshirdilar. O`n birinchi sananing boshida ul zot sollallohu alayhi va sallam vafotlariga sabab bo`lgan kasallik bilan betob bo`ldilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bemor bo`lishi va vafoti.

Hijratning o`n birinchi yili

Payg`ambar alayhissolatu vassalom o`zlariga yuklangan vazifalarini nihoyasiga yetkazib, omonatini ado etgach va Alloh ul zot bilan ummatini hidoyat etgach, Alloh azza va jalla ul zotni Rofiyqul a’loga ixtiyor etdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir safar minbarga o`tirib, aytganlarining orasida ushbu gap ham bor edi: “Alloh bir bandaga dunyo bilan O`z huzuridagi narsa orasida ixtiyor berdi. U banda Allohning huzuridagi narsani ixtiyor qildi”. Shunda Abu Bakr yig`lab: “Ota-onalarimiz sizga fido bo`lsin, yo Rasululloh”  dedilar.[47]

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bemorligi Safar oyining oxirlarida hijriy o`n birinchi sanada Zaynab bintu Jahshning uyida boshlandi. Ul zot ayollarini Maymunaning uyida kasallari zo`raygunicha aylanib chiqar edilar. Shunda ayollaridan Oishaning uyida davolanishga izn so`radilar. Bemorliklari o`n uch ken davom etdi. Oishaning uyiga kirganlarida ul zotning kasalliklari zo`raydi. Ul zot: “Bog`ichi yechilmagan yettita meshda ustimdan suv quyinglar, shoyad, odamlarga vasiyat qilsam”  dedilar.[48] Keyin ul zotning ustlariga suv quydik. Nihoyat, “Yetadi,yetadi” deya boshladilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam boshlarini bog`lab chiqib minbarga borib o`tirdilar. Birinchi bo`lib aytganlari Uhud sohiblariga duo qilishlari bo`ldi, ularning haqqiga ko`p istig`forlar aytib duo qildilar. Usoma roziyallohu anhuni jo`natishni amalga oshirishni amr etdilar. Ansoriylarga yaxshilik qilishni buyurib: “Sizlarga ansorlarni vasiyat qilaman, chunki ular mening ich-u tashimdir. Ular zimmalaridagini o`tab bo`lishdi, endi haqlari qoldi. Yaxshilaridan (yaxshilikni) qabul qiling va yomonlari (yomonligidan) o`tib yuboring”  dedilar.[49]

Ul zot alayhissolatu vassalomning oxirgi vasiyatlaridan: “Namozga,namozga (mahkam bo`linglar) va qo`llaringiz ostida bo`lganlar (haq-huquqlariga rioya qilinglar) deb aytishlari bo`ldi.[50]

Yana: “Yahudiy va nasroniylarni arab jazirasidan chiqaringlar”  dedilar.[51]

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bemorliklari boshlangach, Usoma roziyallohu anhuning qo`shini ul zot alayhissalomning hollari nima bo`lishini kutib turib qolishdi.

Ibn Is’hoq aytadilar: Usoma ibn Zayd Rasululloh sollallohu alayhi va sallam og`irlashib qolganlarida aytadilar: “Men va men bilan odamlar ham Madinaga tushib keldik, shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldlariga kirdim, ul zot sukut ichra gapirmas edilar. Ul zot qo`lini osmonga ko`tarib, so`ng menga qo`ydilar, shunda mening haqimga duo qilayotganlarini bildim.”

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dushanba kuni tush paytida qabz etildilar. U Robiy’ul avvalning o`n ikkinchi kuni ekanligi mashhurdir.[52]

Ul zot alayhissolatu vassalom vafot etganlarida, oltmish uch yoshda edilar.[53]

Toki kecha va kunduz alishib turar ekan, qushlar sayrar ekan va daraxtlar gullar ekan ul zotga Allohning salovatlari va salomi bo`lsin!

Allohga hamd bo`lsin. Nihoyaga yetdi


 Xotima

Allohga hamd bo`lsinkim, bu risola o`z poyoniga yetdi. Bu mo`jazgina risolaga yana bir nazar solib, o`z mulohazalarimiz bilan do`stlashsak.

Ma’lumki, Alloh taolo bandalarini yolg`iz Uning O`ziga ibodat qilishlari uchun yaratgan. Agar bandalar Allohga itoat qilsalar, Allohning fazli bilan jannatga kirishadi va Uning roziligiga erishishadi. Aksincha, isyon qilishsa, ularning oqibati yomon bo`ladi.

Insoniyat qissasi go`zal tarzda, uning yer yuzida xalifa qilinishi, unga barcha narsalarning ismi o`rgatilib, uni mukarram etilishi bilan boshlangan. Uning oxiri ham eng go`zal, eng yaxshi tarzda bo`lak, inshaalloh. Chunki, insoniyat qissasining oxirida, oxirzamon  payg`ambari va oxirzamon ummati chiqdi. Insoniyat yaratiqlarning gultoji bo`lsa, insoniyatning gultoji oxirgi zamon payg`ambari bo`ldi. Uning ummati Yer yuzi uchun chiqarilgan ummatlarning eng yaxshisi – o`rta ummat bo`lishdi.

Bu risolat kimga qachon, qayerga, kimga yuborildi?

Bu risolat insoniyat tanazzulga yuz tutgan, inson degan zot mukarram ekanligi unutilgan, o`z yaratilish hikmatidan yuz o`girgan zamonda yuborildi.

Bu risolat Yer yuzining markazi bo`lgan, uch tomoni dengiz bilan o`ralgan, aksar maydoni cho`l bo`lgan Arab jazirasiga yuborildi.

Bu risolat eng yaxshi nasab ega bo`lgan, arablarning sayyidi bo`lgan Quraysh qavmidan chiqqan, yoshligidan yetim qolgan, avval cho`ponlik, keyin savdogarlik bilan shug`ullangan insonga yuborildi.

U insonning yetim qolishi, bir muddat sahroda yashashi, ko`ksi yorilishi, gunoh-ma’siyatdan saqlanishi, amakisi qo`lida ulg`ayishi, cho`ponlik qilishi, savdogarlik bilan shug`ullanishi, ayollar sayyidasi – Xadija roziyallohu anhoga uylanishi ilohiy tadbir bilan bo`lgan edi.

Insoniyatga eng mukammal din eng yaxshi insonga yuborilganida unga birinchi bo`lib kim iymon keltirdi? Kim ul zotga yupanch berdi, bor mol-mulkini, umrini baxshida etdi? Kim edi u komillikka erishgan to`rt ayoldan biri? Olamlarga rahmat bo`lgan Payg`ambarning joniga doim oro kiradigan HAZRATI AYOL kim edi? Ul zot sollallohu alayhi va sallamga va oli baytlariga doim salavotlar aytamiz. Oli bayt Rasulullohning qaysi ayollaridan davom etdi? Jannat yigitlarining sayyidlari Hasan va Husayn roziyallohu anhu kimning nabirasi edi? Buni bilmoqchi bo`lgan odam Xadija roziyallohu anhoning hayotlarini o`rgansin. Bu risolat erkag-u ayolni hidoyatga boshlash uchun yuborilgani anglamoqchi bo`lgan odam Xadija roziyallohu anho siyratlariga nazar solsin.

Payg`ambarlik risolatini yetkazish avval maxfiy, keyinchalik oshkora tarzda bo`ldi. Nega? Nega darhol hammaga baralla e’lon qilinmadi? Risolat ishida bir narsani o`z vaqti, makoni, odamini hisobga olib yetkazish kerakligini ushbu hikmat orqali anglaymiz.

Nega odamlarning birinchi bo`lib qavmning boylari, sayyidlari, yoshi kattalari emas, aksari yosh, obro`si uncha baland bo`lmagan, kambag`al bo`lgan odamlari iymon keltirishdi? Chunki, boylik, mansab va yosh o`tishi tufayli hosil bo`ladigan o`jarlik iymon keltirishga ko`pincha to`sqinlik qiladi. Qolaversa, agar qavmning kuchli qatlami iymon keltirsa, zaifhollar uchun hech qanday sinov ham qolmaydi. Yana Alloh bilgan boshqa hikmatlarga ko`ra payg`ambarlarga asosan qavmning zaiflari birinchi bo`lib ergashishadi.

Xo`sh, bu zaiflik ularga pand berdimi? Dindan qaytib ketishligiga sabab bo`ldimi? Dunyoda qancha tashkilotlar, birlashmalar, sektalar va hokazolar ulkan mablag`lar evaziga qudratli kuchlar tomonidan tuzilyapti. Ular nima bo`ldi? Igna tekkan pufakdek tarix to`zonlarida yo`q bo`lib ketishdi. Ikki erkak, bir ayol, bir bola, bir ozod qilingan quldan boshlangan ajib qissa esa Fors va Rum kabi zulm imperiyalarini qulashiga, tarix oqimini boshqa tomonga burilib ketishiga sabab bo`ldi. Zaiflik bu dinni yo`q bo`lishiga sabab bo`lmadi. Odamlarning eng zaifi bo`lgan qul, tabaqalarning eng zaifi bo`lgan kambag`al, irqlarning orasida eng ko`p tazyiqlarga uchragan habash, ikki jinsning ojizi bo`lgan SUMAYYA Islomdagi ilk shahid bo`ldi. Unga bu ummatning fir’avni Abu Jahl bas kela olmadi, ruhini sindira olmadi. Natijada, qo`lidan u sahobiyani qatl etish – jismonan yo`q qilishdan boshqa narsa kelmadi. Ayollarni zaifa, ojiza deyiladi. Bu ayol esa butun insoniyatga dars berib ketdi. Uning ketidan esa yan bir zaif – Sumayyanning eri Yosir Abu Ammor jannat xushxabariga yetish uchun shahidlik maqomiga ega bo`ldi.

Bu ummatning Rasuli olamlarga rahmat o`laroq yuborilgan edi. Ul zot sollallohu alayhi va sallam hatto mushriklarning yaxshiligini unutmas, ammo eng ashaddiy dushmanlarini ham kechira olardi. Bu xulqni ul zotga Alloh taoloning O`zi ato etgan edi. Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning sahobalari ham insoniyat tarixida nabiylardan so`ng yaxshi insonlar bo`lishdi. Olamlar uzra tanlab olingan Mustafo alayhissalomning sahobalari roziyallohu anhum ham ul zotning pok sunnatlari, go`zal xulqlarini o`rganish hayotga tatbiq etish uchun olamlar ichra tanlab olingan edilar. Rasulullohning ayollari ham insoniyat silsilisada ayollar ham oltin halqa bo`la olishini ajoyib tarzda namoyish etib ketishdi. Ularga ergashgan ummat ham qolgan ummatlardan hech qanday ortiqligi bo`lmagan, balki umri qisqa, jismi zaif bo`lishiga qaramay, Alloh va Rasuliga itoat qilish bilan oddiy odamlar hidoyat mayog`i bo`la olishini isbotlab berishdi.

Alloh taolo eng mukammal din, eng odil shariat uchun odamlarga farishtani yubormadi, tayyor kitobni tushirib, shuni o`qib olishligisini buyurmadi. Ularni o`z holiga tashlab, aqllari bilan hidoyat yo`lini topishni amr etmadi. Rahmon azza va jalla olamlarga rahmat qilib, eng go`zal xulq – rahmat bilan odamlarni Haqqa chorlovchi  rahmat dini, rahmat shariatini olib keluvchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni yubordi. Ul zot alayhissalomni yetimlig-u faqirlik cho`ktirmadi. Payg`ambar bo`lganlaridan so`ng esa na qon-u qarindoshlar, katta-yu kichikning nohaqdan ozorlari, so`kishlari, hatto ul zotga qo`l ko`tarishgacha borishlari va na ul zotning oila, qon-qarindosh, sahobalarini qiynab, ularga zulm qilib, hatto qatl etishlari Nabiy alayhhissalomni oliy maqsadlaridam qaytarmadi. Ul zot sollallohu alayhi va sallamga Alloh taoloning o`zi yupanch berib turdi. Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamga ergashganlar esa o`z yurtidan, molidan, ota-onasidan, oilasidan va nihoyat jonidan ham ayrilishga to`g`ri kelganida ham tushkunlikka tushishmadi, o`zlarini baxtsiz deb hukm etishmadi. Zero, buncha yo`qotishlar agar baxtsizlik keltirsa, birorta odam bu dinda qolmas edi. Aksincha, bu sinovlar ketidan doim kushoyishlar, kengchiliklar kelar edi. Oqibatda esa oxirat saodati inshaalloh ularni kutib turajak.

Bu din ularni insoniyatni uning yagona tilagi – dunyo va oxirat baxti tomon olib boradi. Bu dinga malomatchilarning malomati, yolg`onchilarning bo`xtoni inshaalloh zarar yetkazmaydi. Bu dinni qabul qilib, uni o`rganib, unga amal qilganlar qalblarga orom olib kiruvchi saodatga erishadilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning birorta g`azotlari bosqinchilik, talon-taroj uchun bo`lmagan. Ul zot alayhissalomning janglari hatto odam o`ldirish uchun bo`lmagan desak inshaalloh adashmagan bo`lamiz. Chunki, u yurishlarning ko`pi jangsiz o`tgan, jang bo`lganlarida esa oz sonli odamlar o`lgan, xolos.

Payg`ambarimiz alayhissolatu vassalom havodan gapirmaganlar. Ul zot sollallohu alayhi va sallamning o`lim oldidagi vasiyatlariga nazar solgan ham buni darrov payqaydi. Bu dunyoda baxtli, farovon hayot kechirib, qiyomatda abadiy saodatga erishamagan degan odam albatta, namoziga va qo`l ostidagilarga rioya qiladi. Dinga xizmat qilganlarni qadrlaydi, ularning yaxshiligini qabul qilib, yomonidan o`tib yuboradi. Dunyoni yaltir-yultirini deb o`zining vijdonini sotmaydi. Balki, o`zining oldidagi hech qanaqasiga undan qocha olmaydigan qismati – o`lim oldidan solih amallar qilishga harakat qilib qoladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam faqatgina RAHMAT qilib yuborilgan bo`lsalar, ul zot kelishlari bilan qaysi rahmatga ters bo`lgan narsalar nihoya topdi?

Avvalambor, johiliyya davri o`z nihoyasiga yetdi. Johillik ilmning ziddidir. Mashhur lug`at kitoblarga murojaat qilgan odam darhol buni bilib oladi. Demak, rahmat bilan johillik-ilmsizlik bir joyda jam bo`lmas ekan. Ibrohim alayhissalomning hanif dinini o`zgartirib, nima qilarini bilmay qolgan johillarga rahmat o`laroq bu din joriy etildi. Har bir narsani bayon qiluvchi Qur’on nozil etildi. Qur’oni Karimni odamlarga yetkazishni Rasululloh alayhissalom ado etdilar va unga amal qilishni bilmaydigan bizga – insonlarga sunnatlari orqali ta’lim berdilar. Ota-onasi, ajdod-bobolarining urf-odatlaridan boshqa narsani bilmaydigan, bilganini bilmaydiganga oladigan mushriklarga CHIROYLI SABR bilan, BOSQICHMA-BOSQICH din nima ekanligini tushuntirib bordilar. Zero, ota-onaning, ajdodlarning qilgan ishi bilan odamlar hidoyat topganida, dunyoda adashgan odamning o`zi bo`lmasdi. Chunki hammaning ota-onasi, ajdodlari bor. Ammo hamma ham to`g`ri yo`ldan yurmaydi, u yo`lni hamma ham anglab yetmaydi.

Rasul alayhissalom yana johiliyat davridagi silayi rahm, nikoh, oila, farzandlarga munosabat, mol-dunyo, sharaf, mansab, irq, jins kabi masalalarda qanday ilmsizlik tufayli yoki bila turib zulm qilish bo`lsa, barchasini isloh etdilar. Kofirlarga “qirilib bitlaring” deya duoyibad ham qilmadilar, “senlar bilan nima ishim bor” deb qo`l siltab ketmadilar ham, balki ul zot sollallohu alayhi va sallam barchaga, har qanday holatda ham, urushda ham, tinchlikda, tanishga ham, begonaga ham, erkakka ham, ayolga ham, oqqa ham, qoraga ham, boyga ham, faqirga ham, bir so`z bilan aytganda OLAMLARGA RAHMAT edilar. Qanday qilib deysizmi, Payg`ambar alayhissalomning siyratlarini o`qing, uqing, o`rganing, bilib olasiz.

Nabiy alayhissalom johiliyat davridagi arablarning kasbi – bosqinchilikka barham berdilar. Ul zot alayhissalomning sunnatlariga amal qilinganida uzoq yurtlardan ojiza ayollar bemalol kelib haj qilib ketishadigan bo`lishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam payg`ambar bo`lib kelganlaridan so`ng, bekorga nohaqdan qon to`kishlar, odamlarning harom oylarni, harom jonlarni halol qilib olishiga barham berganlar. Olamlarga rahmat alayhissalomning birorta janglari besabab bo`lmagan, barchasida musulmonlarning vatani himoyasi, poymol etilgan haqni undirish, dushman xavfini bartaraf etish uchungina, shunda ham oxirgi chora sifatidagina qilich ko`tarilgan. Hozirda ayrim ul zot alayhissalomga ergashganlikni da’vo qilayotganlar esa salafi solihlar davriga qaytishni da’vo qilib, johiliyat davri kabi, balki undan ham battar tarzda harom qonlarni, harom mollarni, harom oylarni halol sanab mudhish jinoyatlarni sodir etishmoqda. Alloh o`zi bilguvchidir.

Darhaqiqat, bu ummat eng katta musibatga uchrab bo`lgan. Bu ummat Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ayrilgan. Ammo, bu degani hammasi tamom, endi bu ummatning kuni qora bo`ldi degani emas. Rasuli vafot etgan bo`lsa ham Alloh tirik va u boqiydir. U insonlarni baxtsiz bo`lishlari uchun ularni yaratgani yo`q. U odamlarga baxtsiz bo`lishlari uchun Qur’onni nozil etgani yo`q. Alloh pokdir, U bandalariga nima bo`layotgani, bandalari nima qilayotganidan g`ofil qolgani yo`q. Alloh bu ummatga eng yaxshi ummat bo`lishini xabar bergan ekan, ularga to qiyomatga qadar to`g`ri yo`lni ko`rsatib turadi. Alloh bergan hidoyat tufayli insonlar baxtga erishadi, taqvodor, dindor bo`ladi. Kimnidir mutaassib, johil, qoloqqa chiqarish bilan yo kimnidir kofir, fosiq, munofiqqa chiqarish bilan odam baxtga erishmaydi, dindor va taqvodor bo`lib qolmaydi. Islom dinini, uning to`g`ri yo`lga yetaklovchi aqidasini, Alloh barcha zamonlarga mos qilib bergan shariatini, havoi nafsga ergashib, o`zini beayb yo aybi juda kam deb bilib, halokatga uchrashdan najot beruvchi Rasululloh alayhissalomning musumonlarga nafsini poklash bo`yicha nabaviy ko`rsatmalarini o`rganish – yagona yo`ldir. Bularni o`rgangan odamning aytgan gapi qalbidan chiqadi, qilgan tilovati halqumidan ko`ngliga qadar yetib boradi, inshaaloh. Shunda u: “Gap faqat ko`ngilda, ko`ngil toza bo`ldi” deb ayta olmaydi. Chunki u biladiki, hech kimning yuragini yorib, ichida nima borligini bilib bo`lmaydi. Faqatgina yerdagi o`simlikni danakni yorib, o`sib chiqqandagina ko`rib bo`lganidek, qalbdagi e’tiqodni amallar bilangina isbotlash mumkin. Bir-ikkita aytayotganiga teskari amal qilayotganlarni ko`rib, burgaga achchiq qilib, butun ko`rpani kuydirish yaramaydi. Unda nima qilish kerak? Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari o`rganish kerak! Chiroyli so`zlar o`z yo`liga, go`zal aforizmlar egasiga siylov! Rasululloh alayhissalomga ergashing, yutqazmaysiz, birov yutqazmagan, yutqamaydi ham! Yorqin jilolar bilan aytilayotgan, eshittirilayotgan, namoyish  etilayotgan, maqtalayotgan sevgi-muhabbatning haqiqiysi shu yerda! O`zimizni faqat dunyoga erisha olmay qolsakkina koyiymiz. O`zimizni, hayotdan maqasadimizni taftish qilishni oz bo`lsa ham amalga oshirib ko`ring, hayotning mohiyati haqida fikrlab ko`ring! Baxtli bo`lishga sizning haqqingiz yo`qmi? Nahot shu pul topish, dunyoga tanilish uchun yozilayotgan kitoblar, olinayotgan kinolar, aytilayotgan qo`shiqlar, qilinayotgan reklamalar bizga baxt bersa!? Nima hamma boy bo`lib, boy yashab, boy qariyotganlar baxtlimi? Kinolardagi, asarlardagi sevishganlar hayotda bormi? Bunga o`sha rejissorlar-u yozuvchilar ham ishonmaydi-ku! Unda nima qilay deysizmi? Ikrima ibn Abu Jahlning nima qilganiga e’tibor bering! Bu ummatning fir’avnining o`gli, xalqining boy, obro`li o`g`loniga dunyo torlik qilib qoldi! Shunda u nima qildi? Ikrima: “Allohga qasam, agar meni dengizdan faqat ixlos qutqarsa, quruqlikda ham faqat u qutqarar ekan. Allohim, agar menga shu holatimda najot bersang, senga va’da beramanki, Muhammad sollallohu alayhi va sallamning oldiga borib, qo`limni qo`liga qo`yaman va uni kechiruvchi va rahmdil ekanini topaman”  dedi. So`ngra borib, musulmon bo`ldi.

Agar osmon uzilib tushib yelkamizga uzilib tushmayotgan bo`lsa, bu bizning hamma qilayotgan ishlarimiz to`g`ri degani emas. Vaqti soati bilan buni o`zimiz ham his etamiz. Faqat tan olishimiz qoladi, xolos. Bir kun rostdan osmonlar parcha-parcha bo`lguniga qadar Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni sevib ulgura qolaylik. O`zi umrimiz qisqa. Ul zot alayhissalomni qanday sevamiz? Faqatgina ul zot alayhissolatu vassalomni tanish, bilish, sunnatlariga ergashish orqali. Bu bilan nimaga erishamiz? Bu dunyoda qanday qilib to`g`ri yashash, haqiqiy boy bo`lish, rizq-ro`zimiz barakali bo`lishi, bizni xafa qilgan narsalarning arishi, ularni deb yugurib yurganimiz – g`am-tashvishlarning yechim topishini bilib olamiz. Eng muhimi, Alloh taoloning muhabbatiga erishamiz. Kishi sevgani bilan birga bo`lishi tufayli, Allohning rahmatiga noil bo`lib, jannatlarning jannati – Firdavsi a’loda inshaalloh Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan birga bo`lamiz.

Asarimiz aslida mustasar edi. Uni cho`zib yuborganimiz uchun ma’zur tutasiz. Qilgan sahv-xatolarimizni Alloh taoloning o`zi kechirsin.

Allohim, bizni, ota-onalarimizni va jamiki mo`minlarni mag`firat et!

Bu ummat zaiflikdan yo`q bo`lib ketgan emas, zaiflarimizga ham kushoyish ber!

Alloh taolodan johillardan bo`lib qolishdan panoh so`raymiz, O`z huzuridan ilm berib, unga amal qiluvchilardan qilishini so`raymiz!

Muhammad Umar

Seshanba, Robiy’us soniyning 5-si, hijriy 1438-yil

3-yanvar, milodiy 2017-yil


Foydalanilgan adabiyolar:

1. Elektron dastur. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Qur’oni Karim ma’nolari tarjimasi” kitobi asosida

2. Oltin silsila. Sahihi Buxoriy. T: Hilolnashr, 2013,2014

3. Imom Buxoriy. A-ljome’ as-sahih. Qomuslar bosh tahririyati. 1992

4. Safiyurrahmon Muborakpuriy. Ar-rahiq al-maxtum. Islom Nuri tarjimasi. Ziyouz.com

5. Abdul Azim Ziyovuddin. Siz payg’ambarni ko’rganmisiz? T: TIU, 2007

6. Abdul Azim Ziyovuddin. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va ahli bayt.T; TIU, 2014

7. Muxtorus sihoh. Bayrut: Dorul kitabul arabiyya, 2008

[1]  Shu nasabga siyrat va nasab ahli ijmo qilishgan. U Adnangachadir. Ismoil va Adnon orasidagi bobolari haqida ixtilof qilishgan, to`qqizta, yettita va o`n beshta deyiladi. Urva ibn Zubayr aytadi: Na Adnon va na Qahtondan uyog`ini taxmin qilmasdan biladigan odamni topmadik. Abul Yatim ibn Urva aytadi: Qurayshning nasabi va she’rini eng yaxshi biladigan Abu Bakr ibn Abu Hasamadan eshitdim: Maadd ibn Adnondan uyog`ini shoirning she’ri bilan yo olimning ilmi bilan biladigan odamni topmadik. Buni Zahabiy “Siyratun nabiyyi sollalohu alayhi va sallam” (1/29) da zikr qilgan. Ibn Javziy aytadi: Adnon Ismoilning avlodidan ekani shubhasizdir.(Almujtabo min mujtani:39) Ibn Kasir aytadi: Bu Adnongacha olib chiqilgan nasabda shubha ham, tortishuv ham yo`q. U tavotur va ijmoga ko`ra sobitdir. “Alfusul fiy siyratir rosul” (47) “Zodul maod” (1/70)

[2]  Bidoya va nihoya (113/1 Hud alayhissalom qissasi), Rofeiy. Arab odobi tarixi (38/1)

[3] 2276- raqam bilan

[4] Mo`jamul buldon (2/109, 3113- raqam) Quvayt fiqh ensiklopediyasi (3/126) Abu Bakr Zayd. Arab jazirasi xususiyatlari (17b) Arrohiq almaxtum (15b)

Kengligi tufayli arab jazirasi deb nomlangan. Chunki dengiz uni faqat uch tarafidan o`rab turadi. Jazira besh qismdan iborat:

Birinchisi: Janubda Yaman, undagi ekinlar, daraxtlar, o`tloqlar va suvlar tufayli Xadro-yashil deb ham ataladi.

Ikkinchisi: Aruz. Bahrayn va Yamomani o`z ichiga oladi. Yaman va Najdni to`sib turgani uchun shunday nomlangan.

Uchinchisi: Qizil dengiz qirg`og`idagi Tuhoma. U Yaman va Hijoz o`rtasidadir. Undan Shomga karvonlar yo`li o`tgan.

To`rtinchisi: Najd va Tuhoma o`rtasidagi Hijoz.

Beshinchisi: Sharqdan Iroq, Shom cho`li shimoldan, Hijoz janubdan va Yamoma janubdan o`rab turgan Najd. Shoirlarni uni zikr etishga undaydigan havosi yaxshi bo`lgan baland joy. Unda Kulayb himoya qilgan Oliyaning yeri bor. Qarang: Butrus Bo`stoniy, Arab adiblari

[5] Buxoriy: 680, Muslim: 419

[6] Siyrati ibn Hishom (1/158) Fusul (52,53)

[7] Zodul Maod (1/76), Fusul (53,54), Bidoya va nihoya (2/643)

[8] Siyrati Ibn Hishom (1/156)

[9] Islomga kirgani haqida ixtilof bor. Abu Nuaym aytadi: Ibn Mandadan boshqa uning musulmonligini tasdiqlaydigan odamni bilayman. (Asadul g`oba 46/7 6791- raqam)

Ibn Hajar rohimahulloh aytadi: “Tobaqotu Ibn Sa’d”ning “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni emizganlar” bobida uni musulmon bo`lmagina ishora bor. Biroq, bu bilan Ibn Mandaning gapi qaytarilmaydi. Ibn Sa’d Barro bintu Abu Tajrodan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni birinchi emizgan odam Suvaybadir. U ul zotni o`gli Masruhning suti bilan Halimaga berilishidan oldin bir necha kun emizgan. Ul zotdan avval Hamza va ul zotdan keyin Abu Salama ibn Abdulasadni emizgan. Ibn Sa’d aytadi: Vodiqiy bir necha ahli imdan xabar beradi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkada ekanliklarida ul zotni emizgan Suvaybaga silayi rahm qilar, Xadija esa uni izzat-ikrom etar edi. Bu paytda u Abu Jahlning qo`l ostida edi. Xadija uni sotishni so`ragan, u esa rad etga edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hijrat qilganida Abu Lahab uni ozod etdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga silayi rahm qilar va unga sarpo berib turar edilar. Nihoyat, hijriy yettinchi sanada ul zot Xaybardan qaytayotganlarida uning vafot etgani haqoda xabar keldi. O`g`li Masruh o`zidan avval vafot etgan edi. Uning o`g`li Masruh Islomga kirgani haqida biror narsaga duch kelmadim. U muhtamildir. Al-isoba (4/257 213-raqam) Tobaqotu Ibn Sa’d (1/87)

[10] Buxoriy: 5101, Q: Bidoya va nihoya (2/254), Zahabiy. Siyratun nabiy sollallohu alayhi va sallam (1/49)

[11] Zahabiy. Siyratun nabiy sollallohu alayhi va sallam (1/54) Q: Bidoya va nihoya (2/259)

[12] Muslim: 976

[13] Zodul maod (1/76) Fusul (56)

[14] Attobaqotul kubro (1/95)

[15] Alfusul fis siyra (93b)

[16] Siyrati Ibn Hishom (1/61), Zodul maod (1/104), Fusul (84)

[17] Mujtabo (41) Al-isoba (4/227) Zodul maod (1/104) Fusul (84)

[18] Danmashqning sharqiy tomonidagi shahar. Undan 164 km uzoqlikda joylashgan.

[19] Zahabiy. Siyratun nabiy sollallohu alayhi va sallam (1/62-63)

[20] Bidoya va nihoya (2/273), Mujtabo (42b), Zahabiy. Siyratun nabiy sollallohu alayhi va sallam (1/63)

[21] Buxoriy: 3

[22] Tobaqotu Ibn Sa’d (1/94)

[23] Fathul boriy (1/37, 3)

[24] Zodul maod (1/78)

[25] Siyrati Ibn Hishom (1/263)

[26] Siyrati Ibn Hishom (1/262)

[27] Fusul (99 b)

[28] Zodul maod (1/97), Bidoya va nihoya (4/64)

[29] Siyrati Ibn Hishom (1/392), Al-isoba (2/225 4254- raqam) Al-istiy’ob (2/311 1213-raqam), Fusul (105)

[30] Siyrati Ibn Hishom (2/431), Fusul (73), Nurul yaqiyn (119)

[31] Buxoriy: 3909. Q: Siyrati Ibn Hishom (2/484)

[32] Buxoriy rivoyat qilgan. Q:Fath (3906, 7/286) Fusul (117)

[33] Fathul boriy (3329, 6/417), Siyrati Ibn HIshom (516/2) Fusul (160)

[34]  Suhayliy. Arravzul unuf (4/178)

[35] Uhud Madinadagi ma’lum tog`. Bu yerdagi boshqa tog`lardan ajralib, alohida turgani uchun shunday nomlangan. U haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bu tog` bizni yaxshi ko`radi va biz ham uni yaxshi ko`ramiz” Arravzul unuf (5/296)

[36] Tarixi Tobariy (2/499)

[37] Siyrati Ibn Hishom (3/64)

[38] Tarixi Tobariy (2/508) Zahabiy. Tarixul islam (173 Almag`oziy)

[39] Tarixi Tobariy (2/514)

[40] Siyrati Ibn Hishom (4/389), Tarixi Tobariy (3/45), Zahabiy. Tarixul islam (521 Almag`oziy), Alkomil fit tarix (3/239)

[41]  Tarixi Tobariy (3/44)

[42] Tarixi Tobariy (3/46) Fusul (174 b)

[43] Siyrati Ibn Hishom (4/400) Fusul (176 b)

[44] Tobaqotu Ibn Sa’d (2/317)

[45] Buxoriy (5808) va Muslim (332) Ummu Hone’dan rivoyat qilishgan

[46] Ibn Qoyyim rohimahulloh aytadi: Ba’zilar buni zuho namozi deb o`ylashgan. Albatta, bu fath namozi edi. Agar Islom amirlari bir qo`r’gon yoki shaharni fath etishsa, fath ketidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ergashgan holda bu namozni ado etishardi. Ummu Hone’ esa bundan avval va keyin uni o`qiganlari ko`rmadim deb aytgan. Alloh bilguvchiroqdir. Zodul maod (3/410)

[47] Buxoriy: 3654, Muslim: 2382

[48] Buxoriy: 198

[49] Buxoriy: 3799

[50] Ahmad: 26657. Alboniy «Irvo”da sahih degan (7/237)

[51] Bazzor “Musnadi”da (1/349) (230) Bayhaqiy “Ma’rifa”da (18583) da rivoyat qilgan. Alboniy “Sahihul jome’”da sahih degan(1/106)

[52] Buxoriy: 680, Muslim: 419, Fusul (220)

Ibn Jarir rohimahulloh aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etgan kun Robiy’ul avval oyyining dushanba kunida ekani borasida xabar ilmi ahli orasida ixtilof yo`q. Ammo ul zot sollallahu alayhi va sallam qaysi dushanbada vafot etgangalari borasida ixtilob qilingan.

[53] Buxoriy (3536) va Muslim (2349) Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilishgan.

Яна бўлимга тегишли...

Фикр билдиринг

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *